Тоshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim jarayoni: ustuvor vazifalar
29.05.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Аbdunabi Ergashev.

tuit_29_05_2014

Bugungi davrda jamiyatimizning barcha sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal sur’atlar bilan kirib kelmoqda. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarining ilg‘or yutuqlari va namunalari mamlakatimiz iqtisodiyotining ehtiyojlariga muvofiq ravishda davlat va xo‘jalik boshqaruvining barcha tarmoqlariga tatbiq etilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan axborot-kommunikatsiya tizimlarini har tomonlama rivojlantirish, bu sohani texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlarining rivojlanishi bo‘yicha jahonning yetakchi mamlakatlari darajasiga olib chiqish, eng asosiysi, bu masalani hal qiluvchi kuch bo‘lgan malakali yosh kadrlar tayyorlash yuzasidan juda katta va keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning davr talabiga mosligi hamda respublikamiz iqtisodiyotining real sektorlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda yetuk va malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)ning o‘rni o‘ziga xos. Universitet bu sohada tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash bo‘yicha nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinda turadi. Hukumatimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida jahon tajribasini hisobga olgan holda xalqaro standartlar darajasida kadrlar tayyorlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 26-martdagi «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1942-sonli Qarori qabul qilindi. Mazkur Qarorda TATU’ning kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash, mavjud ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni xalqaro standartlar darajasiga chiqarish, kadrlar tayyorlash yuzasidan xalqaro tajriba asosida hamkorlikni amalga oshirish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini AKT rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi va dasturlariga moslashtirish orqali iqtisodiyotning real sektorlari ehtiyojlariga yo‘naltirish bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalari belgilab berildi:

Zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni joriy etish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Qaroriga muvofiq 2013–2014 o‘quv yilidan quyidagi zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha (bakalavriat): Kompyuter injiniring («Kompyuter injiniring», «AT-servis», «Axborot xavfsizligi», «Multimedia texnologiyalari»); Dasturiy injiniring; Telekommunikatsiya texnolo-giyalari («Telekommunikatsiya», «Teleradioeshittirish», «Mobil tizimlari»); Televizion texnologiyalar («Audiovizual texnologiyalar», «Telestudiya tizimlari va ilovalari»); Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtisodiyot va menejment; Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi; Pochta aloqasi texnologiyalari; Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik.

tuit_29_05_2014_1

Mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha (magistratura): Kompyuter injiniring («Kompyuter tizimlarini loyihalash», «Amaliy dasturiy vositalarni loyihalash», «Axborot va multimedia texnologiyalari», «Axborot xavfsizligi, kriptografiya va kriptoanaliz»); Dasturiy injiniring; Telekommunikatsiya injiniringi («Axborot uzatish tizimlari», «Telekommunikatsiya tarmoqlari», «Teleradioeshittirish»); Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtisodiyot va menejment; Axborotlashtirish va kutubxonashunoslik.

Shuningdek, ushbu yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar universitetning hududiy filiallarida ham joriy etildi. Xususan, Kompyuter injiniring («Kompyuter injiniring», «AT-servis»); Telekommunikatsiya texnologiyalari («Telekommunikatsiya») va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi ta’lim yo‘nalishlari hamda Kompyuter injiniring («Kompyuter tizimlarini loyihalash») mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va fan dasturlarini xalqaro standartlar darajasida tayyorlash
Xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib, yangi tashkil etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejasidagi 63ta fanning o‘quv soatlari va 45ta fanning nomi va mavzular mazmuni o‘zgartirildi. Bundan tashqari, o‘quv rejaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanish tendensiyasiga mos 172ta yangi fanlar kiritildi. Magistratura mutaxassisliklari o‘quv rejasidagi 9ta fanning o‘quv soatlari va 7ta fan nomi va mavzular mazmuni o‘zgartirildi hamda 44ta yangi fanlar kiritildi. Ushbu o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘quv reja va Davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi. Universitetda o‘quv jarayoni yuqoridagi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan davlat ta’lim standartlari va o‘quv rejalari asosida tashkil etilgan. O‘quv rejalaridagi barcha fanlar dasturlari ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Universitet va filiallarining tarkibiy tuzilmasini yanada takomillashtirish
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida har tomonlama yetuk kadrlarni tayyorlash hamda xalqaro tajribani inobatga olib, universitet va uning filiallari tarkibiy tuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 28-iyundagi 188-sonli Qarori qabul qilindi. Universitet tuzilmasida o‘qitish sifati, o‘quv reja va fan dasturlari bo‘yicha «Prorektor-maslahatchi» lavozimi kiritildi, Janubiy Koreyadan tajribali mutaxassis jalb etildi. Vazirlar Mahkamasining mazkur qaroriga muvofiq, universitetdagi mavjud fakultet va kafedralarning nomlari va yo‘nalishlari xorijiy yetakchi ta’lim muassasalari tajribasi va davr talablari asosida qaytadan o‘zgartirilib, «Kompyuter injiniring», «Dasturiy injiniring», «Telekommunikatsiya texnologiyalari», «AKT sohasida iqtisod va menejment», «AKT sohasida kasb-ta’limi» va «Televizion texnologiyalar» kabi zamonaviy 6ta fakultetlar va ular qoshida 28ta kafedralar tashkil etildi. Farg‘ona va Samarqand filiallarida 2tadan fakultet, 7tadan kafedralar, Urganch, Qarshi va Nukus filiallarida 1tadan fakultet va 5tadan zamonaviy yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi kafedralar tashkil etildi.

Pedagog kadrlarni ilmiy salohiyatli mutaxassislar bilan ta’minlashva talabalar soni
Hozirgi kunda universitetda 418 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Ularning 16 nafari fan doktori, professorlar, 85 nafari fan nomzodi, dotsentlardir. 2013–2014 o‘quv yilida universitet va filiallariga 61 nafar magistr bitiruvchilari ishga qabul qilindi va 21 nafar katta ilmiy xodim-izlanuvchilar o‘quv jarayoniga jalb etildi.117 nafar o‘rindoshlik asosida yuqori malakali pedagog va amaliyotchilar ishga qabul qilingan, shundan, 37 nafari AKT sohasining mutaxassis-amaliyotchilari va tajribali mutaxassislaridir. Universitet filiallarida 282 nafar pedagog faoliyat olib boradiva ularning 62 nafari ilmiy salohiyatli kadrlardir. 108 nafar o‘rindoshlik asosida faoliyat olib bormoqda va ularning 24 nafari AKT sohasining tajribali mutaxassislaridir.

Talabalar uchun professor-o‘qituvchilar tomonidan ikki yil ichida 384ta o‘quv qo‘llanma, darslik va uslubiy qo‘llanmalar yaratildi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan jami 150 dan ortiq ochiq darslar o‘tkazilgan. Universitetda bakalavriat bosqichida 5911 nafar, shu jumladan maxsus sirtqida 107 nafar va magistraturada 351 nafar talaba tahsil oladi. Filiallarda esa bakalavriatda 4104 nafar va magistraturada 161 nafar talaba tahsil olmoqda. Universitet va filiallar bo‘yicha talabalar soni 10 176 nafarni tashkil etadi.

Ilmiy-pedagog kadrlarni xorijiy yetakchi ta’lim muassasalarida malakasini oshirish, nufuzli universitetlar va ta’lim muassasasi mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb etish
Universitetda ta’lim sifatini yanada oshirish, kadrlar tayyorlash samaradorligini har tomonlama yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-avgustdagi 08/1-350-sonli «Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilmiy-pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi» tasdiqlandi. Hozirgi kunda universitet va yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari o‘rtasida 9ta memorandum, 4ta hamkorlik shartnomasi va 5ta xalqaro loyihalar asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashuvi amalga oshirilmoqda. Pedagog kadrlarning xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirish va tajriba almashish tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan 2013-yilda jami 28 nafar o‘qituvchilar xorijda malaka oshirdi. Shundan, Janubiy Koreyada 10 nafar, Germaniyada 3 nafar, Fransiyada 4 nafar, Hindistonda 10 nafar va Avstriyada 1 nafari malakasini oshirdi.

2014-yilning yanvar–fevral oyida 10 nafar o‘qituvchi Janubiy Koreyaning Inxa universitetiga dasturiy injiniring yo‘nalishida malaka oshirishga yuborildi. 2014-yil mart–iyun oylarida malaka oshirish uchun 20 nafar o‘qituvchi Janubiy Koreyaning Inxa, Kyong-xi, Seultex, Yongnam va Chung-Ang universitetlariga 4 oylik malaka oshirishga yuborildi. 2014-yil aprel oyidan dekabr oyining oxirigacha universitet va filiallarining 40 nafar ilmiy-pedagog kadrlari va professor-o‘qituvchilari Janubiy Koreya, Germaniya va Fransiya davlatlarining 9ta yetakchi universitetlarida 2 va 4 oylik malaka oshirish jarayonida ishtirok etishi belgilangan. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan 2014-yil davomida barcha malaka oshirish ishlari uchun 1 mlrd.dan ziyodroq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 30 nafar talabalar va o‘qituvchilarni Janubiy Koreyaning ta’lim grantlari doirasida magistratura va doktoranturaga yuborish nazarda tutilmoqda. Hozirgi kunga qadar, xorijiy grantlar doirasida 9 nafar o‘qituvchilar o‘qitildi. Shundan 2 nafari Tempus dasturi Shvetsiyaning Karlstad universitetida ta’lim oldi. Erasmus Mundus dasturi bo‘yicha 7 nafari Yevropa universitetlarida doktorlik ishini olib bormoqda. 2013-yilning sentabr–oktabr oylarida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish uchun Janubiy Koreya va Hindiston davlatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarning 5 nafar mutaxassislari tomonidan «Elektron hukumat» doirasida hamda «Telekommunikatsiya va mobil aloqa muammolari» kabi ma’ruza va seminarlar o‘tkazildi. AKT sohasida xalqaro konferensiyalarni o‘tkazish bo‘yicha Davlat qo‘mitasi va AQSH’ning IEEE xalqaro instituti bilan hamkorlikda 2013-yil oktabr oyida ICI-2013 «AKT’dan foydalangan holda mobil, simsiz va optik aloqa tarmoqlarining keyingi avlodi» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Konferensiya doirasida Germaniya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Finlyandiya, Eron, Nepal, Malayziya, Isroil va Janubiy Koreya davlatlarining vakillari tashrif buyurdi. Konferensiyada 46ta ma’ruza bilan yuzdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Universitetning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash
Ilmiy-pedagog kadrlar va professor-o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda xalqaro chet el grantlarini jalb etish maqsadida universitet va Janubiy Koreya KOICA dasturi bilan hamkorlikda «Toshkent axborot texnologiyalari universitetida zamonaviy AKT’ni joriy etish orqali ta’lim muhiti innovatsiyasi» loyihasi ishlab chiqildi. Loyihani Janubiy Koreyaning KOICA dasturi tomonidan moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Zamonaviy o‘quv laboratoriya va maxsus jihozlangan sinflarni tashkil etish maqsadida 2013-yil sentabr oyida Huawei kompaniyasi tomonidan universitetda 25ta planshet kompyuterlari bilan jihozlangan «Interaktiv o‘qitish sinfi» tashkil etildi.

TATU Urganch filialining yangi binosida 5ta zamonaviy o‘quv laboratoriyalar, jumladan, TATU homiyligida «Elektronika laboratoriya sinfi», «Teleuzatish» o‘quv laboratoriyasi, O‘zbektelekom AK tomonidan «Aloqa liniyalari» o‘quv laboratoriyasi, «O‘zmobayl» filiali tomonidan CDMA-450 baza stantsiyasiga ega «Telekommunikatsiya o‘quv laboratoriyasi», UNICON.UZ va O‘zbektelekom AK tomonidan «O‘lchash, standartlashtirish va metrologiya o‘quv laboratoriyasi» sinflari tashkil etildi va kompyuterlar, videotelefon, ADSL modemlar, tarmoq va optik kommutatorlar, NEC kompaniyasi qurilmalari, krosslar bilan jihozlandi. Hozirgi kunda filial talabalari eng zamonaviy telekommunikatsiya va tarmoq qurilmalarida ishlash amaliyotiga ega bo‘lmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan 9ta interaktiv doska, 15ta proyektsion doska, 22ta proyektor, 42ta kompyuter va 600ta ID-kartalar taqdim etildi. «Elektron hukumat» o‘quv markazi tashkil etildi hamda 75ta kompyuter va 2ta infokiosk ajratildi. Filialdagi «Elektron ta’lim» xonasini zamonaviy jihozlar bilan jihozlash uchun Huawei kompaniyasi homiyligida 275 mln. so‘m mablag‘ ajratildi hamda 24ta planshet texnikasi 2ta elektron doska va server qurilmasi bilan jihozlandi. Bundan tashqari, filialdagi yosh dasturchilar uchun xalqaro TWAS fondining 10ta eng zamonaviy kompyuter va litsenziyali dasturiy dasturiy mahsulotlari o‘quv jarayonida foydalanilmoqda.

Universitetdagi O‘zbek-Hind axborot texnologiyalar markazi qayta modernizatsiya qilish maqsadida Hindiston hukumati tomonidan 325 ming dollar ajratildi. Malaka oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida markaz 60ta zamonaviy kompyuter texnikasi, 10ta noutbuk, 4ta proyektor, 2ta A3 formatidagi ko‘pfunksiyali printer va skaner, 4ta elektron doska, 3ta zamonaviy serverlar hamda turli kommutatsiya va tarmoq qurilmalari bilan jihozlandi. 25 nafar tinglovchilarga mo‘ljallangan 2ta multimedia sinfi tashkil etildi. Kompyuter texnologiyalari va dasturiy injiniring yo‘nalishida 5650 dona ingliz tilidagi kitoblar xarid qilinib, markaz kutubxonasiga berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-avgustdagi 08/1-350-sonli rejasining ijrosi yuzasidan TATU moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2014-yil yanvar oyida AKT’ni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan multimedia va kompyuter sinflarini tashkil etish hamda zamonaviy vositalar bilan ta’minlash bo‘yicha 325 mln. so‘m qiymatdagi 200ta zamonaviy kompyuterlar o‘quv jarayoniga taqdim etildi, shuningdek, multimedia va kompyuter sinflari uchun 135 mln. so‘mlik 40ta proyektor, 40ta printer, 20ta ko‘pfunk-siyali printer va 5ta A3 formatidagi ko‘pfunksiyali printerlar xarid qilindi.

Mashg‘ulotlarni o‘tkazishda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Barcha 42ta ma’ruza auditoriyalari proyektorlar bilan ta’minlangan va taqdimotlar asosida olib boriladi. Tashkil etilgan o‘quv laboratoriyalari o‘quv jarayonida laboratoriya fanlardan mashg‘ulotlarini to‘liq o‘tkazish imkonini beradi. 2012–2014 yillarda universitetda 34ta, shu jumladan, xorijiy va soha korxonalari bilan 12 zamonaviy o‘quv laboratoriyalar tashkil etilgan. 42ta multimedia va kompyuter sinflari tashkil etildi.

Professor-o‘qituvchilar uchun «Ingliz tili» bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish va ingliz tilida olib borilayotgan mutaxassislik fanlari
Ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro standartlar darajasiga chiqish uchun xorijiy tillar, xususan, ingliz tilini professor-o‘qituvchilar va talabalar orasida ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Universitetda «Amaliy chet tilini o‘rganish» bo‘yicha tashkil etilgan ko‘p bosqichli o‘quv kurslarida 2012–2013 o‘quv yilida A, V, S bosqichlarida 290 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. 2013–2014 o‘quv yilida tashkil etilgan ingliz tili bo‘yicha o‘quv kurslarining 1-bosqichda 154 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etdi (2013-yil oktabr — 2014-yil fevral) va 2-bosqichda 156 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etmoqda. O‘quv kurslari natijalari bo‘yicha professor-o‘qituvchilarning 94 foiz ijobiy baholangan va 50 nafar professor-o‘qituvchiga mutaxassislik fanlaridan chet tilida mashg‘ulotlar o‘tkazishga ruxsat berilgan. Hozirgi kunda 37 nafar o‘qituvchi 27ta mutaxassislik va umumkasbiy fanlardan fandan chet tilida mashg‘ulotlar olib borishmoqda. Shu maqsadda universitetning axborot-resurs markazini kompyuter va axborot texnologiyalari mavzusida ingliz tilidagi o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash maqsadida 2013-yil avgust–sentabr oyida 42,6 mln. so‘mlik 8345ta o‘quv adabiyotlari, 1230ta litsenziyali elektron adabiyotlar SD-disklari xarid qilindi, shulardan Nukus filialiga 323ta, Urganch filialiga 242ta, Samarqand filialiga 672ta, Farg‘ona filialiga 672ta, Qarshi filialiga 496ta ingliz tilidagi o‘quv adabiyotlar va 270ta litsenziyali SD-disklar taqdim etildi. Axborot-resurs markazida korporativ tarmoqni tashkil etish maqsadida server qurilmasi xarid qilinib, o‘rnatildi. Elektron adabiyotlar bilan mukammal ishlash uchun KARMAT dasturi ishlab chiqildi va 41 mingdan ziyod elektron adabiyotlar kiritildi, karmat.tuit.uz sayti orqali universitetning 5ta hududiy filiallari axborot-resurs markazining elektron resurslaridan foydalanmoqda. 178 nafar professor-o‘qituvchilar uchun «Informatika va axborot texnologiyalaridan foydalanish» o‘quv kurslari tashkil etilgan.

Respublika Hukumatining AKT bo‘yicha qaror va topshiriqlarining bajarilishi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida»gi 73-sonli qarorini sifatli amalga oshirish maqsadida universitetda kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan:

  • universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan 12, 24 va 36 soatlik «Kompyuter texnikasi va Internet tizimida ishlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish» malaka oshirish o‘quv kurslari dasturi asosida o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Malaka oshirish kurslarida ishtirok etuvchi trener o‘qituvchilar uchun o‘quv qo‘llanmalar chop etildi va elektron shakldagi materiallar tay-yorlandi;
  • O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2014-yil 31-martdagi 04-8/1792-sonli xati bilan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga (jami 126ta) murojaatlar yo‘llandi. Joriy yilning may holatiga 126ta Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlaridan jami 17594 nafar xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha talabnomalar kelib tushdi. Mazkur talabnomalar asosida malaka oshirish kurslari olib borilmoqda;
  • O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan malaka oshirish o‘quv kurslarida mashg‘ulotlar olib borishga jalb etilayotgan 94 nafar professor-o‘qituvchilar uchun o‘quv-trening mashg‘ulotlari grafigi ishlab chiqildi va trener-o‘qituvchilar 5ta guruhga bo‘linib TATU’da 15-apreldan 24-aprelgacha bo‘lgan muddatda tashkil etilgan seminar-treninglarda ishtirok etdilar;
  • seminar-trening yakunida ishtirokchilar test nazoratidan o‘tkazildi va ularga sertifikat, o‘quv qo‘llanmalar maj-muasi berildi;
  • malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, o‘quv kurslarini ijobiy tamomlaganlar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilib, http://akt.tuit.uz manziliga joylashtirilmoqda. Hozirda ushbu ma’lumotlar bazasini yanada mo-dernizatsiya qilish hamda ma’lumotlar bilan to‘ldirish ishlari amalga oshirilmoqda;
  • o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi bilan birgalikda malaka oshirish kurslari tashkil etiladigan respublikadagi 44ta kasb-hunar kollejlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish va sifat ko‘rsatkichlarini oshirish
Bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarining tayyorlanish holati muntazam ravishda, mutaxassislik kafedralarida va rektorat majlislarida muhokama etilib borilmoqda. Soha korxonalari bilan integratsiyani amalga oshirish maqsadida, soha korxonalari muammolari asosidagi BMI’lar hajmi 2013–2014 o‘quv yilida 71,3 foizni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 17,7 foizga oshgan. MD’lari hajmi 2013–2014 o‘quv yilida 61,5 foizni tashkil etib, o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 14,2 foizga oshgan. Talabalarning malakaviy amaliyoti sohaning yetakchi korxona va tashkilotlarida, kasb-hunar kollejlarida, Milliy teleradiokompaniya hamda boshqa tashkilotlarda o‘tkazilib kelinmoqda. Bitiruvchi talabalarning sifat o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bakalavriatda «Chet tili» fanidan 3,6 foizga, «O‘zbekiston tarixi» fanidan 1,5 foizga oshgan. Davlat attestatsiya komissiyalarida BMI va MD himoyalari bo‘yicha sifat ko‘rsatkichlari mos ravishda, 84 va 88 foizlarni tashkil etadi. Bitiruvchilarni ishga taqsimlash masalalari o‘quv ishlari prorektori nazoratida doimiy ravishda fakultet dekanatlaridagi taqsimot komissiyasi va «Marketing xizmati» bo‘limi tomonidan olib boriladi. Ish bilan ta’minlash holati o‘rtacha 98 foizni tashkil etadi.

Ta’lim jarayoni sifatini yanada oshirish bo‘yicha quyidagi:

    1. Universitetning ilmiy pedagog kadrlari salohiyatini yanada ko‘tarish, kafedralarni, shu jumladan mutaxassislik kafedralarini yuqori malakali, ilmiy darajali pedagog kadrlar bilan ta’minlash.
    2. Universitetda ishlayotgan pedagog kadrlarning malakaviy mahoratini oshirish, xususan, xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida malaka oshirishlarini muntazam davom ettirish, ularning ilmiy, ma’naviy-siyosiy dunyoqarashini yanada kengaytirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini kundalik faoliyatiga joriy qilishga ahamiyat qaratish;
    3. Ta’limda xorijiy tajribani kengroq tatbiq qilish, xususan, xorijning ilg‘or ilm-fan yutuqlari ustida doimiy izlanishlarni olib borish, ularni kundalik pedagogik faoliyatida keng tatbiq qilish, talabalarga fanning dolzarb sohalarini yetkazishni tashkil qilish;
    4. Lotin alifbosidagi o‘quv darsliklari va qo‘llanmalarni yaratish, shuningdek, xorijiy zamonaviy o‘quv darsliklarini ta’lim jarayoniga kengroq tatbiq qilish yuzasidan pedagoglar faoliyatiga baholash mezoni sifatida joriy etish;
    5. O‘qituvchilarni IELTS, TOEFL, CEFR va boshqa xorijiy tillarni bilish darajasi va sertifikatsiyadan o‘tkazishni tatbiq qilish, bu borada 2017-yilgacha tuzilgan chora-tadbirlar rejasini izchil amalga oshirish;
    6. Iqtidorli talabalar bilan ishlashni kuchaytirish, ularni dasturlash tillari bo‘yicha, fan olimpiadalariga tayyorgarliklarini oshirish hamda davlat stipendiyalariga nomzodlarini tayyorlash yuzasidan ishlarni jadallashtirish borasida ustuvor vazifalarni amalga oshirish zarur.
Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq