Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun arizalarni rasmiylashtirish
04.07.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

Ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, ruxsatnomalar berish tartibi, shu jumladan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish maqsadida, Yagona davlat interaktiv xizmatlari portalida yangi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun arizalarni rasmiylashtirish” xizmati ishga tushirildi.

Endilikda, jismoniy va yuridik shaxslar Yagona portalda mutasaddi organga ariza bilan murojaat etgan holda, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning qulay, tez va shaffof mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Ayni paytda, o‘z vaqtida arizalarni ko‘rib chiqish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshirish ustidan markazlashgan monitoring va nazorat olib boriladi.

Shu bilan birga, arizachilar arizalarni ko‘rib chiqish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshirish sifatini baholash va o‘zlarining fikr-mulohazalarini qoldirish imkoniga ega bo‘lib, mazkur imkoniyat kelgusida davlat kadastr tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga yordam beradi.

Ushbu tartibning jismoniy va yuridik shaxslar uchun afzalligi vaqt va moddiy harajatlarning kamayishida o‘z aksini topadi.

Barcha kerakli hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda (mahalliy davlat organlari qarorlari, notariat organlari tomonidan tasdiqlangan shartnomalar va boshqalar), arizachilar o‘z huquqlarini kadastr organlariga tashrif buyurmasdan ro‘yxatdan o‘tkazishlari (huquqni belgilovchi hujjatni olishlari) mumkin.

Shunday qilib, yangi xizmat fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bilan birga, talab etilgan tartiblardan o‘tishga ketadigan qimmatbaho vaqt sarfini qisqartiradi.

Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 15 apreldagi PQ-2164 — sonli “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash doirasida joriy etilgan.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq