Zamonaviy hisob-kitoblar takomillashmoqda
20.08.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Milliy Matbuot markazida Respublika Markaziy banki tomonidan pul muomalasini takomillashtirish va bank plastik kartalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

cbu_20_08_2014

Pul muomalasi pullarning naqd va naqdsiz ko‘rinishdagi harakati bo‘lib, muomala va to‘lov vositasi vazifasini bajaradi, tovar va xizmatlarning aylanmasini o‘z ichiga oladi. Iqtisodiy jarayonlarda naqd pul aylanmasi naqdsiz pul aylanmasiga nisbatan kam bo‘lsa-da, uni tashkil etish, kassa operatsiyalari, chiqarish va tashish anchayin mehnat va vaqtni talab etadi. Bank tizimiga elektron axborot texnologiyalarining kirib kelishi bu yo‘nalishdagi serxarajat ishlarni yangicha tashkil etish, takomillashtirishga sharoit yaratdi. Milliy iqtisodiyotga elektron pullarning joriy etilishi va undan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi makroiqtisodiy barqarorlikni ta‘minlamoqda.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasi pul muomalasida naqdsiz to‘lovlar ulushining ortib borishi iqtisodiyot uchun katta ahamiyatga ega ekanini isbotladi. Binobarin, mamlakatimizda ham naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish hamda banklar tomonidan mijozlarga yangi turdagi sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatish choralari ko‘rib borilmoqda. “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida”gi qonun, davlatimiz rahbari va hukumat tomonidan qabul qilingan qator qarorlar ijrosi bank tizimida innovatsion axborot texnologiyalarini keng ko‘lamda tadbiq etish orqali mamlakatimizda qisqa muddatda milliy to‘lov tizimini shakllantirishga imkoniyat yaratdi. Ayni paytda barcha tijorat banklarini o‘z ichiga olgan plastik kartochkalar bo‘yicha naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshiriladigan Banklararo to‘lov tizimi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, mikroprotsessorli plastik kartochkalar va to‘lov terminallarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Bu tizim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasidagi hamda milliy va xalqaro hisob-kitoblarni aniq vaqtda amalga oshirish, pul-kredit siyosatini samarali yuritish, pul oqimlarini boshqarishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, eng muhimi bank-moliya bozori barqarorligi ta‘minlanmoqda.

Bank plastik kartalari uning foydalanuvchisiga ham, uni muomalaga chiqargan bankka ham qator afzalliklar yaratdi.

Plastik karta egalari undan universal to‘lov vositasi sifatida foydalanib, bugungi kunda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni har qanday masofadan turib va istalgan vaqtda amalga oshirmoqda. Foydalanishga qulay, ishonchli bo‘lgan plastik egalari o‘zi bilan yirik miqdorda naqd pul olib yurishdan xalos bo‘ldilar, vaqtini tejashga erishdilar.

Bank kartochka hisobvarag‘ida turgan pullarga hisoblanadigan foiz ko‘rinishida, soliqqa tortilmaydigan qo‘shimcha daromad olmoqda.

Chakana savdo, pullik xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish korxonalariga esa qog‘oz pullarni sanash, saqlash, tashish kabi kassa xizmati xarajatlarini hamda ularga sarflanadigan vaqtni tejashiga sharoit yaratdi. Shuningdek, korxonalarning hisobvaraqlariga pul mablag‘lari o‘tkazilishi tezkorligi hisobiga savdo aylanmasi o‘sdi.

Hisob-kitoblarning sog‘lom mexanizmi shakllanishi, pul mablag‘lari aylanishini nazorat qilib borish hisobiga pul-kredit tizimini yuritish samaradorligi oshdi va pul massasini boshqarish, muomaladagi naqd pul umumiy massasini maqbul me’yorlarda saqlab turishga olib keldi.

Savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sohasidagi sog‘lom raqobat muhiti birmuncha jonlandi va pirvardida soliq to‘lovlari hajmi ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 12,4 mln donadan ortiq plastik karta muomalaga chiqarilgan. Savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga 149 mingdan oshiq to‘lov terminallari o‘rnatilgan. Plastik kartalar vositasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami va infrastrukturasining kengayishi tranzaktsiyalar hajmida ham aks etmoqda. Joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida bank kartalari vositasida amalga oshirilgan tranzaktsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foiz ko‘p bo‘ldi.

Banklar amaliyotiga zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi yangi aloqa vositalari – Internet va mobil telefondan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Hozirgi paytda 57,5 mingdan ortiq mijoz internet-banking, salkam 363 ming mijoz mobil-banking xizmatidan foydalanmoqda. Zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar safining o‘sishi yangi bank mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirib borishni taqozo etmoqda.

Banklar har qanday zamonaviy kompyuter va telefonlarga o‘rnatilgan html va wap-brauzerlar orqali mijozlarga to‘la xizmatlar paketini taqdim etmoqda. Ular kechayu kunduz o‘z hisobraqamlarini kuzatib borish imkoniyatiga egalar.

Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Markaziy bank tomonidan respublikada elektron tijoratni yanada rivojlantirish va rag‘batlantirishni ko‘zda tutuvchi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.

Ma’lumki, bugungi kunda jahonning yirik savdo kompaniyalari an’anaviy savdo usullaridan foydalanish bilan birga elektron tijoratdan ham keng foydalanmoqdalar. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda dunyo aholisining 10 foizi xaridlarni internet tarmog‘i orqali amalga oshirmoqda va bu raqam kundan kunga o‘sib bormoqda. Ushbu hujjat tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda qo‘shimcha sharoitlar, shu jumladan xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infrastrukturasi yaratilishini ta’minlaydi.

Yangi qonun, shubhasiz, tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘lovlar aylanmasi – pul aylanmasini tezlashtirish va uning muomalasini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, bank hisobvaraqlarini masofadan boshqarish infrastrukturasini yanada yaxshilash borasida tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yib borish pul muomalasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq