Elektron sog‘liqni saqlash tizimi shakllanish jarayonidа
01.07.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

Joriy yilning 30-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Mа’lumki, axborotlashtirishni rivojlantirishga qaratilgan kompleks va tizimli choralarni talab qiluvchi sohalardan biri – bu sog‘liqni saqlash tizimidir. Mazkur tizimda axborotlashtirish sohasiga oid qonunchilik normalari, xususan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini to‘liq ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining 20dan ortiq subyektlari faoliyatini o‘rganishning yakuniy natijalari monitoringidan kelib chiqib, eshituvda Qo‘mita a’zolari tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish hisobiga tibbiy xizmat sifati va undan foydalanish darajasi oshganligi ta’kidlandi. E’tirof etildiki, Qonun talablariga ko‘ra, vazirlik, uning tarkibiy bo‘limlari hamda tizimdagi tegishli tashkilot va muassasalar tomonidan axborot sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingan. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Milliy axborot tizimiga integratsiyalash konsepsiyasi” ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ularga asosan “Elektron sog‘liqni saqlash” va “Yagona elektron tibbiy karta” tizimlarini bosqichma-bosqich shakllantirish amalga oshirilmoqda.

Eshituvda qayd etildiki, hozirgi vaqtda vazirlikda «Sog‘liqni saqlash milliy integratsiyalashgan axborot tizimi» yaratilgan bo‘lib, uning doirasida bosqichma-bosqich (modul bo‘yicha) quyidagi tizimlar amalga oshirilmoqda: Yuqumli kasalliklar elektron monitoringining axborot tizimi, qon va donorlikdan chetlatilgan shaxslarning ma’lumotlar banki bo‘yicha axborot tizimi, tez va shoshilinch tibbiy yordam axborot tizimi, shu jumladan, shoshilinch tez tibbiy yordam tizimida muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik xizmatini avtomatlashtirish va jihozlash, sog‘liqni saqlash tizimi resurslarini (ERP) tibbiy uskunalar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish logistika tizimi bilan boshqarish axborot tizimi, elektron registratura tizimi bilan Yagona tibbiy kartani boshqarish bo‘yicha axborot tizimi va boshqalar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, har yili Sog‘liqni saqlash vazirligining ta’lim muassasalari bazasida rejaga asosan kompyuter savodxonligi hamda mazkur vazirlik ixtisoslashtirilgan axborot tizimlarida ishlash bo‘yicha malaka oshirish kurslari ish olib bormoqda. Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirishga qaratilgan choralar natijasida respublikadagi barcha tibbiy xodimlarning 50 foizi ofis dasturiy ta’minotlari bilan ishlash bo‘yicha etarli malakani olgan bo‘lib, ularning 90 foizini vrach-shifokorlar, 30 foizini o‘rta tibbiy xodimlar tashkil etadi. Umuman, oxirgi besh yil mobaynida «Uzmedinfo» Markazida 2066 nafar tibbiy xodim o‘qib, sertifikatga ega bo‘lgan.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturida belgilangan axborot sohasiga tegishli bandlarda belgilangan vazifalar ham faol amalga oshirilmoqda. Xususan, leykoz va talassemiyaga chalingan bolalarning respublika registrini tashkil etish, ularni mintaqaviy bolalar gematologiya muassasalarida dispanser hisobiga olishni ta’minlab, Gematologiya ilmiy-tadqiqot institutiga axborot berish, davolashning doimiy monitoringini olib borish, davolashning yuqori texnologik usullari samaradorligini ilmiy tahlil qilish masalalarida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, “Salomatlik darslari” fanidan o‘quv dasturi (1 – 4-sinf o‘quvchilari uchun) va “Sog‘lom avlod asoslari” (5-9 sinf o‘quvchilari uchun) multimediali metodik tavsiyalar ishlab chiqish va elektron ta’lim portallariga, eng avvalo, ZiyoNetga joylashtirish; Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 13ta “Orasta qizlar” axborot-resurs markazlarini tashkil etish orqali mahallalarda “Orasta qizlar” to‘garaklari ishtirokchilarining ijtimoiy faolligini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Eshituvda qayd etilganidek, tibbiyot sohasini axborotlashtirish jarayonlarida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud. Misol uchun, tuman tibbiyot birlashmalarini kompyuter texnikasi bilan ta’minlash darajasi bugungi kun talablariga javob bermasligi, tibbiyot sohasi subyektlari faoliyatiga elektron tijorat va elektron to‘lovlar tizimlarining joriy etilmaganligi, interaktiv teletibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimlari rivojlanmaganligi kabi holatlar mavjud.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita a’zolari tomonidan o‘rganish davomida aniqlangan holatlar, olingan tahliliy materiallar hamda xalqaro tajribani umumlashtirish asosida tibbiyot sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan faol foydalanish uchun etarli huquqiy kafolatlarni yaratuvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha fikr, taklif va mulohazalar bildirildi.

Eshituv yakunida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga oid huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Таdbir tashkilotchilari va hamkorlari: Ахborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi.

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/committee/13506

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq