Andijon viloyatida AKT rivojlanishi interaktiv xizmatlar sifatini oshirmoqda
29.06.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Lutfiyor Abdurahimov.

andi_29_06_2014

Bugungi kunda global axborot tarmog‘i Internet foydalanuvchilari bu tarmoqning bilimlar saqlanadigan joyidagi deyarli istalgan maxfiy bo‘lmagan ma’lumotni olishlari mumkin. Yurtimiz faxri bo‘lgan obidalarni, san’at asarlarini shu kabi qiziqarli bo‘lgan boshqa xilma-xil ma’lumotlarni ko‘rish imkoni mavjud.

Bu supertarmoqning foydalanuvchilari o‘rganishi uchun kerakli mavzu bo‘yicha ularni qiziqtirgan maqolani yoki maqolalar to‘plamini topa oladi, tarmoqda o‘zining yangi ishini “chop etishi”, uni manfaatdor mutaxassislar bilan muhokama qilishi mumkin. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi bugungi kunga kelib, o‘zining juda yuqori darajasiga kelgan. Kundalik hayotimizni uning o‘rnisiz tasavvur qilish ancha mushkul.

Jamiyat taraqqiyotida yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar barcha sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bu ta’sir shunchalik kuchliki, axborot texnologiyalarida bo‘layotgan o‘zgarishlar yillar mobaynida emas, balki oylar, kunlar ichida o‘zgarib, boyib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, kashfiyotlar orasidagi vaqt tafovuti tobora qisqarib bormoqda. O‘tgan asrdagi singari biror kashfiyot uchun 30 yil yoki 30 kunni kutib turishga hojat yo‘q, har kuni bir yangilik navbat kutib turadi. Bu orqali anglash mumkinki, hozir hech kim o‘zi yaratgan kashfiyoti bilan uzoq maqtana olmaydi, oradan 3 kun o‘tib, undan-da mustahkam, yanada mukammalashgan variant chiqishi shubhasiz.

Eng yangi axborot texnologiyalarini qo‘llash jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim sharti. Axborot texnologiyalari rivojining hozirgi bosqichida, axborot texnologiyalari kun sayin hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olmoqda. Sohada shunchalik aql-bovar qilmas ishlar amalga oshirilmoqdaki, bundan inson hayratga tushadi. XXI asrni axborotlashtirish va kommunikatsiya asri deb bejiz atashmaydi. Tashkilotlarga o‘rnatilgan avtomatlashtirish jihozlari yildan-yilga yangilanib, texnik jihatdan takomillashtirilib borilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yangi asrda axborot texnologiyalari bilan ishlash va axborotlashtirish juda rivojlandi. Bunga sabab kundalik turmushda axborot, ularni qayta ishlash va uzatishning ahamiyati ortib borayotgani bilan bog‘liq. Bu o‘z navbatida, jamiyatning har bir a’zosidan axborotlashtirish va axborot texnologiyalari sirlari, uning qoida va qonuniyatlarini mukammal bilishni taqozo etadi.

andi_29_06_2014_1

Jahoning rivojlangan mamlakatlarida AKT’ni barcha sohalarga jalb etilishi globallashuv jarayonini tezlashtirmoqda hamda oddiy hayot turmush tarzimizga ham turli xil yengilliklar kirib kelmoqda. Barcha jabhalarda innovatsion texnologiyalar kirib kelmoqda. Hayotimizga yangilik olib kelgan innovatsiyalardan yana biri ilmiy laboratoriyalarda yuzaga keldi. Olimlar ko‘plab organizmlarning genetik tuzilishini tushuntirib berdilar. Texnologiyalar va internet rivoji moliyaviy operatsiyalar, bank xizmatlarini ham takomillashtirdi. Qulaylik shundaki, endi bizda internet yordami bilan bankdagi hisob-raqamimiz, kredit-kartochkamizni tekshirish, shuningdek, turli hisob-kitoblar va to‘lovlarni istagan paytda amalga oshirish imkoniyati bor.

Andijonda AKT yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar ularning huquqiy mustahkamlanganligi, Qonunlar, Farmonlar hamda Qarorlar ijrosi
Andijon viloyatida ham mamlakatimiz rivoji uchun barcha yo‘nalishlarda jadal ishlar olib borilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) hayotimizning barcha jabhalariga izchil kirib bormoqda. Mamlakatimizda axborotlashgan jamiyat qurish bo‘yicha xalq xo‘jaligi sohalarida, ishlab chiqarish va ta’lim tizimida keng miqyosda islohotlar olib borilmoqda. Axborotlashtirish, zamonaviy AKT’ni jadal rivojlantirish hamda jamiyatning barcha sohalarida undan samarali foydalanish borasida ustivor yo‘nalishlar belgilangan. Axborotlashtirishni rivojlantirish, iqtisodiyot va jamiyat hayotining barcha sohalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya vositalarini ommaviy ravishda joriy etish hamda ulardan foydalanish, fuqarolarning axborotga ortib borayotgan talab-ehtiyojlarini yanada to‘liqroq qondirish, jahon axborot resurslaridan barhamand bo‘lishni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish aloqa va axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish mustaqilligimizning 22 yilligi mobaynida kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi, Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan qabul qilingan dasturlar va ish rejalariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Andijon viloyatida ham axborot-kommunikatsiya texnolgiyalarini keng joriy etish bo‘yicha ma’lum ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimligining rasmiy veb-sayti ishga tushirilishi bilan viloyat hayotidagi muhim yangiliklar, xabarlar, quri-lish, kommunal, iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib borilmoqda, 12ta davlat interaktiv xizmatlari va qo‘shimcha 9ta interaktiv xizmatlar keng yoritilyapti.

andi_29_06_2014_2

Hokimliklar va boshqarmalarda korporativ kompyuter tarmoqlarini yaratilishi, quyi tuzilmalar bilan qog‘ozsiz hujjat almashinuvining yo‘lga qo‘yilishi ish sifatini yaxshiladi, faoliyat samaradorligini oshirdi. Viloyatda idora va tashkilotlarning xodimlarini AKT bo‘yicha bilim va saviyalarini oshirish bo‘yicha viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbir rejasiga asosan Andijon mashinasozlik institutining malaka oshirish markazida, yil davomida xodimlarni AKT bo‘yicha bilim va saviyalarini oshirish bo‘yicha institutning malaka oshirish markazida barcha shaharlar va tumanlar hokimliklari, viloyat tashkilotlarining rahbar kadrlari hamda mutaxassislari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan va bu borada ishlar davom etmoqda. O‘quv mashg‘ulotlariga 91ta viloyat tashkilotlarining 1000 nafardan ortiq rahbar kadrlari va mutaxassislari qatnashib ularga:

  • mahalliy boshqaruv organlarida ish yuritishni tashkil etish va boshqaruvni amalga oshirishda axborot kommunikatsiya texnologiyalarining roli;
  • mahalliy hokimliklarda, korxonalarda, tashkilotlarda hamda muassasalarda hujjatlar bilan ishlashda ijrochilik intizomiga rioya qilish;
  • axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar;
  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilganda axborot xavfsizligi hamda kelgusidagi muhim vazifalar yo‘nalishlaridagi mavzularda malakali mutaxassislar bilan birgalikda ma’ruzalar o‘qilishi rejalashtirilgan.

Viloyatda, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar bilan ham muntazam ravishda seminarlar, yig‘ilishlar o‘tkazib borilmoqda. Ular tomonidan viloyatining turli jabhalarida ish faoliyatini avtomatlashtirish uchun muhim va kerakli bo‘lgan milliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Hududiy boshqarma tomonidan hozirgi kunda viloyatidagi mahalliy davlat organlari va idora boshqarmalariga ham sifatli, keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan lokal va korporativ tarmoqlar tashkil qilinishida hamda ularning faoliyatida to‘g‘risida aholini tanishtirish yuzasidan ushbu idoralarning veb-sahifalari ishlab chiqilishida va ko‘rsatiladigan xizmatlarini interaktiv shaklga o‘tkazishga amaliy yordam berilmoqda.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, AKT’dan foydalangan holda jismoniy va yuridik shaxslar orasida tezkor muloqot va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlardan keng qamrovli foydalanishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 23-avgustdagi 181-sonli «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori asosida «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari haqidagi Nizom» va «Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reyestri» tasdiqlangan.

Endilikda axborotlashgan jamiyat sohalarida ma’lumotlarga ishlov berish, qayta ishlash, maqsadga ko‘ra ularni shakllantirish va real vaqt oralig‘ida o‘z egasiga yetkazib berish kabi maxsus xizmatlarni amalga oshiruvchi avtomatlashgan axborot tizimlari yordamida ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlarlarga talablar kundan-kunga ortib bormoqda. Demak, har qanday soha tashkilotida tezkor interaktiv xizmatlarni amalga oshirish uchun avvalambor, tashkilot texnik jihozlar, kompyuterlar va ularga mos zamonaviy dasturiy ta’minotlar bilan ta’minlangan hamda avtomatlashgan boshqaruv tizimiga ega bo‘lishi zarur.

Bu sohada erishilgan yutuqlar qatoriga Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida «Axborot-ta’lim portali»ning yaratilishi, Multimediya umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazining ishga tushirilishi, ZiyoNet axborot-ta’lim tarmog‘ining tashkil etilishi va har bir ta’lim muassasasida axborot-resurs markazlarini tashkil etilishi hamda ularni veb-saytlarini Internet tarmog‘iga qo‘yilishini keltirish mumkin. Ayni paytda davlat hokimiyati organlariga veb-saytlar va O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali (www.gov.uz) orqali to‘rt yuzdan ziyod interaktiv davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Portal davlatimiz rahbarining 2013-yil 14-fevraldagi Qarori bilan tasdiqlangan «Obod turmush yili» Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrda qabul qilingan «Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Viloyatimizda barcha tashkilotlarni hisobga olganda, hozircha yagona portal orqali qariyb oltmishta xizmatdan foydalanish mumkin. Ular orasida avtomatik rejimda ko‘rsatiladigan xizmatlar ham bor. Masalan, «Yuridik va jismoniy shaxslarning statsionar telefon aloqasi va internet xizmatlariga ulanish uchun ariza qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish», «Davlat soliq xizmati organidan soliq bo‘yicha qarzdorlik yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotnoma olish uchun ariza qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish», «Telekommunikatsiyalar sohasida litsenziya olish uchun ariza qabul qilish» va boshqalar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun turli sohalarga oid ruxsat beruvchi hujjat olish uchun ariza jo‘natish imkonini beradigan xizmatlar ham ishlab chiqildi. Yaqin kunlarda aholining kommunal xizmatlarni uyda turgan holda to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha interaktiv xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilishi ustidan ishlar olib borilmoqda. Internet tarmog‘i mavjud bo‘lgan joylarda ushbu xizmatlardan foydalanish mumkin.

Internet kafelar faoliyati
Viloyatda bugungi kunda 629 mingdan ortiq Internet tarmog‘idan foydalanuvchilar mavjud bo‘lib, har ming nafar aholiga 209 nafar foydalanuvchi to‘g‘ri kelmoqda. 54ta internet tarmog‘idan ommaviy foydalanish maskanlari, ya’ni «Internet-kafe»lar xizmat ko‘rsatmoqda. Viloyatlarda litsenziya talabgorlaridan hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirilgan litsenziya blankalarini talabgorlarga yetkazish va shu kabi ishlarni O‘zAATTDQ’ning viloyatlardagi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi. Telekommunikatsiyalar sohasida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish va xizmatlar ko‘rsatish faoliyati litsenziya talab qiladi. Shuningdek, bu faoliyat turlari mahalliy, shaharlararo, xalqaro, ko‘chma radiotelefon aloqasi, shaxsiy radio chaqiruvlar, ma’lumotlar uzatish va teleko‘rsatuvlarni uzatish tarmoqlariga bo‘linishi mumkin. Ma’lumotlar uzatishning ommaviy foydalanish joylari (Internet kafe) uchun litsenziya olish bir muncha soddalashtirilgan.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq