InfoCom-2014 axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi 22-26 sentyabr kunlari tashkil etiladi
20.08.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

InfoCom-2014 AKT haftaligi – O‘zbekistondagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining eng muhim voqeasidir. Joriy yilda Haftalikni 22-26 sentyabr kunlari tashkil etish rejalashtirilgan. InfoCom-2014 doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda 20 dan ziyod mamlakatdan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi ishlab chiqaruvchilari, kompaniya va ekspertlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

«BESTSOFT UZBEKISTAN 2014» DASTURChILAR FORUMI VA DASTURIY MAHSULOTLAR KO‘RGAZMASI

“BESTSOFT UZBEKISTAN 2014” – dasturiy mahsulotlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan tadbir. Mana, sakkiz yildirki forum va ko‘rgazma keng jamoatchilik va axborot texnologiyalari mutaxassislarini O‘zbekiston dasturiy ta’minot mahsulotlari sanoati yangiliklari va imkoniyatlari bilan tanishtirib kelmoqda.

Tadbir mobaynida bo‘lib o‘tadigan dasturchilar forumi elektron ishlanmalar va dasturiy ta’minot mahsulotlarini joriy qilish sohasida yetakchi dasturchi va dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarni o‘z atrofida birlashtiradi.

Forum dasturiga muvofiq dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari muayyan yo‘nalishlar, xususan “Dasturiy ta’minot ishlab chiqish sanoatida biznes va tadbirkorlik”, “Biznes jarayonlari samaradorligini oshirishda dasturiy ta’minotdan foydalanish”, “Kommunikatsiya boshqaruv tizimlarida dasturiy ta’minot”, “Veb-dasturlash: muvaffaqiyatli loyihalar tajribasi” kabi mavzularda taqdimot va muhokamalarda ishtirok etadilar.

Shuningdek Forum mobaynida dasturiy ta’minot mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil qilinadi. Ko‘rgazmada yurtimiz dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilari imtiyozli ravishda bepul ishtirok etishlari mumkin. Joriy yilda ko‘rgazmada 40 dan ortiq kompaniyalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishlari kutilmoqda. Ko‘rgazma 450 kv. m. maydonni qamrab olishi ko‘zda tutilgan. “Ishlanmalarni tayyorlash vositalari”, “Loyihalarni amalga oshirish”, “Ta’lim”, “Axborot xavfsizligi”, “Multimedia va dizayn” mavzulari ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
“BESTSOFT UZBEKISTAN 2014” 22 sentyabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tadi.

UZ MILLIY DOMENI 2014 INTERNET-FESTIVALI

UZ Milliy domeni 2014 internet festivali joriy yilning 15 iyul kuni e’lon qilingan edi. Festival 2007 yildan boshlab internet tarmog‘ining milliy kontentini rivojlantirish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.

Festivalning bosh maqsadi – milliy tarmoqda jamiyatning barcha sohalarida foydali elektron resurslarni ko‘paytirish aholi o‘rtasida ommalashtirish, internet tarmog‘ida o‘zbek tilidan yanada kengroq foydalanilishini qo‘llab-quvvatlash.
Festival g‘oliblari 10 ta mavzuli va 2 ta maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha saralab olinadi.

Joriy yilda Milliy internet festivali doirasida milliy dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarining eng yaxshi mobil ilovalarini aniqlashga bag‘ishlangan tanlov o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Shuningdek, bu yilgi festivalda ijtimoiy tarmoqlardagi eng yaxshi guruhlar sahifalari rag‘batlantiriladi.

Festival 15 iyuldan 22 sentyabrgacha davom etadi. Festival natijalari va g‘oliblarni taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir 22 sentyabr kuni “Yoshlar ijod saroyi”da tashkil etiladi.

AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYaLARI BO‘YIChA SAMMIT — AKT SAMMIT-2014

Sammitda AKTni rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur bo‘yicha erishilgan yutuqlar hamda muammolarga bag‘ishlangan maruzalar tinglanib, mamlakatimizda turmush tarzining barcha jabhalarida AKT infratuzilmasini rivojlantirish, elektron hukumatni joriy etish, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlashda, innovatsion loyihalarni sohada tatbiq etishda qo‘lga kiritilgan tajribalar va boshqa bir qator sohaga oid dolzarb mavzular o‘zaro muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston axborot texnologiyalari korxonalari va tashkilotlari uyushmasi hamda ICTNEWS nashri AKT SAMMIT-2014 tadbirining tashkilotchilari hisoblanishadi.

Sammit axborot texnologiyalari mutaxassislariga, davlat organlar va xalqaro tashkilotlarga, shuningdek, xususiy sektorga AKT bozorini tahlil qilish, mazkur sohadagi yangi imkoniyatlar bilan tanishish, ishonchli hamkor hamkor topish, mamlakatda AKTni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha investitsion manbaalarni jalb qilish imkonini beradi.

2002 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Sammitda ilk yillarda 200 nafar delegat ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda tadbirda ishtirok etuvchi mutaxassis va ekspertlar soni 500 nafarga yetdi.

Sammitda quyidagi uchta muhim yo‘nalishlarda tashkil etiladi: “Davlat sektorida AKTdan foydalanish”, “Tadbirkorlikda AKTdan foydalanish”, “Internet va axborot resurslari”. Sammit yakunida mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar va Sammit qarori qabul qilinadi.

AKT SAMMIT-2014 23 sentyabr kuni Xalqaro hamkorlik markazida tashkil etiladi.

YOShLAR O‘RTASIDA O‘TKAZILADIGAN MIT.UZ MILLIY INTERNET TANLOVI G‘OLIBLARINI TAQDIRLASh MAROSIMI
23 sentyabr kuni “Turkiston” saroyida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan MIT.UZ milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Tanlov o‘z oldiga zamonaviy va foydali elektron resurslarni yanada ko‘paytirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilib qo‘ygan.

Joriy yilda tanlov 10 ta asosiy hamda 4 ta qo‘shimcha yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil qilinmoqda. Unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Tanlovga taqdim etilgan ishlar nafaqat hakamlar, balki internet foydalanuvchilari tomonidan ham baholanadi.

ICTEXPO-2014 AXBOROT TEXNOLOGIYALARI XALQARO KO‘RGAZMASI
InfoSom-2014 AKThaftaligi doirasida 24-26 sentyabr kunlari Toshkent, Urganch va Guliston shaharlarida bir vaqtning o‘zida an’anaviy ICTExpo 2014 milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazmani bir vaqtning o‘zida ikki shaharda o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad AKTdan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy darajaning jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatishdan iborat.

Ko‘rgazmalar o‘rtasida o‘rnatilgan videoko‘prik tadbirga tashrif buyuruvchilarga real vaqt rejimida bir yo‘la ikki ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan texnologiyalar bilan tanishish imkonini beradi.

ICTExpo 2014 ko‘rgazmasida O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, zamonaviy texnologiya va ishlanmalar namoyish etiladi. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, kompyuter texnikasini yig‘uvchi korxonalar, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar, IT-kompaniyalar dillerlari, provayderlar, telekommunikatsiya uskunalarini yetkazib beruvchilar, vazirliklar, idoralar, bank va boshqa muassasalar vakillari o‘zlarining qiziqarli stendlarini tashkil etadilar.

“Elektron hukumat” tizimiga doir texnologiyalar stendi ko‘rgazmadan o‘rin olishi kutilayotgan muhim yo‘nalishlardan biridir. Mazkur yo‘nalish bo‘iycha ishtirok etayotgan muassasalar elektron hukumatni joriy qilishda qo‘llanilayotgan istiqbolli loyihalarini namoyish etadilar.

Ko‘rgazma yagona davlat ma’lumotlar bazasini yaratish, davlat organlariga aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishda samarali usullardan boxabar bo‘lish imkoniyatini beradi.

Davlat boshqaruvi organlari ko‘rgazma mobaynida elektron hukumat tizimini joriy qilish bo‘yicha aniq takliflar bilan tanishish, rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishda zarur bilim va malaka olishga, hamkorlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bir qator xilma-xil loyihalarni, seminar va davra suhbatlarini, shu bilan birgalikda, turli aksiya va tanlovlarni o‘z ichiga olganligi bilan ham ko‘rgazma dasturi keng qamrovlidir.

3 kun davom etadigan ko‘rgazmaga 35 ming nafar kishining kelishi kutilmoqda. ICTExpo 2014 ko‘rgazmasi AKT sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va mustahkam tijorat aloqalarini bog‘lashda yangi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘rgazma nihoyasida tashkiliy qo‘mita tomonidan stend va bo‘limlari eng yaxshi deb topilgan g‘oliblar mukofotlanadi.

O‘ZBEKISTONDA INTERNET PROVAYDING VA MILLIY KONTENTNING RIVOJIGA BAG‘IShLANGAN DAVRA SUHBATI
24 sentyabr kuni soat 15:00 da “Ko‘rgazmasavdomarkazi” kompleksida yurtimizda internet provayding va milliy kontentning rivojiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi va “O‘zbektelekom” AK rahbariyati, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan internet provayderlar ishtirokida o‘tuvchi tadbirda Uznet rivoji, aholiga sifatli internet xizmatlarini ko‘rsatish, jahon internet tizimiga ulanish yuzasidan dolzarb masalalar muhokama qilinadi.

“ELEKTRON HUKUMAT” HUKUMAT PLATFORMASIDA AXBOROT VOSITALARI RIVOJLANIShINI QONUNIY TARTIBGA SOLISh” MAVZUIDAGI XALQARO SEMINAR

26 sentyabr kuni “Poytaxt” biznes-markazida “Elektron hukumat” hukumat platformasida axborot vositalari rivojlanishini qonuniy tartibga solish” mavzuidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tadbir tashkilotchilari hisoblanishadi.

Seminarda ijtimoiy munosabatlarda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan muassasalar faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish, hukumatimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tizimidagi munosabatlarni tartibga soluvchi mustahkam huquqiy asos, axborotlashtirish manbaalaridan foydalangan holda siyosiy boshqaruvda samaradorlikka erishish, “elektron hukumat” tizimining joriy qilinishi masalalari ko‘riladi.

Seminar yakunida ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari, “elektron hukumat” tizimini joriy qilish doirasida ishlab chiqilayotgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari kompleksi infratuzilmasi va integratsiyasiga qo‘yiladigan talablarga doir takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.

UZBEKISTAN CYBERGAMES 2014 KOMPYUTER O‘YINLARI BO‘YIChA O‘ZBEKISTON MILLIY CHEMPIONATI G‘OLIBLARINI TAQDIRLASH MAROSIMI
Milliy chempionatning yakuniy bosqichi 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Mazkur final g‘oliblari WCG 2014 jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Uzbekistan CyberGames 2014 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy chempionatiga joriy yilning 17 avgust kuni start berilgan edi. Chempionatning hududiy saralash bosqichlari joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Buxoro, Samarqand, Farg‘ona hamda Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tadi.

10 yildan buyon tashkil qilib kelinayotgan Uzbekistan CyberGames chempionati g‘olibalri bugungi kunga qadar AQSh, Singapur, Italiya, Germaniya va Xitoyda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilishgan.

O‘tgan yil Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan AIMAG 2013 IV Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi oltin va kumush medal bilan umumjamoalar o‘rtasida 2-o‘rinni egalladi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq