Oliy ta’lim muassasasi kafedralari elektron kutubxonasini yaratish
29.06.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Ulug‘bek Karimov, O‘ktam Karimov.

oliy_29_06_2014

Bugungi kunda, O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlarini ko‘rsatish sifat jihatidan rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Respublikada qabul qilingan bir qator qarorlar, sohaga oid qonun hamda amalga oshirilgan loyihalar buning yaqqol isbotidir.

O‘zbekiston Respublikasida axborotlashtirish va kutubxonashunoslik sohasiga oid normativ hujjatlarda elektron kutubxonaning asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagicha belgilangan.

• kitobxonlarga taqdim etish qiyin bo‘lgan yoki cheklangan axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishni ta’minlash;
• faqat elektron shaklda mavjud bo‘lgan axborot-kutubxona resurslaridan foydalanishni ta’minlash;
• katta hajmli axborot bilan ishlashda foydalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratish;
• xizmat ko‘rsatishning sifati va tezkorligini oshirish, foydalanuvchilarga elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini taqdim etish hisobiga axborot-kutubxona muassasalari xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish;
• kutubxona texnologiyalarini modernizatsiya qilish;
• elektron kutubxonaning axborot-kutubxona resurslarini jahon axborot makoniga integratsiyalash;
• elektron axborot-kutubxona resurslarini uzoq muddat saqlash;
• ma’lumotlar bazasini yaratish uchun ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash;
• to‘liq matnli hujjatlarni ko‘chirishning kengaytirilgan imkoniyatlari bilan birgalikda izlashning kuchli tizimini yaratish;
• axborot-kutubxona resursini elektron shaklda raqamlash;
• axborot-kutubxona resurslarining elektron shakli holatini axborot va telekommunikatsiya texnologiyalaridagi o‘zgarishlarga moslashtirishni ta’minlash;
• boshqa axborot-kutubxona muassasalarining elektron kutubxonalari tarmog‘iga ulanishini ta’minlash;
• xodimlar va foydalanuvchilarni elektron kutubxonalardan foydalanish qoidalariga o‘qitish.

Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish maqsadida, axborot kutubxona muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimlarini joriy etish orqali elektron kutubxonalar yaratishga kirishildi. Respublika OTM’ning 60dan ortiq axborot-resurs markazlari (ARM) optik tolali kabellar bilan birlashtirilib, Korporativ tarmoq ishga tushirildi. Respublika OTM qoshidagi ARM’larning yig‘ma elektron katalogi shakllantirilmoqda. Korporativ tarmoqda axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi (ARMAT)dan foydalanilmoqda. Mazkur tizim Respublikaning barcha OTM ARM’lariga joriy qilingan. Hozirgi kunda yig‘ma elektron katalogdagi bibliografik yozuvlar soni 600 000dan ortib ketdi.

Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimlarini OTM ARM tatbiq qilish serxarajat va ko‘p vaqt talab qiladigan ish hisoblanadi. Tizimning elektron katalogiga bir hujjatni kiritish uchun o‘rtacha 15 daqiqa vaqt sarflanishini va ARM fondida taxminan 30 000 nomdagi hujjatlar soqlanishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, oliy ta’lim muassasasining elektron katalogini yaratishga qancha vaqt ketishini hisoblab topish mumkin. Ayni paytda, universitetlar kafedralarida yaratilayotgan darsliklar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, ma’ruzalar matnlari, taqdimotlar, himoya qilingan dissertatsiyalar va ularning avtoreferatlari, magistrlik dissertatsiyalari hamda o‘quv uslubiy komplekslarning elektron kutubxonasini yaratish ham dolzarb vazifa sifatida kun tartibidan joy olmoqda. ARM xodimlari birinchi navbatda, ARM fondi modeli bo‘lgan elektron katalog ma’lumotlar bazasini shakllantirishga kirishishi kerakmi? Yoki kafedralardan ARM’ga berilayotgan elektron resurslarni elektron kutubxona fondiga joylashtirilishi bilan shug‘ullanishi kerakmi?

Fikrimizcha ARM xodimlari dastlab o‘z fondlaridagi hujjatlarni elektron catalog ma’lumotlar bazasiga kiritish bilan shug‘ullansalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi

Kafedralarda yaratilayotgan elektron resurslarni kataloglashtirish jarayonining bir qismini kafedra o‘qituvchilari zimmasiga yuklash, ya’ni kafedraning elektron kutubxonasini yaratish samarali natijalar berishi mumkin. Kafedraning elektron kutubxonasini yaratish uchun kafedra xodimlari quyidagi ishlarni amalga oshirishlari kerak:
1. Kafedrada yaratilgan elektron resurslar ekspertizadan o‘tkaziladi va elektron kutubxonaga joylashtirish uchun tasdiqlanadi.
2. Tasdiqlangan resurslar kafedraning elektron kutubxonasiga joylashtirishga tayyorlanadi.
3. Elektron kutubxonani tashkil etuvchi tizim bilan ishlash (ARMAT) o‘rganiladi.
4. Kafedra o‘qituvchilari elektron kutubxona fondini shakllantirish ishlarini boshlaydilar.

O‘z navbatida, ARM xodimlari tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
1. Kafedra o‘qituvchilarining ARMAT dasturi bilan ishlashi uchun universitet ARM’dagi serverda joylashgan tizimga erkin kirishlari ta’minlanadi.
2. Kafedra elektron kutubxonasi fondini shakllantirish uchun ARMAT dasturida maxsus ish varaqasi ishlab chiqiladi.
3. ARM rahbari tomonidan tayinlangan xodim elektron kutubxonaning elektron katalogiga kiritilgan bibliografik yozuvlarning to‘g‘riligini nazorat qilib boradi.

Sxemada oliy ta’lim muassasasi kafedralarining elektron kutubxonasini tashkil qilish sxemasi keltirilgan.

oliy_29_06_2014_1

OTM kafedralarining elektron resurslaridan foydalanib elektron kutubxona yaratish algoritmi
Har bir OTM’ning elektron kutubxonasi tashkil qilinganda tabiiyki, ARM’ning fondida mavjud bo‘lgan resurslar kiritiladi, bundan tashqari, elektron kutubxonaning kontentiga kafedralarning axborot resurslarini kiritilsa, OTM elektron kutubxonasining qimmatini oshiradi. Qolaversa, kafedra ishlanmalari barchaga qulay yo‘l bilan yetkazib berilishi mumkin. Buning uchun quyidagi ishlar ketma-ketligini (ARMAT dasturi asosida) amalga oshirish kerak:
1. OTM’ning barcha kafedralari muassasa sifatida ro‘yxatga olinadi;
Buning uchun: tizimga administrator bo‘lib kiriladi va muassasalar bandiga o‘tib, muassasa nomi kiritiladi).

oliy_29_06_2014_2

oliy_29_06_2014_3

2. Barcha kafedra uchun alohida baza ochiladi;
Buning uchun: ma’lumotlar bazasi bo‘limiga o‘tiladi, ma’lumotlar bazasining nomi, ochqich so‘zi kiritiladi, muassasaga bog‘lanadi va qo‘shish tugmasi bosiladi.

oliy_29_06_2014_4

3. Alohida ochilgan baza bilan ishlash uchun foydalanuvchiga katalogizator login va paroli beriladi va o‘zining bazasi bilan bog‘lab qo‘yiladi (ma’lum login va parol faqatgina bog‘langan muassasa bazasi bilan ishlashi mumkin);
Buning uchun: foydalanuvchilar bandiga o‘tiladi, foydalanuvchi nomi, logini, paroli kiritiladi va tegishli muassasaga bog‘lanib, qo‘shish tugmasi bosiladi.

oliy_29_06_2014_4

4. Kafedra axborot-resurslarini kataloglashtirish uchun maxsus ishchi sahifa tuziladi;
Buning uchun: kiritish shakllari bandiga o‘tiladi. Yangi ishchi sahifa nomi kiritiladi. Masalan: «kafedra axborot resurslari». So‘ngra maydonlar oliy_29_06_2014_15 tugmasi bosiladi va kerakli maydonlar tanlab qo‘yiladi.

oliy_29_06_2014_5

oliy_29_06_2014_6

oliy_29_06_2014_7

5. Har bir kafedra katalogizatorlari tomonidan kafedralarining axborot resurslarini maxsus tuzilgan ishchi sahifadan foydalanib, kafedra elektron kutubxonasiga kiritiladi;
Buning uchun har bir kataloglashtiruvchi o‘zining login va parolidan foydalanib, o‘zining elektron katalogiga kiradi va yangi adabiyot kiritish tugmasini bosadi. Natijada sahifa ochiladi. Ushbu sahifadagi maydon va maydonostilarini to‘ldirib, 900A maydoniga to‘liq matn ulab qo‘yiladi.

oliy_29_06_2014_8

6. Axborot-resurs markazining maxsus komplektatori kafedra elektron kutubxonasini ko‘rib chiqadi va ARM fondiga kelib tushgan resurslarning bibliografik yozuvlarini ARM elektron katalogiga ko‘chirib oladi;
Buning uchun, komplektator kafedraning elektron katalogini ochadi. EKda joylashgan bibliografik yozuvni belgilaydi va EXPORT tugmasini bosadi. Ochilgan oynada yangi ishchi sahifaga o‘tkazish bandiga belgi qo‘yiladi, «kataloglashtirish» (hujjat turiga qarab tanlanadi) ishchi sahifa o‘rnatiladi va ARM bazasiga import qilib olinadi).

oliy_29_06_2014_9

oliy_29_06_2014_10

oliy_29_06_2014_11

oliy_29_06_2014_12

7. Axborot-resurs markazining katalogizatori ko‘chirib olingan bibliografik yozuvni qolgan tavsif elementlarini kiritadi va shu tariqa, OTM’ning elektron kutubxonasini shakllantirib boradi;
Buning uchun, ARM katalogizator o‘zining bazasidagi yozuvni topib, o‘ng tomonidagi oliy_29_06_2014_16 tahrirlash tugmasini bosadi. Ochilgan sahifada qolgan maydonlar to‘ldirib qo‘yiladi va tahrirlash tugmasi bosiladi.

oliy_29_06_2014_13

Kafedra elektron kutubxonasi yaratilayotganda, elektron kutubxonaga joylashtirilayotgan hujjatlar 3 xil maqomga ega bo‘lishi mumkin:
1. Ochiq;
2. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchiga ochiq;
3. Shartnoma asosida.

«Ochiq» maqomga ega hujjatlarning to‘liq matni barchaga havola qilinadi va hech qanday login va parol talab etilmaydi. Kafedraga tegishli bo‘lgan normativ hujjatlar ochiq maqomda joylashtirilishi tavsiya qilinadi. «Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga ochiq» maqomida turgan hujjatlar faqatgida identifikatsiya va autentifikatsiyadan o‘tgan foydalanuvchilarga havola qilinadi. Muassasa ARMi ro‘yxatidan o‘tgan talabalarga, professor-o‘qituvchilarga qolaversa, boshqa xodimlarga login va parol beriladi. Ana shu login va parol kiritilganidan so‘ng foydalanuvchi elektron kabinetiga kiradi va resursning to‘liq matnini ko‘chirib olish imko-niyatiga ega bo‘ladi. Kafedrada ishlab chiqilgan o‘quv-uslubiy majmua, amaliy mashg‘ulotlarning ishlanmalari, laboratoriya mashg‘ulotlarning ishlanmalari, ilmiy maqolalar, talabalarga havola etilishi mumkin bo‘lgan darslik, o‘quv qo‘llanmalar ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga ochiq maqomida joylashtirilishi mumkin. Agar kafedra resursi tijorat maqsadida yaratilgan bo‘lsa, ushbu hujjatga «shartnoma asosida» maqomi o‘rnatiladi. Bunday maqomga ega bo‘lgan hujjatlarga to‘liq matn ulangan bo‘lsada, u hech kimga havola etilmaydi. Faqatgan ushbu hujjatni olishi uchun murojat nuqtasi va batafsil annotatsiyasi beriladi.

oliy_29_06_2014_14

Kafedralarda yaratilayotgan elektron resurslarning elektron kutubxonasini yaratishda o‘qituvchilarning ishtiroki elektron resurslarni kataloglashtirish jarayonini tezlashtiradi. Elektron resurs annotatsiyasini va ochqich so‘zlarni tizim elektron katalogiga kiritishda muallifning ishtiroki resurs to‘g‘risidagi bibliografik axborotning foydalanuvchiga o‘ta yuqori sifatli hamda tezkor yetkazilishini ta’minlaydi. OTM kafedralarining elektron kutubxonalaridagi elektron resurslar ARM serveriga joylashtirilgach, Respublika OTM Korporativ tarmog‘idagi Korporativ elektron kutubxona orqali ixtiyoriy ta’lim muassasasining kafedrasida yaratilgan elektron resursni ko‘rish mumkin. Bunday imkoniyat OTM professor-o‘qituvchilar va talabalarni axborotlar bilan tezkor ta’minlash imkoniyatini yaratadi.

Foydalanilgan adabiyotlar
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori: «Elektron kutubxona to‘g‘risidagi namunaviy nizomni hamda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida va kutubxonalarda to‘liq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvalini tasdiqlash to‘g‘risiida». (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2011-yil, 27-son, 285-modda).
2. U. F. Karimov, M. A. Rahmatullayev. Elektron kutubxona: yaratish texnologiyasi va resurslaridan foydalanish / U. F. Karimov, M. A. Rahmatullayev; mas’ul muharrir A. O. Umarov. — Toshkent.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti. — 2010. — 136 b.
3. U. F. Karimov, M. A. Rahmatullayev. Korporativ elektron kutubxona: yaratish texnologiyasi va ma’lumotlar bazasini shakllantirish. (uslubiy qo‘llanma) /Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. — Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2011. — 70 b.
4. M. A. Rahmatullayev, U. F. Karimov. Korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimi (KARMAT-U): Uslubiy qo‘llanma. Toshkent: KOMRON PRESS, 2012. — 113 b.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq