Boshqaruv organlarida AKT joriy etilishi va rivojlantirishi holatini o‘rganishni amalga oshirish tartibi
29.07.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

ggis_29_07_2014

Globallashuv asrida birorta soha faoliyatini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmasligini allaqachon anglab yetmoqdamiz. Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiyalash va isloh etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) ahamiyati beqiyosdir. So‘nggi yillarda Respublikamizda Davlatimiz rahbari va Hukumati tomonidan davlat boshqaruviga hamda aholining ijtimoiy hayotiga AKTning keng va faol joriy etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Davlatimiz rahbari va Hukumati tomonidan Respublikamizda AKT’ning joriy etilishida qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlari katta ahamiyat kasb etadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2014-yil 23-apreldagi «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini o‘rganishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi» 102-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning qabul qilinishi Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan, faoliyatiga zamonaviy AKT’ning joriy etilishi va rivojlantirilishiga doir masalalarga mas’ullik hissini oshirishga, taqdim etiladigan axborotlarning sifati va ishonchliligini muntazam o‘rganishni ta’minlashga shu orqali axborot texnologiyalaridan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirishda keng foydalanishga qaratilganligini e’tirof etish joiz.

Xususan, Nizomda belgilab berilgan vazifalar doirasida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (Inspeksiya) tomonidan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatida AKT’ni joriy etish va rivojlantirish holati yuzasidan o‘tkaziladigan o‘rganishlarning samaradorligini oshirish hamda tizimli nazoratini olib borishni yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy ishlar yo‘lga qo‘yilib, maqsadli yo‘nalishlar belgilab olindi.

Jumladan:

    • davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida AKT’ni samarali joriy etish va rivojlantirishning joriy holatini tahlil qilish va bunga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash;
    • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida joriy etish samaradorligini baholash uchun taqdim etiladigan axborotlarning sifati va ishonchliligini muntazam o‘rganishni ta’minlash;
    • axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida joriy etish va rivojlantirishning holatini o‘rganishlarning sifatli o‘tkazilishini hamda ularning natijlarini xolisona baholash;
    • NIS.UZ tizimiga davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etiladigan axborotning sifati va ishonchliligini aniqlash;
    • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda AKT’ni joriy etish va rivojlantirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda ko‘maklashish;
    • amalga oshirilayotgan loyihalar va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradoriligini baholashni hisobga olgan holda, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida AKT’ni joriy etish va rivojlantirishni davom ettirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash va shu kabilar.

Shuningdek, ushbu qaror asosida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida o‘rganishlarni tashkil etish va uni o‘tkazish tartibiga keladigan bo‘lsak, o‘rganishlar Inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda Qo‘mitaning tasdiqlangan jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. O‘z o‘rnida o‘rganishlarni o‘tkazish reja jadvalni ishlab chiqish va shakllantirishda quyidagi:

    • AKT’ni NIS.UZ tizimi orqali davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida joriy etish va rivojlantirish samaradorligini har chorakda o‘tkaziladigan baholash natijalari;
    • Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi va Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi takliflari;
    • ilgari o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar rejalarining davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajaralishi monitoringi natijalari;
    • huquqni himoya qilish organlari va sudlarning, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining talablari va takliflariga muvofiq omillar asos bo‘la oladi.

O‘tkaziladigan o‘rganishlarga mutaxassislar va ekspertlar jalb etiladi. Bunda nafaqat soha tashkilotlaridan, balki boshqa soha tashkilotlaridan ham mutaxassislar va ekspertlar jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Masalan, biror-bir tijorat bankining AKT faoliyatini o‘rganish uchun Markaziy bank yoki boshqa banklarning AKT bo‘yicha muta-xassislari jalb etib boriladi.

Sir emaski, hozirgi kunda ayrim davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan faoliyatlariga AKT’ning joriy etilganik holatlari bo‘yicha NIS.UZ tizimiga taqdim etilayotgan ma’lumotlarda kamchiliklarga va noaniqliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Shu sababdan, o‘rganishni o‘tkazish davrida NIS.UZ tizimiga taqdim etilgan axborotlarning ishonchsizligi aniqlangan taqdirda Ispeksiyaning mansabdor shaxslari tomonidan AKT’ni joriy etish va rivojlantirish joriy holatining NIS.UZ tizimiga taqdim etilgan axborotga nomuvofiqligi to‘g‘risida uch nusxada dalolatnoma tuzilib, Davlat organlari tomonidan dalolatnoma olingan vaqtdan boshlab uch kun muddatda NIS.UZ tizimidagi nomuvofiqlik bartaraf etilishi hamda bu haqda Davlat aloqa qo‘mitasini xabardor qilishi shart bo‘ladi. O‘rganish natijalari ma’lumotnoma bilan rasmiylashtiriladi. Inspeksiya o‘rganish tugagandan keyin 5 ish kunida Davlat aloqa qo‘mitasiga tegishli xulosani, davlat organiga esa ushbu xulosaning nusxasini kiritadi.

Davlat organlari ikki hafta muddatda Davlat aloqa qo‘mitasi bilan kelishilgan holda, o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga hamda AKT’ni joriy etish va yanada rivojlantirishga doir tadbirlar rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlaydilar hamda kelgusida ularning bajarilishi monitoringini yuritish uchun Inspeksiyaga taqdim etadilar. Bunda, davlat organlari tomonidan tadbirlar rejalarida nazarda tutilgan muddatlarda Inspeksiyaga ularning bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etib boradilar.

Afsuski, o‘tkazilgan o‘rganishlar davrida davlat organlari tomonidan ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Jumladan, o‘rganish savolnomasiga muvofiq ma’lumotlarni o‘z vaqtida Inspeksiya xodimlariga taqdim etmaslik, asoslanmagan ma’lumotlar berish, ma’lumotnomani imzolashni cho‘zib yurish, o‘rganish natijalari xulosasiga muvofiq ishlab chiqib, tasdiqlangan tadbirlar rejasini o‘z vaqtida taqdim etmaslik hamda rejada belgilangan muddatlarda Inspeksiyaga ma’lumotlar taqdim etib bormaslik holatlari ham mavjud.

Ta’kidlash joizki, o‘z vazifalariga jiddiy yondashuvchi, Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan Qarorlar ijrosiga mas’uliyat bilan qarab, muvaffaqiyat bilan bajarishga bel bog‘lagan davlat organlari rahbarlari va mutasaddi xodimlari ham ko‘pligi quvontiradi. Bular sirasiga, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Dori-darmon, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Toshkent shahar hokimligini kiritish mumkin.

Shu o‘rinda kelgusida o‘tkazilishi rejalashtrilayotgan o‘rganishlarda AKT’ni joriy etish va rivojlantirish borasida maqsadimiz umumiy ekanligini chuqur anglagan holda ishlarni davom ettirish lozim.

Umar G‘aniyev, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat Inspeksiyasining Davlat axborot tizimlari, resurslari va interaktiv davlat xizmatlari bo‘limi yetakchi muhandisi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq