O‘zbekiston-Koreya o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi
19.06.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Koreya Respublikasi ilm-fan, AKT va istiqbolni rejalashtirish vazirligi (MSIP) va O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrida O‘zbekiston-Koreya o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan konferensiya tashkil etildi.

kor_19_06_2014

Nufuzli tadbirda O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi va uning quyi tashkilotlari rahbarlari, vazirliklar va muasassalarning AKT bo‘linmalari mutaxassislar va Koreya Respublikasining AKT sohasida faoliyat yurituvchi tashkilot va kompaniyalaridan jami 180 dan ziyod vakillar, shu jumladan, Janubiy Koreyaning Axborot jamiyati milliy agentligi (NIA), Koreya internet va xavfsizlik agentligi (KISA), Elektronika va telekommunikatsiya ilmiy-tadqiqot instituti (ETRI) kabi bir qator nufuzli va yetakchi tashkilotlarning 40 nafardan ortiq rahbar va mutaxassislari ishtirok etishdi.

Konferensiya ochilishida yuqori texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan ikki davlat o‘rtasida imzolangan hamkorlik hujjatlari o‘zaro mustahkam aloqalarning asosi ekanligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi hamda Janubiy Koreyaning Fan, AKT va istiqbolli rejalashtirish vazirligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi samarali loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratmoqda.

Shuningdek, 2012 yilda aloqa va axborotlashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish maqsadida 2012 yilda axborotlashtirish sohasida O‘zbekiston-Koreya respublikalarining qo‘mitasi o‘z faoliyatini boshlagan edi.

Ta’kidlangani kabi, axborot texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham yutuqlarga erishilmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari bugun Janubiy Koreyaning Inxa universiteti, Fan va texnologiyalari bo‘yicha Koreya instituti (KAIST), Seul Milliy fan va texnologiyalar universiteti (Seoultech), Seul Milliy universiteti (SNU), Kyongxi universiteti, Yongnam universiteti bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Mazkur hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan joriy yilda Janubiy Koreyaning nufuzli Inxa universitetining fililali Toshkent shahrida faoliyatini boshlaydi.

kor_19_06_2014_1

Konferensiyada Koreya Respublikasidan so‘zga chiquvchi vakillar Koreyaning AKT sohasidagi tajribasi va hamkorlik istiqbollari haqida taqdimot qilishdi. Jumladan, «AKTning Koreya iqtisodiyotining barcha sohalariga joriy etilish strategiyasi», «Qishloq xo‘jaligida «aqlli fermalar»ni joriy qilishning hozirgi holati», «Qishloq xo‘jaligi sohasidagi mojarolar (insidentlar)ni prognozlashtirish va ularga nisbatan chora ko‘rish», «Qishloq xo‘jaligi sohasida elektron tijorat istiqbollari», «AKT vositasida milliy mahsulotlarni ilgari surish», «O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llari» kabi mavzularda taqdimotlar yig‘ilganlar e’tiboriga havola qilingan.

Tadbir yakunlari bo‘yicha quyidagi bir qator hujjatlar imzolandi:

– «UNICON.UZ» fan-texnika va marketing tadqiqotlar markazi va Koreya Respublikasi elektronika va telekommunikatsiyalar ilmiy-tadqiqot instituti (ETRI) o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;

– Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi va Koreyaning internet va xavfsizlik agentligi (KISA) o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum;

– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, «UZINFOCOM» markazi va Koreya Respublikasi axborot jamiyati milliy agentligi (NIA) o‘rtasidagi hamfikrlik haqidagi memorandum;

– Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Seul milliy universiteti (SNU) va Koreyaning ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha yetakchi instituti (KAIST) o‘rtasidagi hamfikrlik haqidagi memorandum;

– Toshkent tibbiyot akademiyasi va Koreyaning sharqiy tabobat instituti (KIOM) o‘rtasidagi hamfikrlik haqidagi memorandum.

Konferensiya yakunida mazkur tadbir aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish va O‘zbekistonda «elektron hukumati» tizimining joriy etish ishlarini faollashtirishga zamin yaratib berishi, shu bilan birga, BMTning reytingi bo‘yicha oxirgi to‘rt yil davomida elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha jahonning yetakchi hisoblangan davlatining axborot sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganishga qulay imkoniyat berishi ta’kidlandi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq