“Eng faol yosh aloqachi”, “Eng faol yosh dasturchi” tanlovi g‘oliblari aniqlandi!
03.09.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ra'no To‘rayeva.

Bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan hamda professional tayyorgarlikka ega bo‘lgan yoshlargina sifatli, jadal va innovatsion taraqqiyotning eng muhim sharti va garovi bo‘la olishi, aynan ular mamlakatning buyuk kelajagini ta’minlashi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasida “Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar” deb belgilab qo‘yilgan.

eng_03_09_2014

Bugungi kunda kasaba uyushmalari tomonidan xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish va birinchi galda, yoshlarning bandligini ta’minlash, mehnatni va atrof-muhitni muhofaza qilish, ularga qulay ishlab chiqarish muhitini yaratish, huquqiy, ijtimoiy kafolatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy, intellektual salohiyatini ko‘tarish, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish orqali salomatligini mustahkamlash, yosh xodimlar va ko‘p yillik malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishlarini tashkil etish borasida bir qator tanlov va tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

eng_03_09_2014_1

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar» to‘g‘risidagi Qaroriga asosan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va unga a’zo kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, mazkur Qaror asosida tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida 2014-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi»ning 24-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovi tashkil etildi.

eng_03_09_2014_2

Tanlovdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, yigit-qizlarda Vatanga muhabbat va mamlakatda ro‘y berayotgan voqealarga dahldorlik hissini hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi faolligini oshirishga qaratildi. Shuningdek, tanlov orqali yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, innovatsion g‘oya, loyiha va texnologiyalarini hayotga tatbiq etish, buning natijasida yangi ish o‘rinlarini yaratish, kasbiy mahoratini, bilim darajasini oshirish, kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish hamda o‘zaro tajriba almashish ko‘zda tutildi.

Joriy yilning 24-iyul kuni mazkur tanlovning navbatdagi yo‘nalishlari — «Yilning eng faol yosh aloqachisi» hamda «Yilning eng faol yosh dasturchisi» tanlovining Respublika bosqichi O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi boshchiligida Toshkentdagi «Aloqa tarixi muzeyi»da o‘tkazildi.

eng_03_09_2014_3

Unda mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasi rivojlanishiga munosib hissa qo‘shayotgan hamda ilg‘or innovatsion g‘oyalarga ega bo‘lgan 24 nafar yosh mutaxassislar bellashdilar.

Mazkur tanlovlar shunisi bilan ahamiyatliki, eng quyi bo‘g‘inlardan muvaffaqiyatli o‘tib, tarmoq tizimidagi korxonalar taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ishlanmalar, ilmiy-texnik loyihalar, ixtirolar yaratgan, shuningdek, ilmiy maqolalar, ishlab chiqarish loyihalari va hisobotlar muallifi bo‘lgan yosh mutaxassislarga Respublika bosqichida ishtirok etish imkoni berildi.

eng_03_09_2014_4

Shu o‘rinda tanlovning quyi bosqichlarida ishtirok etgan 61 nafar yosh aloqachi va dasturchilarning amaliyotga joriy etilishi natijasida yuqori samara berayotgan qator ishlarini, ya’ni aloqa xizmatini yanada rivojlantirish, intensiv axborot almashish jarayonida ta’lim sifatini oshirish, onlayn konstruktoriga ega bo‘lgan mediata’lim tizimini loyihalashtirishning amaliy usullaridan foydalanish, yuqori tezlikdagi texnologiyalarni joriy etish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, nanotexnologiyalar vositasida yarimo‘tkazgich materiallarning foydali ish koeffitsiyentini oshirish uchun uchinchi avlod fotoelektrik o‘zgartirgich — avtonom fotoelektr qurilmalarini amaliyotga joriy etish, avtomatlashgan kuzatish va o‘lchash uskunalarini ishlab chiqarish kabi g‘oyalarni ilgari surgan innovatsion ishlanma va dasturlar taqdim etilganligini alohida e’tirof etish joizdir. Masalan, «UNICON.uz» DUK elektromagnit moslashuv tahlil xizmati 1-toifali muhandisi Aziz Ataniyazov hozirgi kunda amalda qo‘llanilayotgan fotoelektrik qurilmalarning quyosh energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasiga aylantirishi jarayonida ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan g‘oyasi bilan tanlovda qatnashdi. U taklif etayotgan konsentratorli fotoelektrik qurilmalar yarimo‘tkazgich materiallar miqdorini yuz martagacha kamaytirib, quyosh elementlarining solishtirma quvvatini konsentratsiya ko‘rsatkichiga mos ravishda oshirish hamda keng polosali simsiz aloqa tizimlaridagi baza stansiyalarini elektr energiyasi bilan ta’minlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, «Audiovizual texnologiyalari» kafedrasi assistenti Saida Beknazarova tomonidan ishlab chiqilgan dastur esa intensiv axborotlar almashish jarayonida ta’lim sifatini oshirish hamda talabalarda mustaqil, tanqidiy, ijodiy fikrlash faoliyatini tashkil etishga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi maxsus dasturiy ta’minot, ya’ni mediakontentlarni loyihalashtirish onlayn konstruktoriga ega bo‘lgan mediata’lim tizimini loyihalashtirishning amaliy usulidan biri hisoblanadi.

eng_03_09_2014_5

Yaratilgan tizim nafaqat har xil sohalar bo‘yicha o‘rganuvchilarda yangi bilimlarga ega bo‘lishni ta’minlaydi, balki ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanish imkonini ham yaratadi. Shuningdek, mediata’lim protali oliy ta’lim tizimida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, mediata’lim elementlaridan foydalanilgan holda ta’lim jarayoni sifatini oshirishga ko‘maklashadi hamda shu yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning, dasturiy ta’minotlarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yosh mutaxassislar taqdim etgan barcha ishlanmalar nufuzli hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, quyidagilar g‘olib deb topildi:

«Yilning eng faol yosh aloqachisi»

  • 1-o‘rin — A. Ataniyazov («UNICON.uz» DUK elektromagnit moslashuv tahlil xizmati 1-toifali muhandisi);
  • 2-o‘rin — M. Alimov («O‘zbektelekom» AK QQR «TTT-6» filialining ishlab chiqarish laboratoriyasi muhandisi);
  • 3-o‘rin — M. Bobonazarov («O‘zbektelekom» AK Namangan filiali AMTS guruhi boshlig‘i).
  • «Yilning eng faol yosh dasturchisi»

  • 1-o‘rin — S. Beknazarova (Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Audiovizual texnologiyalar» kafedrasi assistenti);
  • 2-o‘rin — Sh. Mamadaliyev (TATU Samarqand filiali muhandis-elektronchisi);
  • 3-o‘rin — B. Abdullayev (Abdulla Qodiriy nomidagi Navoiy viloyat AKM bo‘lim mudiri).
  • Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi X. Mirzaxidov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi o‘rinbosari B. Maxmadaliyev, O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A. Ishanxodjayev va boshqalar qatnashib, so‘zga chiqdilar.

    eng_03_09_2014_6

    G‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining diplom va qimmatbaho sovg‘alari hamda homiy tashkilotlarning pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

    Tanlov ishtirokchisi OAJ Qashqadaryo filiali PXX bo‘linmasi operatori Xusniddin Avazov dildagi izhorini quyidagicha ifodaladi: Bugun, Mustaqil yuritimizda aloqa va axborotlashtirish sohasi shunchalar tez rivojlanyaptiki, sohamizning kirib bormagan jabhasi yo‘qdir degan fikrimni barchangiz qo‘llab-quvvatlaysiz. Albatta, soha rivojida bugungi kun yoshlari nimalarga qodir ekanliklarini namoyon etmoqdalar. Ana shu intilish va mehnatni men «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovining tashkil etilganligida ko‘rdim. Tashkil etilgan tanlov men va men kabi qator tengdoshlarim orasidan iqtidorli, iste’dodli yoshlarni aniqlash va ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratdi.

    Men «O‘zbekiston pochtasi» OAJ Qashqadaryo filiali PXX bo‘linmasi operatori lavozimida faoliyat olib boraman. Tanlov e’lon qilinishi bilan yosh mutaxassislar qatorida o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rishga va qiziqishlarimni namoyon etishga ahd qildim. Qilgan sa’y-harakatlarim bejiz emas ekan, tanlovning viloyat saralash bosqichida «Yilning eng faol yosh aloqachisi» yo‘nalishida munosib o‘rin g‘olibi bo‘lib, tarmoq respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim. E’tiborlisi, bugun mustaqil yurtimizda davlatimiz rahbari rahnomoligida yoshlarga katta e’tibor qaratilib, iste’dodli yoshlarning kashfiyotlarini taraqqiyotga jalb etilishi qo‘llab-quvvatlanishi bizlarni yanada o‘z ustimizda ishlashimiz, Vatanimiz ravnaqi uchun qo‘shayotgan hissamizni yanada oshirishga chorlaydi.

    eng_03_09_2014_7

    O‘z hissiyotlari va quvonchini yashira olmagan «Eng yosh faol Dasturchi» — Qoraqalpog‘iston Respublikasi TATU NUKUS filiali magistratura talabasi Bekboso‘n Qalmuratov va «O‘z kasbining mohir egasi»- Toshkent shahar, «Matbuot tarqatuvchi» AK, katta g‘aznachisi — Natalya Kalganova tomonidan aytilgan dil izhorlari qatnashuvchilarning davomiy qarsaklari bilan uyg‘unlashdi. Aynan shu kuni barcha ishtirokchilar Toshkent shahrida bunyod etilgan qator inshootlar bilan tanishdilar. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida jahon talabiga javob bera oladigan, yangi texnologiyalarni o‘z ichiga olgan, turli yo‘nalish va sohalarga oid adabiyotlar, qo‘llanmalar, ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lgan, ilmiy ishlarni yozish, innovatsion dastur va loyihalar ustida ishlash uchun yaratilgan sharoitlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

    Bobokalonimiz Amir Temur muzeyiga uyushtirilgan tashrif ishtirokchilarni yana bir o‘tmishga qaytarib, o‘sha davrlardan o‘zbek xalqining vatanparvar, mard, jasur, to‘g‘riso‘z va ilmga chanqoq bo‘lganligini, o‘zligini asrash, yurti, oilasi sha’ni, tinchligi va farovonligi uchun olg‘a qadam tashlaganligini yod oldirib, bugungi kundagi mustaqilligimiz, yurtimiz ravnaqini ko‘z qorachig‘idek asrash, yangilikka intilish, izlanish, bilimini oshirish kabi fazilatlarini yanada mustahkamladi.

    Tadbir so‘nggida Toshkent teleminorasiga bo‘lgan tashrif esa yosh mutaxassislarimizda o‘z kasblariga bo‘lgan sadoqat va faxr tuyg‘usini uyg‘otib yubordi.

    eng_03_09_2014_8

    Shuni alohida ta’kidlash joizki, tanlov doirasida aniqlangan eng faol yosh mutaxassislar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Vatanimiz Mustaqilligining 23 yilligi oldidan tashkil etiladigan «Yosh mutaxassislar» respublika forumida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda o‘z iqtidorlari va tajribalariga ko‘ra, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan yosh mutaxassislarning innovatsion g‘oyalarini yanada rivojlantirish va hayotga tatbiq etishlariga ko‘maklashish maqsadida ajratilgan maxsus grantlarni qo‘lga kiritish imkoniga ham ega bo‘ldilar. Tadbirda, shuningdek, soha korxona va tashkilotlarida turli vazifalarda faoliyat ko‘rsatayotgan, fidokorona mehnati bilan hamkasblari orasida obro‘-e’tibor qozongan bir guruh aloqa xodimlariga «O‘z kasbining mohir egalari» nominatsiyasida diplom va sovg‘alar topshirildi.

    Orphus system
    O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
    Telegramga qo`shmoq
    WhatsAppga qo`shmoq
    Odnoklassnikiga yubormoq
    VKontakteda bo`lishmoq