ZiyoNETdan “E-darslik” mobil dasturi foydalanuvchilar uchun yana bir qulaylik
29.06.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

ziyo_29_06_2014

ZiyoNET resurs markazi tomonidan respublikamiz o‘quvchi-yoshlariga mo‘ljallangan “E-darslik” mobil dasturi yaratildi. Mazkur dastur haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida UZINFOCOM Markazi ZiyoNET Resurs markazi boshlig‘i Tolibjon Mirzaqulovga savollar bilan murojaat etdik.

— Tolibjon Oltinovich, albatta, «E-darslik» mobil dasturi yaratilishi foydalanuvchilar uchun qulay imkoniyat ekanligiga shubha yo‘q, mazkur dasturni tayyorlash ishlari va mualliflari haqida to‘xtalsangiz.
— Bugungi kunda ZiyoNET Resurs markazi tomonidan respublikamiz yoshlariga masofadan turib, ta’lim berish, ularning bilim olishlari uchun turli mavzularni o‘zida qamrab olgan kompleks ma’lumotlar: videodarsliklar (utube.uz sayti), shaxsiy fikrlarni bildirish maydoni (Fikr.uz sayti), tanlovlar va grantlar bo‘yicha barcha ma’lumotlar (Tanlov.uz sayti) va Ziyonet.uz portalining kutubxonasi, ta’limiy o‘yinlar bo‘limi va boshqalar jamlangan bo‘lib, bularning barchasi yoshlarning nafaqat bilimlarini oshirishga, balki zamonaviy texnologiya yutuqlaridan samarali foydalana oladigan ijtimoiy faol yoshlar bo‘lishlariga qaratilgandir.

«E-darslik» mobil dasturini ushbu yo‘lda amalga oshirilayotgan muhim qadamlardan biri sifatida baholash mumkin. «E-darslik» mobil dasturining yaratilish jarayonida avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining ishtirokini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Chunki loyiha mazkur Qo‘mita tomonidan moliyalashtirildi. Mobil dastur UZINFOCOM Markazi hamda Global Solutions mahalliy dasturiy ta’minotlar ishlab chiqaruvchi kompaniya ishtirokida yaratildi. Bugungi kunda umumta’lim maktablarida mavjud darsliklar matnlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etildi. «E-darslik» mobil dasturini yaratish bo‘yicha ishlar 2013-yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirildi va texnik jihatdan tayyor bo‘lgan dasturga 2014-yil 1-choragida mavjud darsliklarni barcha talablarga muvofiq kiritish ishlari ZiyoNET Resurs markazining O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi bo‘linmalari xodimlari tomonidan amalga oshirildi.

— «E-darslik» umumta’lim maktablari uchun mo‘ljallangan barcha darsliklarni qamrab olganmi? Umuman, bu jarayon — dastur uchun elektron darsliklar yaratish va uni dasturga kiritish ishlari qay tariqa amalga oshirilmoqda?
— «E-darslik» mobil dasturi bugungi kunda umumta’lim maktablari uchun mo‘ljallangan qirqdan ortiq darsliklarni o‘z ichiga olgan. Dasturni yaratish va uni ma’lumotlar bilan boyitib borish, ko‘plab o‘z ishiga sidqidildan yondashuvchi, turli yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh xodimlar tomonidan amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan darsliklarning elektron ko‘rinishlari qog‘ozda chop etilganda qanday ko‘rinishda bo‘lsa, xuddi shu ko‘rinishda mobil dasturning matn muharririga kiritilib, kerakli bo‘lim va bandlarga taqsimlangan holda amalga oshirib kelinmoqda.

Dasturni ishlab chiqish jarayonida uni doimiy ravishda yangi darsliklar bilan boyitish mexanizmi joriy qilingan. Mobil dastur foydalanuvchilari ZiyoNET maxsus serverida yangi darsliklar matnlari paydo bo‘lishi bilan, ularni o‘z qurilmalaridagi dasturga yuklab olishlari va u bilan tanishishlari mumkin. Ushbu dasturning rivojlanish istiqbollarida uni yangi darsliklar bilan boyitish, amaldagi darsliklar o‘zgargan taqdirda, ularni yangilash kabi ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan

— Darsliklar va ularning elektron shakli o‘rtasida qanday tafovutlar mavjud? Ya’ni, ular mazmunan bir xilmi yoki elektron darsliklarda qandaydir yangicha yondashuvlar ko‘zga tashlanadimi?
— Darsliklar va ularning elektron shakli o‘rtasida mazmunan tafovut yo‘q. Chunki darsliklar chop etilgunga qadar juda ko‘p tekshiruv bosqichlaridan o‘tadi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Respublika ta’lim markazi tomonidan o‘qish jarayonida foydalanishga tavsiya etilgandan so‘nggina ulardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Shu sababli ZiyoNET Resurs markazi «E-darslik» mobil dasturini yaratishning dastlabki bosqichidan Xalq ta’limi vazirligiga murojaat etib, bugungi kunda amalda foydalanilayotgan darsliklarning elektron ko‘rinishlarini oldi va ushbu darsliklarni dastur tarkibiga kiritdi. Shunga qaramay, «E-darslik» mobil dasturida mavjud darsliklarning qog‘oz ko‘rinishidagidan qator afzal tomonlari ham mavjud. Bularga: darsliklarni qidirish uchun darslikning qaysi tilda, qaysi fan va sinfga tegishli ekanligini tanlash imkonini beruvchi maxsus filtrdan foydalanish imkoniyati mavjudligini, kalit so‘zlar bo‘yicha o‘zingizga kerakli bo‘lgan mavzularni qisqa vaqt ichida qidirib topish, kitobni o‘qishning tugagan joyidan davom ettirish uchun maxsus xatcho‘p o‘rnatish imkoniyatlarini kiritish mumkin. Har bir bo‘lim so‘nggida taqdim etilgan materiallar qay darajada o‘zlashtirilganligini tekshirish imkonini beruvchi test sinovlari kiritilgan bo‘lib, foydalanuvchi mavzu bo‘yicha o‘z bilimini mustaqil sinash imkoniga ega bo‘ladi. Testlarni baholash darslik tarkibiga kiritilgan dastur yordamida amalga oshiriladi, bu jarayon Internetga ulanishni talab etmaydi.

Albatta, «E-darslik» mobil dasturini bepul o‘z telefoningizga yoki planshetingizga o‘rnatib, undagi barcha darsliklardan istagancha foydalanish imkoniyati o‘z-o‘zidan dasturning eng katta afzalligi hisoblanadi.

— Dastur necha tilda tayyorlangan? Umuman, «E-darslik» mobil dasturi o‘quvchilar uchun yana qanday qulayliklar taqdim etadi?
— «E-darslik» mobil dasturining interfeysi ikki tilda, rus va o‘zbek tillarida yaratilgan bo‘lib, o‘zbek, rus, qoraqalpoq va tojik tillaridagi darsliklar dastur tarkibiga kiritilgan. «E-darslik» mobil dasturi o‘quvchilarga qu-yidagi qulayliklarni taqdim etadi:

  • avvalambor, og‘ir kitoblarni o‘zingiz bilan olib yurishga hojat qolmaydi. Barcha fanlar bo‘yicha darsliklar istalgan vaqtda qo‘lingizda bo‘ladi;
  • elektron darsliklar yo‘qolib qolmaydi, yirtilmaydi va eskirmaydi;
  • elektron darsliklar foydalanish uchun juda qulay bo‘lib, ulardan foydalanganda sozlamalarni o‘zingizga mos holda o‘rnatishingiz mumkin, ya’ni matnni kattaroq ko‘rinishda ko‘rish, rasmlarni yorqinroq qilish, kerakli joylarda xatcho‘plar o‘rnatish va hokazolar;
  • elektron darsliklar mavzuni mustaqil o‘rganish va bilimlarni mustahkamlashda ko‘maklashadi;
  • dastur yordamida siz doim amalda bo‘lgan darsliklar bilan tanisha olasiz;
  • ma’lumotlarga ko‘ra, bitta kitobni yaratish uchun o‘rtacha 5 kg.dan ortiq yog‘och mahsuloti sarflanar ekan, ya’ni, elektron darsliklardan foydalanish tabiatni muhofaza qilishning o‘ziga xos usuli hamdir.

— Ta’lim tizimida elektron darsliklarning o‘rni va ahamiyatini qanday baholaysiz?
— Bugungi kunda ta’lim jarayonini axborot texnologiyalarisiz tasavvur etishning iloji yo‘q. Axborot texnologiyalari hayotimizning har bir jabhasiga kundan-kunga kengroq kirib bormoqda. Yoshlarimiz boshqa davlatlarda yashovchi o‘z tengdoshlaridan bu borada ortda qolishmayapti. Shu sababli, mamlakatimizning yoshlarga oid siyosati davlatimiz yoshlari uchun turli imkoniyatlarni yaratish, ularni zamon talablariga javob beradigan texnologiyalar va ma’lumotlar bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu borada jahon tajribasini kuzatadigan bo‘lsak, qator mamlakatlar ta’lim tizimida elektron darsliklarning afzalligiga alohida e’tibor qaratilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, AQSHning Kaliforniya shtati gubernatori Arnold Shvartsnegger 2009-yil shtatdagi barcha ta’lim muassasalari: umumta’lim maktablari va universitetlarda elektron darsliklarni kiritish yo‘li orqali, shtat budjetini kamaytirish rejasini kiritdi. Shuningdek, shtat gubernatori bu holatning eng afzal tomoni, elektron darsliklarga o‘zgartirishlar kiritishning oson va qulayligi, bu o‘zgartirishlar to‘g‘risida barcha foydalanuvchilarni ogohlantirish qisqa muddatlarda amalga oshirilishi mumkin ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, Janubiy Koreya davlatining tajribasi ham o‘ziga xos, mazkur davlatda 2015-yilga qadar barcha fanlar bo‘yicha elektron darsliklarga o‘tish rejalashtirilmoqda. Bu borada davlat siyosati 2008-yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda elektron darsliklardan foydalanish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Janubiy Koreya maktablarining ba’zilarida oddiy darsliklar o‘rniga o‘quvchilarga mobil qurilmalar (planshetlar) tarqatilib, darsliklar elektron ko‘rinishda taqdim etilgani ham E-darslik dasturining yaratilishi va rivojlanishi to‘g‘ri yo‘ldagi mustahkam qadam ekanini tasdiqlaydi.

Suhbatdosh: Yulduz Azizova

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq