Axborot-kutubxona muassasalari o‘rtasida ilmiy-texnik axborotlar almashinuvining dolzarb masalalari
28.08.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

sem_28_08_2014

2014-yil 27-avgust kuni Respublika axborot-kutubxona markazi(RAKM)da axborot-kutubxona markazlari va axborot-resurs markazlaridirektorlari va yetakchi mutaxassislari uchun videokonferensiya (o‘quv seminari) o‘tkazildi.

Axborot texnologiyalarining taraqqiyoti jamiyatda axborot-kutubxona muassasalari salmog‘ining keskin oshishiga, ularning imkoniyatlari kegayishiga olib keldi. Bugungi kunda kutubxonalar ham internet markazi, ham ilmiy-uslubiy markaz, ham masofadan xizmat ko‘rsatish markazi, ham o‘quv majmuasi, ham axborotlarni raqamlashtirish markazi vazifalarini bajarmoqda.

sem_28_08_2014_1

O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2011-yil 23-fevraldagi “2011-2015 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari ko‘rsatishni sifat jihatdan yanada rivojlantirishni chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori respublika axborot-kutubxona muassasasalarini isloh qilishning moliyaviy va strategik mexanizmlarini belgilab olishga imkon yaratdi.

Endilikda aholiga yanada sifatli axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi asosiy vazifalar aniqlab olindi. Xususan, 2011-2015 yillarda respublika axborot-kutubxonalar integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, axborot-kutubxona resurslari elektron fondini tashkil etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, axborot-kutubxona muassasalarini yangi texnikalar bilan ta’minlash, ularning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Oxirgi o‘n yillikda axborot-kutubxona muassasalari bajaradigan vazifalar murakkablashdi, ular ko‘rsatadigan xizmatlar ro‘yxati esa bir necha marta ortdi. Bugungi kunda yolg‘iz axborot-kutubxona muassasasining chegaralangan xizmatlari haqida gapirib bo‘lmaydi, internet va korporativ tarmoqlar, telekommunikatsiyalar rivojlanishi natijasida foydalanuvchilarni axborot bilan ta’minlash imkoniyatlari sezilarli darajada o‘sdi. Yetakchi mamlakatlar tajribalari shuni ko‘rsatmoqdaki, bir soha, bir mamlakat, hatto xalqaro miqyosda o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgandagina eng yuqori samaraga erishish mumkin.

Axborot-kutubxona muassasalarining o‘zaro hamkorligi ular o‘rtasidagi kooperatsiyani amalga oshirishning xilma-xil jihatlarini qamrab oladi. Bular, birinchi navbatda, axborotni uzatishning texnik standartlari hamda dasturiy ta’minot darajasidagi texnologik moslik masalalarini qamrab oladigan texnologik hamkorlikdir. Shuningdek, axborot-kutubxona muassasalari qo‘llaydigan kommunikativ formatlar va boshqa omillar ham axborot hamkorligini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim hisoblanadi.

sem_28_08_2014_2

Respublika axborot-kutubxona markazida o‘tkaziladigan mazkur videokonferensiya o‘zaro hamkorlikning ana shunday dolzarb masalalariga hamda Prezidentimizning sohani isloh qilishga yo‘naltirilgan qator Qaror va Farmonlarining, shuningdek, “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun talablarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan. Seminarni o‘tkazishdan maqsad: Axborot-kutubxona markazlari va axborot-resurs markazlari derektorlari va yetakchi mutaxassislarini axborot hamkorligining ilg‘or texnologiyalari bilan tanishtirish va “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekistan Respublikasi Qonuni ijrosi doirasida axborot hamkorligi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Seminarda sohaning yetakchi mutaxassislari axborot-kutubxona faoliyatiga axborot texnologiyalarini tatbiq qilish bo‘yicha ma’ruza qildilar.

Professor M.Raxmatullayev “Axborot-kutubxona muassasalari hamkorligining xalqaro tendensiyalari” yuzasidan qilgan ma’ruzasida, jumladan, quyidagilarni ta’kidladi: avtomatlashtirilgan va elektron kutubxonalar yaratish bu juda ko‘p mehnat va mablag‘ talab qiladigan jarayon. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi va hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, axborot-kutubxona muassasalari elektron resurslarini o‘z holicha, boshqalardan ajralgan vaziyatda yaratmoqchi bo‘lsa, juda ko‘p resurslarni sarflashiga to‘g‘ri keladi, buning ustiga xodimlar malakasining pastligi va yozuvlarning qaytariqligi oqibatida bajariladigan ishlar darajasi ham yuqori bo‘lmaydi.

Shuning uchun ham respublikamizda avtomatlashtirilgan kutubxona tizimi — ARMAT (Axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi)ni yaratish va takomillashtirish ustida faol ish olib borilmoqda. Mazkur tizim TATU olimlari va dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda faol axborot almashinuvi va umumiy korporativ resurslar yaratish hamda ularga kirishni ta’minlash masalalariga asosiy diqqat qaratilgan. Dastlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining granti bo‘yicha “Toshkent oliy ta’lim muassasalari korporativ axborot-kutubxona tarmog‘i” loyihasiga binoan poytaxt oliy ta’lim muassasalari korporativ axborot-kutubxona tarmog‘ini yaratish rejalashtirilgan edi. Keyinchalik loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandan so‘ng (Vazirlikning 2012-yil 20-iyundagi 250-sonli buyrug‘i) mazkur tizim respublikaning 61ta institut va universitetlariga joriy etilib, yuqori samaraga erishildi. Hozirgi paytda bu tizim respublikadagi yuzdan ortiq kollej va litseylarning axborot-resurs markazlari muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda.

sem_28_08_2014_3

Dotsent U.Karimov ARMAT tizimining yangi texnologik imkoniyatlarini namoyish etdi. Endilikda mazkur tizim kataloglashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni avtomatik ravishda tuzatish, resurslardan foydalanish haqidagi statistik axborotlarni yig‘ish va qayta ishlash, ma’lumotlar bazasidagi matnlarning o‘xshashini topish, virtual elektron kutubxonalar yaraitsh imkoniyatlariga ega. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, xorijda yaratilgan ko‘pgina avtomatlashtirilgan kutubxona tizimlari ham bunday intellektual imkoniyatlari bilan maqtana olmaydi.

Seminar qatnashchilari axborot-kutubxona muassasalarining o‘zaro hamkorligi zarur va quyidagilar uning samaradorligini ta’minlovchi asosiy ko‘rsatgichlar hisoblanadi, deb ta’kidladilar:

  • Elektron kataloglar va to‘liq matnli ma’lumotlar bazalarini yaratish muddatlarini qisqartirish;
  • o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hisobidan elektron resurslarni shakllantirishga sarflanadigan mablag‘larni tejash;
  • ma’lumotlarni shakllantirish, qayta ishlash va uzatish bo‘yicha texnologik vazifalarni hal etish;
  • ygona korporativ portallar orqali axborot resurslariga kirishni soddalashtirishdan iborat.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq