Interaktiv xizmatlar endi mobil aloqa vositalarida
26.08.2014
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: Muzaffar Yusuf Nazarov.

soliq_25_08_2014

Bugungi kunda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan oqilona foydalanishning keng yo‘lga qo‘yilayotganligi iqtisodiyotning izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Tadbirkorlik subyektlari va aholiga tezkor, sifatli interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlovchi «Elektron hukumat» tizimini yaratishga yo‘naltirilgan oqilona siyosat doirasida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq xizmati organlari faoliyatining barcha yo‘nalishlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish bo‘yicha doimiy ishlar amalga oshirilayotganligi, o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.

soliq_25_08_2014_1

Buni sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimni modernizatsiya qilish va avtomatlashtirish, yangi mahalliy dasturiy mahsullar ishlab chiqish, ularni ommalashtirish, soliq to‘lovchilar hamda barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar sifati va turining ortib borayotganligida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Davr talabiga muvofiq, davlat xizmatlarini interaktiv rejimda taqdim etish, ularning turlarini kengaytirish va sifati oshirish, soliq to‘lovchilarga boshqa axborot-maslahat xizmatlari ko‘rsatish soliq organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

soliq_25_08_2014_2

Bugungi kunga kelib, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq to‘lovchilarga 33 turdagi interaktiv xizmatlar taqdim etilmoqda. Ko‘zlangan maqsad tizimda axborot almashinuvi va tarqatilishi tezkorligining o‘sishini, soliq idoralari faoliyatining shaffofligini ta’minlash, eng muhimi soliq ma’murchiligini takomillashtirishda aholining yanada faol qatnashishi uchun qulay sharoitlar yaratib berishdir.

Soliq to‘lovchilarga interaktiv davlat xizmatlarini yangicha ko‘rinishda, Android va Apple iOS operatsion tizimlarida ishlaydigan smartfon va boshqa zamonaviy mobil aloqa vositalari orqali taqdim etish maqsadida «Soliq» mobil ilova ishlab chiqildi.

Mazkur dastur orqali Davlat soliq qo‘mitasining 20ga yaqin turdagi interaktiv va boshqa elektron xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

soliq_25_08_2014_3

U orqali mobil vositalari (smartfon va planshetlar) yordamida istalgan joyda va har qanday vaqtda soliq to‘lovchi o‘zi uchun zarur ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Buni amalga oshirish uchun mazkur vositaga «Soliq» mobil ilovasini o‘rnatish kifoya.

Mobil ilova o‘zbek va rus tillarida ishlab chiqilgan. Kelgusida mazkur ilovaga ingliz tilidagi versiyasini ham qo‘shish nazarda tutilgan.

«Soliq» mobil ilovasi uning egalariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatidagi so‘nggi yangiliklar, shuningdek, soliqlar bilan bog‘liq axborotlarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratib beradi.

Та’kidlab o‘tish kerakki, mazkur mobil ilova foydalanuvchilar uchun har tomonlama qulay va samaralidir. Uni smartfonga o‘rnatib, tegishli soliq qarzdorligi, o‘z soliq inspeksiyasi haqidagi malumotlarga ega bo‘lish, STIRni aniqlash, soliq sohasidagi dolzarb savollar va ularga beriladigan javoblar bilan tanishish, mavzular yuzasidan soliq organlarining rasmiy tushuntirishlari bilan tanishish, imtiyozlar ma’lumotnomasidan foydalanish, soliq organlari qabuliga yozilish, biznesni tashkil etish bo‘yicha maslahatlar olish, tekshirishlar rej-jadvali bilan tanishish, shuningdek, boshqa qator zarur ma’lumotlarni ham olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, foydalanuvchi push-xabarnomalar yordamida «Soliq» mobil ilovasidagi o‘zgarishlar yoki uning yangi versiyalari haqida xabardor etiladi.

«Soliq» mobil ilovasi 2.2 va undan yuqori versiyadagi Android (API 8+) operatsion tizimi, shuningdek, 4.0 va undan yuqori versiyadagi iOS operatsion tizimi boshqaruvidagi vositalarda, ya’ni iPad, iPhone 3GS, iPhone 4(S), iPhone 5 larning barcha versiyalarida ishlaydi.

Mazkur mobil ilova haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy www.soliq.uz saytida «Ilova haqida»gi bo‘limdan olish mumkin. Shu joyda mobil ilovani yuklab olish uchun AppStore va Google Playga havola ham mavjud.

O‘ylaymizki, «Soliq» mobil ilovasi sizning mobil qurilmalaringizda o‘z o‘rnini egallaydi va sizga soliq sohasiga oid zarur ma’lumotlardan xabardor bo‘lishingizda ko‘makchingizga aylanadi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq