Оnlayn muloqotning bolalar va yoshlar ruhiyatiga ta’siri
29.06.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Javdat Po‘latov, Abduhamid Tulyaganov.

on_29_06_2014

Коmpyuter tarmoqlarining zamonaviy inson hayot va faoliyatiga jadal kirib borishi va rivojlanishi jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy va hatto siyosiy masalalarini hal etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda, shu bilan birga, shaxsning shaxsiy xususiyatlari, bilim doirasi, dunyoqarashi o‘zgarishiga ham ta’sir etmoqda. Global Internet tarmog‘ining taraqqiy etishi bilan zamonaviy shaxs axborot texnologiyalari davri bilan hamnafas holda uning ma’naviy va madaniy hayoti «onlayn hayot» tarzini boshidan kechirmoqda.

Zamonaviy shaxs har sohadan xabardor, bilim va malakali, keng dunyoqarashli, ishbilarmon bo‘lishi uchun tunu kun mobil telefonidan ajralmasligi, doimo elektron pochtasini kuzatib borishi, Internet ijtimoiy tarmoqlarida onlayn muloqotda bo‘lishi, umuman Internet-muhitda yashashi zarurdek tuyuladi. Ba’zan kompyuter, mobil telefoni ishlamay qolsa, go‘yo hayot to‘xtab qolganga o‘xshaydi. Bu hol, ayniqsa, yoshlar va o‘smirlarni kuchli tashvishga soladi. Kompyuter virtual olami tobora o‘ziga jalb etib, ularga kuchli ta’sir eta boshlaydi. Insonlarda kompyuter texnologiyalari, kompyuter texnikasi, elektron va tarmoq resurslariga bo‘lgan ehtiyoj ularni tez-tez kibermuhitda bo‘lishlariga hamda buning ta’sirida ularning shaxsiy xislatlari, onglari, shuningdek, motivatsiyalari o‘zgarishiga olib keladi. Zamonaviy shaxsning axborot-kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalaridan foydalanishlari tobora hayotiy zaruratga aylanib borishi bilan yuzaga keladigan shu kabi holatlarga pedagog va psixolog olimlar alohida e’tibor qaratishlari shart.

XXI asr axborot asri sifatida namoyon bo‘lib, Internet tarmog‘ida so‘nggi o‘n yilliklarda katta hajmli axborotlar oqimiga ega bo‘lgan, zamonaviy insonlarning turli-tuman va ko‘plab ehtiyojlarini qondiruvchi qulay muhit – kibermuhitga aylanib bormoqda. Shu bilan birga, Internet tarmog‘i foydalanuvchilari soni ham juda tez o‘sib borayotganligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Hozirgi davrda Yer kurrasining deyarli 2 milliarddan oriq aholisi mazkur tarmoq foydalanuvchisi hisoblanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shunchalik jadal tusda rivojlanmoqdaki, bugungi kunimizdagi innovatsion yutuqlar ertaga «eskirib» o‘rniga yangilari paydo bo‘lmoqda. Mazkur jarayonlarni o‘rganish ham shunchalik tezkorlikni talab etishi tabiiy holat. Shu boisdan ham go‘yo odamlar zamon talabi bilan allaqanday o‘zgacha tabiatli, «shoshqaloq» bo‘lib qolgandek tuyuladilar.

on_29_06_2014_1

Innovatsiyalar zamonaviy olamning insoniyat iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining muhim qismiga aylangan. Internet-muhit insonga muloqot uchun zarur muhitga aylandi va quyidagi maqsadlarda xizmat qila boshladi:

  • kiberkommunikatsiyalar – zamonaviy insonlar do‘st va yaqinlariga aylangan ijtimoiy tarmoqlarda muloqotda bo‘lish;
  • dam olish va ko‘ngilochish vaqtlarini o‘tkazish, kompyuter o‘yinlari va turli ilovalardan foydalanish;
  • bilim manbai (Internet barcha uchun ochiq bilimlar «xazinasi»dir);
  • turli axborot olish manbai.

Internet tarmog‘i axborot resurslari ta’lim olish, kundalik hayotdagi ishlarni tezkorlik bilan amalga oshirishda katta ahamiyatga molik. Keyingi davrlarda «onlayn muloqot» tushunchasini tez-tez eshitamiz. «Onlayn muloqot» – shaxs tarbiyasiga psixologik va ijtimoiy jihatdan ta’sir etadi. Ayrim yoshlarda yangi qiziqish, motiv va maqsadlar yuzaga kelishi mumkin. Internet tarmog‘i foydalanuvchilari o‘z ehtiyojlarini virtual qondirish yo‘lida haqiqiy hayotdagi fiziologik va ma’naviy ehtiyojlarini unutishlari ham mumkin.

Kiberreallik kompyuter o‘yinlari virtual olamida taqdim etiladigan Internet-muhit bilan o‘rin almashadi, o‘smir-yoshlar ongida o‘z-o‘zini anglash, motivatsion shaxsiy ehtiyojlariga ta’sirini ko‘rsatadi. Zamonaviy inson kundalik hayotda katta hajmdagi axborotlarga duch keladi va dolzarb axborotlar oqimini qabul qiladi. Shu jihatdan ham XXI asr shaxsi ko‘proq stressli holatlarga duch keladi. Bu esa shaxs ruhiyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Ko‘pincha vaqt yetmasligi, psixologik zo‘riqish inson organizmi va psixikasiga ta’sir etib, ruhiy zo‘riqish, tushkun kayfiyat, depressiya, nevroz holatiga olib kelishi mumkin. O‘smir-yoshlarning Internet-muhitidagi ko‘plab axborot-resurslaridan foydalanishi ularning psixik jarayonlariga quyidagicha ta’sir etishi mumkin:

  • anglash jarayonlariga, sezgi, diqqat, tasavvur, xotira va nutqlari;
  • emotsional-motivatsion, xususan: hissiy holati, emotsiya va hissiyotlari, ehtiyoj, motivatsiya;
  • shaxsiy tabiati, jumladan: xarakter va temperament, individual xususiyatlari;
  • anglash, faoliyat, shaxslararo munosabatlar haqiqiy voqelik o‘rnini kibermuhit egallashidan iborat. Kompyuter texnologiyalari va mobil aloqasi shaxsning o‘zini anglashi va motivatsion-ehtiyojlar muhitini, psixologik, axloqiy va ma’naviy olamiga salbiy ta’sir etib, o‘zgartirishi mumkin.

Zamonaviy psixolog, pedagog olimlar axborot-kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalarining shaxs kamolotida tutayotgan o‘rniga alohida e’tibor qaratgan holda kelajak avlodning turli salbiy holatlar, ya’ni Internetga qaramlik, kompyuter o‘yinlariga berilib ketib, real hayotiy vazifalarini unutish, ijtimoiy tarmoqlar salbiy oqibatlarining oldini olishga yo‘naltirilgan dolzarb masalalar ustida ish yuritishlari hamda o‘smir-yoshlarga ko‘proq ta’limiy, rivojlantiruvchi, til va boshqa sohalarda o‘rgatuvchi dasturlardan foydalanish metodlarini joriy etishlari zarur. Masalan, Internet olamida o‘zlariga zarur bo‘lgan foydali axborotdan to‘g‘ri foydalanish salohiyatlarini shakllantirish lozim. Zamonaviy Internet taqdim etadigan ijobiy axborot-resurslari bilan bir qatorda, ayrim virtual olamdagi axloqsizlik, buzg‘unchilikni targ‘ib etuvchi axborotlar, salbiy ta’sirli kompyuter o‘yinlarining xavfli ta’siridan bolalar va o‘smirlarni himoya etish dolzarb masalaga aylanib ulgurgan. Internet-resurslarini turli soha mutaxassislari, jumladan, pedagogik va psixologik nuqtai nazaridan nazorat qilish lozim. Bu borada, ayniqsa, ota-ona nazoratini amalga oshiruvchi kompyuter dasturlaridan foydalanish zarur. Shu boisdan ham umumta’lim maktablari va boshqa ta’lim muassasalarida o‘sib kelayotgan avlod ongini chalg‘ituvchi axborotlardan o‘zlarini himoya etish immunitetini shakllantirish kattalarning muhim vazifasidir. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari o‘smir-yoshlarni jalb etarkan, ta’im tizimida foydalanilishi zarur bo‘lgan innovatsion psixologik-pedagogik dasturlar yaratish davr talabidir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq