ZiyoNET ахborot-ta’lim portalining yangi talqini
29.06.2014
Rukn: Internet.
Muallif: Ulug‘bek Tayloqov, Gulchehra Ibragimovа.

zi_29_06_2014

Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada olib borilayotgan islohotlar zamirida yoshlarni har tomonlama yetuk va barkamol qilib tarbiyalash, dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashlarini ta’minlash ustuvor vazifa qilib belgilangan.

Prezidentimiz tomonidan kelajak avlod tarbiyasiga hamda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasiga qaratilayotgan katta e’tibor — ta’lim tizimini va pedagoglar zimmasiga ulkan vazifalarni yuklaydi. Bu vazifalarni amalga oshirish chuqur bilim va katta mahoratni talab etadi. O‘zbekistonning turli tuzilmalari tomonidan axborotlarni uzatish tarmoqlarida ta’lim va yoshlar bo‘yicha yaratilayotgan axborot-resurslari yagona «ZiyoNET» axborot ta’lim tarmog‘iga birlashtirilgan. Uning vazifalari: yoshlar uchun milliy axborot-resurslarini shakllantirish va rivojlantirish; yoshlarning ma’naviy va aqliy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashadigan axborotdan keng ko‘lamda foydalanishlarini ta’minlash: sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy tarbiya va sport turlarini ommalashtirish, o‘quvchi-yoshlar uchun masofadan turib ta’lim olish usullarini va boshqa axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ta’lim tizimiga joriy etishda ko‘maklashish, ularning huquqiy madaniyati va ma’naviyatini yanada yuksaltirish va boshqalardan iboratdir.

zi_29_06_2014_1

Shu maqsadda tashkil etilgan «ZiyoNET» axborot-ta’lim portalining faoliyat yuritayotganiga joriy yilning sentabr oyida 9 yil to‘ladi. Ana shu davr mobaynida «ZiyoNET» tarmog‘i «qaddini rostlab» oldi, millionlab qalblarga, minglab dargohlarga o‘z «ziyosi»ni sochishga ulgurdi, desak bo‘ladi. Axborot-resurslarini «ZiyoNET» tarmog‘i resurs markazining texnologik maydonchasida joylashtirish, saqlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, elektron pochta xizmatlari maktablar, akademik litseylar, kollejlar, oliy ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari, kutubxonalar, muzeylar hamda boshqa ta’lim, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalardagi foydalanuvchilarga bepul taqdim etiladi. Hozirgi kunda barcha o‘qituvchilar, o‘quvchilar va talabalar ushbu tarmoqdan foydalanish imkoniyatiga ega.

Yangi tarmoq imkoniyatlari: «ZiyoNET» tarmog‘ini yanada rivojlantirish, uning imkoniyatlarini kengaytirish, ma’lumotlarini to‘liq qaytadan yangilash, tarmoqni ommalashtirish maqsadida, bugungi kunda mutaxassislarimiz tomonidan tarmoq to‘liq yangicha talqinda, yangicha dizayn va ko‘rinishda ish boshladi.

Bugungi «ZiyoNET» ta’lim tarmog‘i uch xil tilda — o‘zbek, rus, ingliz tillarida o‘z foydalanuvchilarini foydali axborot, yangilik va xabarlar hamda metodik tavsiyalar bilan ta’minlab kelmoqda. Shuningdek, talaba-yoshlarga, o‘quvchi va pedagog-o‘qituvchilarga oid turli fanlar bo‘yicha ma’lumotlar yoritilib, bilimlarini mustahkamlashda beminnat va bepul yordamchiga aylangan.

zi_29_06_2014_2

Mazkur tarmoqda «Guruhlar», «Savol-javoblar», «Xorijiy tillar», «Kutubxona», «Saytlar», «Ta’lim muassasalari», «Arboblar», «O‘yinlar» va «Iqtidorli yoshlar» deb nomlangan katta ahamiyatga molik bo‘limlar mavjud. Har bir bo‘limda o‘z mavzulari bo‘yicha ixtisoslashgan ma’lumotlar yoritiladi. Bundan tashqari, yurtboshimiz tomonidan joriy yilni «Sog‘lom bola yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan, portalning yirik loyihasi — Fikr.uz’da «Farzandlari sog‘lom yurt»…, «Sog‘lom bola yili: malakali pediatrlar tavsiyalari», «Yosh onalar va kichkintoylar uchun» nomli bloglar tashkil etilgan bo‘lib, ularda mavzu yuzasidan maqola, tavsiya, metodik qo‘llanma va yangiliklar yoritib kelinmoqda.

«Chet tili» bo‘limi. Chet tillarini o‘rganish tarixiy jarayon bo‘lib, bizning ota-bobolarimiz azaldan o‘zga tillarni mukammal o‘rganishga va ijod qilishga intilganlar. Farobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiylar ko‘plab tillarni jiddiy tarzda o‘zlashtirganlar, o‘sha tillarda asarlar yaratganlar. Shu maqsadda portalda, yangi bo‘lim sifatida ishga tushirilgan «Chet tillari» bo‘limi chet tillarini mukammal o‘rganmoqchi bo‘lgan kichkintoy, o‘smir va talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, birgina uTube.uz loyihasining o‘zidan 1429ta turli chet tillarini o‘rgatuvchi videoroliklar o‘rin olgani ham diqqatga sazovordir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1875-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2013-yilning yanvar oyidan boshlab ZiyoNET Resurs markazi Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi va ushbu hamkorlik doirasida maqsadli seminar-treninglar tashkillashtirildi hamda tegishli bo‘limlarga jami 340taga yaqin material joylashtirildi.

zi_29_06_2014_3

Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan olib borilayotgan hamkorlik ta’lim tizimi rivojida, jumladan, Xalq ta’limi tizimida chet tillarini o‘qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg‘un kamol topgan, o‘qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishda katta hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, kengash tomonidan ingliz tilini o‘rgatuvchi 379ta o‘yinlar hamda didaktik materiallar taqdim etilgan bo‘lib, ular ham ZiyoNET portaliga joylashtirilgan. Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan taqdim etilgan veb-resurslar o‘quvchilar, o‘qituvchilar hamda ota-onalar uchun ingliz tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan bo‘lib, mazkur manbalar bugungi kunda portal foydalanuvchilari o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda.

Biz ishonamiz, bugun ilk bora chet tillarini o‘rganayotgan bolalar kelajakda yurtimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissalarini qo‘shadilar. Mamlakatimizning dovrug‘ini yanada ko‘klarga ko‘taradilar. Zero, ertamiz ularning qo‘lidadir. Tarmoqning yana bir katta imkoniyatlaridan biri uTube.uz deb nomlangan videoportalda bugungacha jami 15 600ta resurs joylangan bo‘lib, shundan birgina mazkur «Sog‘lom bola yili»ga bag‘ishlangan 150ta videoroliklar mavjudligini ko‘rish mumkin. ZiyoNET portalini yanada ommalashtirish va foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ta’lim muassasalari uchun bepul veb-xosting xizmatlarini taqdim etib kelmoqda, ya’ni foydalanuvchilar portal tarkibida sayt-satellit yaratib, o‘z ma’lumotlarini joylashtirib borishlari mumkin. Mazkur xizmatni yanada takomillashtrish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

zi_29_06_2014_4

«Iqtidorli yoshlar» bo‘limi. Bugungi kunda bilimli va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy kamolotini yanada yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirayotgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlarining takliflarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida 2014-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturni ishlab chiqishdan asosiy maqsad, kelajak avlodni har tomonlama barkamol, yetuk va salohiyatli kadrlar qilib voyaga yetishishida huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bugungi rivojlangan jamiyatda o‘z o‘rni va so‘zini ayta oladigan mard, jasur bo‘lib voyaga yetishlarida munosib sharoitlar yaratib berish asosiy vazifa qilib belgilangan. Zamon talablaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Axborot asri deb atalgan bugungi kun o‘z tahdidlari ila yoshlar ongiga ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Yoshlarning axborot hurujiga bo‘lgan immunitetini yanada kuchaytirish maqsadida ularning bilim va ko‘nikmalarini bunyodkorlik, yaratuvchilik sohalariga jalb etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda.

Bugungi kun talablaridan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, yoshlarimizga boy ilmiy-adabiy merosimizni tanitish bilan bir qatorda, tengdoshlari orasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan ilm-fan sirlarini yuqori egallagan yosh olimlar, xalqaro Mendeleyev hamda matematika olimpiadalarida oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlar, sportning turli sohalarida Vatanimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarayotgan jahon chempionlarimiz, madaniyat, san’at va turli sohalarda eng faol hamda yuqori natijalarga erishgan yoshlarimiz haqida turkum maqolalar, ko‘rsatuvlar hamda ma’lumotlarni berib borish va ularda havas tuyg‘ularini shakllantirish lozim. Shu munosabat bilan ZiyoNET jamoat ta’lim tarmog‘ida yangi «Iqtidorli yoshlar» rukni tashkil etildi. Ushbu ruknda fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib borilmoqda. Bugungi kungacha mazkur ruknga xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan 225 nafar iqtidorli talabalar, o‘quvchi-yoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirildi. Kelajakda ushbu ruknning davomiyligi va ommabopligini ta’minlash maqsadida yangi-yangi g‘oyalar amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

«E-darslik» mobil dasturi: Yuqoridagi ishlar bilan birga, «E-darslik» mobil dasturini ushbu yo‘lda amalga oshirilayotgan muhim qadamlardan biri sifatida baholasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. «E-darslik» mobil dasturining yaratilish jarayonida avvalambor, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining ishtirokini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Chunki loyiha mazkur Qo‘mita tomonidan moliyalashtirildi. Mobil dastur UZINFOCOM Markazi hamda Global Solutions mahalliy dasturiy ta’minotlar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi ishtirokida yaratildi. Bugungi kunda umumta’lim maktablarida mavjud darsliklar matnlari Xalq ta’limi Vazirligi tomonidan taqdim etildi. «E-darslik» mobil dasturini yaratish bo‘yicha ishlar 2013-yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshirildi va texnik jihatdan tayyor bo‘lgan dasturga 2014-yil 1-choragida mavjud darsliklarni barcha talablarga muvofiq kiritish ishlari ZiyoNET Resurs markazining Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklari qoshidagi bo‘linmalari xodimlari tomonidan amalga oshirildi. «E-darslik» mobil dasturi bugungi kunda umumta’lim maktablari uchun mo‘ljallangan 40dan ortiq darsliklarni o‘z ichiga olgan.

uMail.uz pochta qutisining imkoniyatlari: 2013-yil 15-may kuni UZINFOCOM Markazi tomonidan uMail.uz — bepul elektron pochta xizmati ishga tushirildi. 2013-yil 16-iyun kuni pochta o‘zbek tilidagi talqiniga ega bo‘ldi. uMail.uz pochtasi barcha foydalanuvchilar uchun qulay interfeysga ega bo‘lgan, viruslar va spamdan ishonchli himoyalangan elektron pochta qutisini bepul taklif etadi. Pochta xizmati quyidagilar asosida xizmat ko‘rsatadi:

  • pochta qutisini ochish uchun albatta ID.UZ tizimidan ro‘yxatdan o‘tishingiz kerak;
  • bitta xatning maksimal hajmi 20 Mb;
  • pochta qutisining maksimal hajmi 1 Gb;
  • pochta qutisidan bir yildan ortiq foydalanilmasa, u o‘chirib tashlanadi.

Xizmatning veb-interfeysidan ham, POP3 protokolidan foydalangan holda xatlarni sinxronlashtirish orqali foydalanuvchining kompyuterida pochta mijozi orqali ham foydalanish mumkin. Bugungi kunga kelib, 60 mingdan ortiq foydalanuvchi tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va xizmatdan foydalanib kelmoqda.

Tanlov.uz — Tanlov va grantlar. Ta’limga katta e’tibor berilayotgan bugungi davrda insonlar Respublikamizdagi, shuningdek, xorijda faoliyat olib borayotgan ta’lim fondlari, grantlari, o‘quv muassasalari haqida ko‘proq ma’lumot olishga harakat qiladilar. Zamonamiz yoshlari innovatsion bilimlarni olishga hamda ularni hayotga tatbiq qilishga harakat qilmoqdalar. Ushbu loyihada o‘tkazilayotgan tanlovlar, talabalarni, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlovchi grant, stipendiya, tadbirlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishni xohlaganlar uchun axborotlar jamlangan sayt hisoblanadi. Tanlov.uz saytining asosiy vazifasi — Respublikada o‘tkazilayotgan tanlov, tadbir, grantlar haqida ma’lumotlarni oldindan berib borishdan iborat.

Rivojlanayotgan XXI asrni axborotlar asri deb atayapmiz. Son ko‘paygani sari sifatning pasayishi ehtimoli mavjud. Ta’limdagi yangiliklar haqida o‘z foydalanuvchilariga qulayliklar yaratib berayotgan ZiyoNET tarmog‘i o‘zining alohida tuzilishi bilan ajralib turadi. Saytda fan va ta’limga oid yangiliklar matn, foto, video format shakllarida joylashtirilganligi axborot olishda qulaylik yaratadi. Saytga pedagogika va metodikaga oid eng so‘nggi yangiliklar, dars ishlanmalari, fanlar kesimidagi test va savol-javoblarning kiritib borilishi foydalanuvchilar uchun yanada imkon yaratmoqda.

Yoshlarda Vatanga muhabbat, yuksak ma’naviyat, milliy g‘urur va milliy iftixor, axloqiy fazilatlar, globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy kamolotga intilish tuyg‘ularini shakllantira olish uchun pedagog yuksak ma’naviy kamolotga ega bo‘lishi talab etiladi. Yoshlarni yot va zararli ta’sirlardan himoya qilish, ularni hayotga, yon-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi bilan yashashga o‘rgatish, iymon-e’tiqodli, barkamol insonlar etib tarbiyalash, ular qalbida sog‘lom hayot tarziga intilishni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini shakllantirish, o‘z fikrini bayon qila olish, ilmiy asoslay bilishi uchun pedagog mafkuraviy immunitet va g‘oyaviy kurashchanlik, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslarini puxta egallagan bo‘lishi kerak.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: «Barchamiz bugungi hayot oldimizga qo‘yayotgan bir achchiq haqiqatning ma’no-mazmuniga yetib borishimiz zarur. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, agarda kimda-kim bizning mustaqil taraqqiyot yo‘limizni, orzu-maqsadlarimizga erishish yo‘lini, yangi jamiyat qurish yo‘lini to‘smoqchi bo‘lsa, avvalo, hali suyagi qotmagan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizning qalbi va ongining mo‘rtligidan foydalanib, ularning ma’naviyatini buzib, bizning azaliy tabiatimiz va muqaddas odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan g‘oyalar bilan chalg‘itib, o‘zining g‘arazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish yo‘lida qurol qilib olishga urinadi. Milliy manfaatlarimiz va maqsad-muddaolarimizga begona bo‘lgan bunday zararli mafkuralar tajovuzi, boshqa xavf-xatarlar, ayniqsa, bizning mintaqamizda kuchayib bormoqda. Yoshlarimizni bu balo-qazolardan asrash uchun jamiyat ma’naviy hayotida bo‘shliq paydo bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday bo‘shliq yuzaga kelgan taqdirda esa, uni yoshlarning ilmga, kasb-hunarga, sog‘lom turmush tarziga, bunyodkorlik ishlariga qiziqishlari bilan hamohang bo‘lgan yangicha hayot mazmuni, yangicha qadriyatlar bilan to‘ldirish lozim. Eng muhimi, shuni unutmasligimiz kerakki, yoshlarimizga, binobarin, kelajagimizga tahdid solib turgan bu xavflarning oldini olish uchun bugun qat’iy harakat qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin». Bu borada esa ZiyoNET axborot ta’lim tarmog‘i barcha uchun birdek do‘st, hamfikr, asosiysi, ishonchli hamkor va yordam kerak paytida ularga zaruriy manba bo‘la oladi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq