Internet manbaalarida tarbiya masalalari
28.06.2014
Rukn: Internet.
Muallif: Norbyi Ishonqulova, Gulbahor Ishaqova.

inter_28_06_2014

Ma’naviy yuksak fazilatlarga ega bo‘lgan insonni shakllantirish hozirgi kunning asosiy vazifalaridan bo‘lib, ma’naviy xislatlarga ega bo‘lish muhim ijtimoiy ehtiyoj ekanligi, uni har bir insonda tarbiyalash birinchi darajali ahamiyat kasb etmoqda. Yuksak ma’naviyat uchun kurash murakkab jarayon. Zero, jamiyatning ma’naviy asoslarini mustahkamlamay, uning har bir a’zosida yuksak ma’naviy sifatlarni rivojlantirmasdan turib farovon va madaniy hayotni qurish mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov mustaqil O‘zbekistonning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashni davlatimizning yangilanishi va taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biri sifatida ta’kidlagan (Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. — T.: Ma’naviyat, 2008. — 176 b.). Oliy ta’lim muassasalarida talabalarni hatto davrimizdan juda uzoq asrlarda, turli mamlakatlarda yashab, ijod qilgan psixologiya, pedagogika, xususiy uslubiyotlar rivojiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk olimlar faoliyati bilan chuqur tanishtirish zarur. Bunda hozirgi davrimizda eng yaqin yordamchimizga aylangan global axborot tarmog‘i — Internet muhim o‘rin tutmoqda.

Mamlakatimizda Internet rivoji, ayniqsa, internet tarmog‘i milliy segmentining axborot-resurslarida ulug‘ allomalar, buyuk yurtdoshlarimiz, qomusiy olimlar: Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Al Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek va adiblar Alisher Navoiy, Bobur kabi zotlarning tarixiy, ilmiy va ma’naviy asarlari yoritib borilayotganligi, oliy ta’lim muassasalari axborot-kutubxona markazlarida ham ularning ma’naviy ta’lim-tarbiyaga oid qarashlari bilan talabalarni tanishtirish hamda ilmiy asarlari mazmun-mohiyatidan keng foydalanish imkonining taqdim etilayotganligi quvonarli holdir.

Ma’lumki, qadimgi qo‘lyozma yodgorlik asarlar va allomalarning ta’lim-tarbiyaga oid qarashlarida ma’naviy-axloqiy tarbiya mezonlari ham ishlab chiqilganki, bu mezonlar talabalarda ma’naviy sifatlarni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Mazkur ma’naviy sifatlar: maqsad sari intiluvchanlik, bilimga intilish, poklik, adolat, haqi-qatgo‘ylik, donolik, saxiylik va muruvvatlilik, bolalar va keksalarga g‘amxo‘rlik, jiddiylik, jasurlik va boshqalardir (O‘zbek pedagogikasi tarixi // A. Zunnunov tahriri ostida. — Toshkent: Sharq, 2005. — 272 6.).

inter_28_06_2014_1

AKT vositasida, ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarlarni ulug‘ allomalar merosi bilan nafaqat tanishtirish, balki bu merosga qiziqish uyg‘ota bilish, ularning hayoti va ilmiy faoliyati, pedagogik fikr va qarashlari haqida yangi, yanada to‘liq bilimlarni mustaqil ravishda egallashga intilishga undash, mazkur fikr va g‘oyalardan o‘z faoliyatlarida foydalanishga rag‘bat uyg‘otishi lozim. Qomusiy olimlarning tarbiyaviy jarayonlarga bo‘lgan fikrlari ularning o‘zlari yashab ijod qilgan ijtimoiy-iqtisodiy davr ta’sirida shakllangan edi. Mazkur tarixiy manbalarning qimmati asarlar mazmuni tub mohiyatida, ularda bayon qilingan pedagogik masalalarda namoyon bo‘ladi. Shunga ko‘ra qomusiy olimlar faoliyatini to‘g‘ri targ‘ib qilish ishlarini rivojlantirish madaniyatimizga, tarbiyamizga bo‘lgan munosabatni ijobiy jihatdan shakllantirishda ma’lum ahamiyat kasb etadi.

Masalan, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy-ma’rifiy qarashlarida talaba-yoshlarning ma’naviy qiyofasi, sifatlari, aql va bilim, ijodkorlik, xulq-odob, muloqot, insoniy munosabatlar, tinimsiz mehnat va mehnatsevarlik, sog‘lom turmush tarzi kabi ma’naviy sifatlar ulug‘lanib, bular inson va uning kamoloti, yuksak axloqiylik, bilimlilik, uning ko‘p qirraligi va chuqurligi, jismoniy salomatligi kabi masalalar yoritilgan. Mazkur ta’lim-tarbiya jarayonida mustaqil ta’lim, ustoz-shogird ta’limi muammolarini hal etishda munozara, bahs, suhbat, savol-javob metodlari ko‘proq qo‘llanilgan. Shuningdek, notiqlik san’atiga ham katta e’tibor berilgan. O‘z ustida mustaqil ishlash, tadqiqotchilik va o‘z fikrini isbotlash, mantiqiy fikrlash, nutq savodxonligi ham muhim sanalgan. Bu borada suhbat, ma’ruzalar, munozara, bahs, o‘z fikrini isbotlash, maslahat, o‘git, ishontirish asosida ma’naviy yuksaklikka intilishda namuna ko‘rsatgan notiqlar bellashuvi kabi ta’limning shakl, uslub, usullari qo‘llanilgan.

Davlatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini milliy g‘oya va milliy mafkuraga, ma’naviyatga bog‘langan holda ifoda etilishi ham buyuk tariximizni, ajdodlar o‘gitini yuzaga chiqarishning oliyjanob namunasidir. Yurtboshimiz ko‘pincha o‘z chiqishlarida komillikni orzu qilmagan, barkamol avlodlarni voyaga yetkazish yo‘lida qayg‘urmagan xalqning, millatning kelajagi yo‘q, deb ta’kidlaydilar. Shu fikrlar mazmun-mohiyatiga tayangan holda Internetda berib borilayotgan milliy axborot-resurslarimizda milliy va ma’naviy qadriyatlarimizga oid ma’lumotlarni yoritib borish zarur.

Ma’lumki, qadriyatlar tushunchasi inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va shu tufayli ular tomonidan baholanib qadrlanadigan tabiat va jamiyat ne’matlari, hodisalari majmuini qamrab oladi. Qadriyatlar, birinchidan, mavjud bo‘lgan tabiat va jamiyat ne’matlari, hodisalarini ifodalaydi, ikkinchidan, ularni qadriyat turkumiga kiritish va kiritmaslik kishi-larning ehtiyojlari, manfaatlari, maqsadlari, orzu-umidlari bilan belgilanadi; uchinchidan, tabiat va jamiyat ne’matlari, hodisalarning qadriyat turkumiga kiritilishining asosiy sababi — kishilar ularni qadrlaydilar, avaylab asraydilar, chunki bu qadriyatlar ularning shaxsiy va ijtimoiy turmushlarini boyitadi.

Qadriyatlar ijtimoiy xususiyatga ega bo‘lib, kishilarning amaliy faoliyati jarayonida shakllanadi va rivojlanadi. Qadriyatlar kishilarning turli sohadagi, avvalo, ishlab chiqarish, mehnat sohasidagi faoliyati uchun foyda keltiradigan narsa va hodisalar majmui bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi. So‘ngra asta-sekin subyekt faoliyatining ortib borishi oqibatida, nisbiy mustaqil soha tarzida amal qila boshlaydi. Tabiat va jamiyat hodisalari inson faoliyati natijasida, uning ehtiyojlari qondirganligi tufayli qadriyat sirasiga kiritiladi. (M. M. Xayrullaev. O‘tmish mutafakkirlari ta’lim-tarbiya haqida // Xalq pedagogikasi inson kamolotining asosi. 1-kitob. — Toshkent: O‘zPFITI, 1992. — 57 B).

Qadriyatlar o‘z mohiyatiga ko‘ra bir necha turga bo‘linadi. Inson va uning hayoti eng oliy qadriyat hisoblanadi. Inson yo‘q joyda biror narsaning qadr-qimmati to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham inson qadr-qimmatini e’zozlash, uning turmushini yaxshilash, bilimi va moddiy saviyasini rivojlantirish, sog‘lig‘ini saqlash, hayotini himoya qilish davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishini tashkil etadi.

Xalqni buyuk kelajak va ulug‘vor maqsadlar sari birlashtirish, mamlakatimizda yashaydigan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, har bir fuqaroning yagona Vatan baxt-saodati uchun doimo mas’uliyatni his etib yashashga chorlash, ajdodlarimizning bebaho merosi, milliy qadriyat va an’analariga munosib bo‘lishga erishish, yuksak fazilatli va komil insonlarni tarbiyalash, ularni yaratuvchanlik ishlariga da’vat qilish, shu muqaddas zamin uchun fidoiylikni hayotimiz mazmuniga aylantirish — milliy istiqlol mafkurasining bosh maqsadidir. Bu maqsad yo‘lidagi vazifalarni ado etishda Internet faqat o‘zining ijobiy hissasini qo‘shishi va o‘tmish allomalarimizdan bizgacha yetib kelgan manbalarni asrab-avaylash hamda saqlab, mazkur axborot-resurslarini ezgulik yo‘lida xizmat qilishini ta’minlash biz o‘qituvchi-olimlarning burchimizdir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq