Buxoro viloyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari salohiyati yuksaltirilmoqda
30.07.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Jamshid Xudayarov.

bux_30_07_2014

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal taraqqiy etib borishi bilan barchamiz uchun zarur bo‘lgan vaqt va mablag‘ni tejaydigan zamonaviy, yangi, yanada qulay imkoniyatlar taqdim etilayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Jamiyatning barcha sohalari, davlat boshqaruvida, taraqqiyotning zamonaviy bosqichlarida ushbu axborot-kommunikatsiya texnologiyalari(AKT)ning roli va ahamiyati tobora ortib borayotgani buning yorqin tasdig‘idir.

Buxoro viloyatida istiqlolning ilk yillaridayoq axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini har tomonlama ravnaq toptirish, uning huquqiy-tashkiliy hamda moddiy-texnik bazasini izchil takomillashtirishga alohida e’tibor qaratib kelinyapti. Ana shu tarixiy tamoyil asosida ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari salohiyati, yutuqlari, innovatsiyalari yurtimiz rivoji, xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish, dunyoqarashlarini kengaytirish, mamlakatimiz nufuzini jahonga yoyishga yo‘naltirilayotganini barchamiz his qilmoqdamiz.

Bu boradagi yaratib berilayotgan munosib shart-sharoitlar, imkoniyatlar bilan tarixan qisqa vaqt mobaynida respublikamiz o‘zining mustahkam axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi, jabhada malakali kadrlar tayyorlash tizimiga ega bo‘ldi. Aholi hamda tabdirkorlik subyektlariga ko‘rsatayotgan interaktiv xizmatlari sifatini oshirish va ularni interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali orqali taqdim etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali orqali 13ta interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.

«Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha Buxoro viloyatida o‘tkazilgan huquqiy eksperiment doirasida 56ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining Internet tarmog‘ida rasmiy veb-saytlari hamda 32ta subyektlarning yuqori tashkilotlari veb-saytlarida alohida sahifalar yaratildi. Viloyat hokimligining www.buxoro.uz rasmiy veb-sayti orqali 30ta (12ta bazaviy va 18ta qo‘shimcha) interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Veb-sayt imkoniyatlari, unda berilayotgan ma’lumotlar, yoritilayotgan mavzular, yangilik va e’lonlar va ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida mahalliy telekanallar orqali roliklar tayyorlanib efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yildi.

bux_30_07_2014_1

2013-yil 1-iyuldan ishga tushirilgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Buxoro viloyati hokimligi tomonidan 13ta interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, mazkur portal orqali fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, ko‘rib chiqish va murojaatga javob qaytarish imkoniyatlari yaratilgan bo‘lib, viloyat, shahar va tuman hokimliklariga aholi va tadbirkorlik subyektlaridan jami 128ta elektron murojaatlari kelib tushgan. Ushbu murojaatlardan 111tasi ko‘rib chiqilgan, 6ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida, 11ta murojaat egasi tomonidan bekor qilingan. Viloyat hokimligi rahbarlari qabuliga yozilish jarayonini yanada soddalashtirish maqsadida yagona interaktiv davlat xizmati portali orqali aholiga «Davlat organi rahbarlari qabuliga yozilish» interaktiv davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

bux_30_07_2014_2

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-noyabdagi 312-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda tadbirkorlik subyektlarini internet tarmog‘i orqali davlat ro‘yxatiga olish uchun on-layn tarzda arizalarni qabul qilishni yo‘lga qo‘yish maqsadida shahar va tuman hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish inspektsiyalari tomonidan yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 6ta interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilib kelinmoqda. Viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar manzilli dasturiga asosan 2014-yilning o‘tgan davrida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

1. Viloyatdagi jami 88ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda «Davomat» monitoring tizimi joriy etildi hamda ushbu tizimga barcha tegishli tashkilotlar ulandi. Tizimni joriy etish natijasida kasb-hunar kollejlari va akademik litsey talabalarining davomatini onlayn rejimda nazorat va monitoring qilish imkoniyati yaratildi.
2. «Billing-2» gaz ta’minoti korxonalari billing tizimi «G‘arbgazta’minot» unitar korxonasi va uning viloyatdagi barcha shahar va tuman filiallarida joriy etilgan bo‘lib, mazkur tizimdan hozirda sinov tariqasida foydalanil-moqda.
3. Geolokatsiya tizimi «G‘arbgazta’minot» unitar korxonasi va uning viloyatdagi barcha shahar va tuman filiallarida joriy etildi.

Viloyatda soliq hisobotlarini elektron shaklda topshirish ulushi 100 foizni (14,146 ming subyekt), statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirish ulushi 94,3 foizni (11,182 ming subyekt) tashkil etmoqda. Joriy yil oxiriga qadar statistika hisobotlarini elektron shaklda topshirish ulushini 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buxoro viloyati kompyuterlashtirish markazi tomonidan viloyat, shahar va tuman hokimliklarida, shuningdek, bir qator viloyatdagi yirik korxona va tashkilotlarda «E-Xat» himoyalangan elektron pochta xizmati, «KBAT» elektron hujjat aylanishi tizimi, «Kadrlar banki 5» axborot tizimi, «G‘alla yig‘im-terimi monitoringi» axborot tizimi, «Fermer» axborot tizimi, «Paxta yig‘im-terimi monitoringi» axborot tizimi, «SMS informator» axborot tizimlari joriy etildi.

bux_30_07_2014_3

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-iyuldagi «ZiyoNET» ta’lim axborot tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 198-sonli qaroriga muvofiq 8ta akademik litsey (100%), 80ta (100%) kasb-hunar kollejlariga va 533ta (100%) o‘rta umumta’lim maktablari «ZiyoNET» ta’lim axborot tarmog‘iga ulandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 27-dekabrdagi PQ-1668-sonli Qaroriga muvofiq Buxoro shahrida 29,8 km masofada optik tolali kabellar yotqizilib, jami 11 ming portli 14ta MSAN qurilmalari va dasturiy kommutatori o‘rnatildi. Natijada mijozlarga telefon, Internet, IPTV va videotelefon xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Bugungi kunda viloyatda interaktiv televideniye (IPTV) xizmatlaridan 600 nafar (Buxoro shahrida — 224 nafar, tumanlarda — 376 nafar) abonentlar foydalanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 20-yanvardagi «Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1041-sonli Qarori asosida Buxoro shahrida FTTB (optik tolali aloqa liniyalarini qurish) texnologiyasi asosida 10,47 km masofada optik tolali kabel yotqizilib, 33ta ko‘p qavatli uylarga keng polosali xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur texnologiya asosida bugungi kunda Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar soni 160tani tashkil etmoqda. «O‘zmobayl» filialining CDMA-450 standartidagi EV-DO texnologiyasi asosida 8ta yangi baza stansiyalari o‘rnatilib, 13ta baza stansiyasi EV-DO texnologiyasi asosida modernizatsiya qilindi. Shuningdek, 60 ming portli kommutator o‘rnatildi. Buning natijasida viloyatning barcha hududlarida simsiz aloqa va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatlari 100 foizga yetkazildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq