Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyatining bir yilligi: natijalar va istiqboldagi vazifalar sarhisob qilindi
01.07.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

int_1_07_2014

Joriy yilning 30 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyatining bir yilligi munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbirda Yagona portalning bir yillik faoliyati mobaynida erishilgan natijalar, amalga oshirilgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berilib, istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bundan bir yil muqaddam – 2013 yilning 1 iyul kuni Internet tarmog‘ining my.gov.uz manzilida faoliyatini boshlagan edi.

O‘tgan bir yil davomida Yagona portalda keng ko‘lamli, yirik loyihalar amalga oshirildi. Xususan:

– Yagona portalga 500 dan ziyod davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimiyatlar, jumladan shahar va tuman hokimliklari ulandi;

– turmush tarzining turli jabhalarini qamrab oluvchi 200 xildagi xizmatlar joriy qilindi;

– davlat organlari rahbarlari qabuliga onlayn yozilish, davlat organlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari uchun ma’lumotnomalarni yuborish, biometrik pasportni olish yuzasidan onlayn arizani yuborish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishda ba’zi bir ruxsat berish jarayonlarini onlayn amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek aholi va davlat organlari uchun boshqa qator qulayliklar yaratildi;

– Yagona portaldan foydalanish bo‘yicha davlat organlari mas’ullari uchun huquqiy-me’yoriy hujjatlar, qo‘llanmalar ishlab chiqildi;

– Aholi murojaatlarini olish, qayta ishlashning markazlashgan tizimi joriy qilinib, uning yordamida aholi murojaatlariga nisbatan davlat organlarining munosabatini – muddatini, sifatini nazorat qilish, monitoringini yurgizish mumkin bo‘ldi;

– Davlat organlari mas’ul xodimlarining Yagona portalda ishlash bo‘yicha ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan o‘quvlar yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan davr ichida aholi tomonidan davlat organlariga Yagona portal orqali 20 mingta murojaat yuborildi. Ulardan 85 %iga vakolatli davlat idoralari tomonidan javob yo‘llangan. Murojaatlarning 3062 tasi (15%) ko‘rib chiqish jarayonida. Murojaatlarning 2159 tasi (11%) yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan. Mazkur murojaatlarning 61,3 %ini arizalar, 8,8 %ini takliflar, 28,6 %ini shikoyatlar tashkil qiladi.

Tahlillar murojaat yo‘llayotgan aholining 85 %i davlat organlarining javobini elektron pochta orqali olishni afzal ko‘rishini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda quyidagi xizmatlar Yagona portaldagi eng ommabop, ko‘p foydalanilayotgan xizmatlarga kiradi:

– Murojaat yo‘llash;

– Sudlanganlik yoki sudlanmaganlik holati to‘g‘risida ma’lumot olish;

– Mehnat staji to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotnomasini olish;

– Yuridik shaxsni tashkil qilmasdan tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun onlayn ariza yuborish;

– Toshkent shahrining Olmazor tumanida joriy qilingan sinov loyiha – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun biometrik pasport olishda onlayn ariza yuborish.

Shuningdek, Yagona portalda tadbirkorlik sohasi rivojiga xizmat qiluvchi, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlarni joriy qilishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Matbuot anjumanida ta’kidlangani kabi, 2014 yilning 1 yanvaridan boshlab Yagona portalda tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatga olish xizmati joriy qilingan bo‘lib, bugun xohlovchilar tadbirkorlik sub’ekti sifatida ruxsat berish jarayonlarini onlayn amalga oshirishlari mumkin.

Tadbirkorlik sub’ektlari o‘z haq-huquqlari buzilgan, to‘siqlarga duch kelgan, ishlariga asossiz ravishda aralashish yuz bergan holatda Yagona portal orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, adliya organlariga murojaat qilishlari mumkin.

Aholining internetdan foydalanmaydigan qismi uchun tashkil etilgan Yagona portal «Call-center»i – Ma’lumotlar xizmati «8-800-200-18-18» raqami orqali yurtdoshlarimiz qo‘ng‘iroq orqali ariza, taklif va shikoyatlarini davlat organlariga yuborishmoqda. Mazkur qulaylikni yanada soddalashtirish maqsadida, ushbu telefon raqamlari qisqa – «1060» raqamida ishga tushirildi. «1060» raqami orqali xizmat ko‘rsatish bepul, qo‘ng‘iroq narxlari abonentning shahar telefonlariga chiqish tarifi narxlarida belgilangan.

«Call-center» orqali bir yil mobaynida 7630 ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan bo‘lib, davlat organlariga 1240 dan ziyod aholi murojaatlari yuborildi.

Matbuot anjumanida aytib o‘tilganidek, Yagona davlat interaktiv xizmatlari portalining ishga tushirilishi davlat organlarining aholi murojaatlari bilan ishlash, xizmat ko‘rsatish munosabati samaradorligini yanada oshishiga xizmat qildi. Tadbirda davlat organlari xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida yangi tashabbuslar bilan chiqayotgani ta’kidlandi. Misol uchun, Yagona portalda “O‘zarxiv” agentligi tashabbusi bilan “Arxiv ma’lumotlarini onlayn taqdim qilish”, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan “Sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotni onlayn taqdim etish” ommabop xizmatlar joriy qilingan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham Yagona portal faoliyatiga nisbatan katta qiziqish uyg‘ongan bo‘lib, Yagona portalning qulayliklaridan foydalanayotgan aholi vakillari bir-birlariga davlat organlari faoliyatiga daxldor turli masalalarni hal qilishda portaldan foydalanishni maslahat berishmoqda.

Aholi vakillari mulohazalaridan namunalar:

“Men Yagona portalning bekam-ko‘st imkoniyatlaridan birinchi marotaba hayratlanayotganim yo‘q. Portal yordamida gaz, elektr energiyasi, chiqindixonalar, benzin, ichimlik suvi kabi masalalar yuzasidan kamchiliklarni bartaraf qildim. Mana, endi u yo‘lda ham, ishda va uyda ham Yagona portal mening yaqin ko‘makchim.”

“Muammoni o‘z vaqtida hal qilingani tufayli katta rahmat. E’tirozim yo‘q. Ikki yilcha avval quvurlarni almashtirish chog‘ida isitish tizimida yuzaga kelgan muammo mas’ul tashkilotga yuborgan murojaatimdan keyin bir necha soatlar ichida ijobiy hal etildi. Bu uyda mening bobom va buvim istiqomat qilishadi. Ularning minnatdorchiligining cheki yo‘q.”

Matbuot anjumanida Yagona portalni yanada rivojlantirishga oid istiqboldagi rejalar xususida ham to‘xtalib o‘tilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4609-son farmoniga muvofiq, joriy yilda Yagona portalda qator yangi xizmatlar joriy qilish ko‘zda tutilgani qayd etildi.

Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlariga kommunal xizmatlarga oid yuzaga keladigan muammolar, xususan suvning kuchsiz bosimi, issiq suvning past harorati, elektr energiyasi va gazni ogohlantirishlarsiz uzib qo‘yilishi, suv oqava muammosi yoki chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmasligi bilan bog‘liq masalalarda shikoyatlarni yo‘llash imkoniga ega bo‘ladilar.

Matbuot anjumanida Yagona portal faoliyatining bugungi kundagi holati tahlil qilinib, uni aholi ehtiyoji va talab va istaklari asosida rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tadbir qatnashchilari mavzu doirasida samarali fikr-mulohaza almashdilar.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq