Qаdimgi axborot tashuvchi vositalar
29.05.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Abduvoris Muhamedov.

muz_29_05_2014

Bugungi kunda axborot tashuvchi vositaar haqida gap ketganda, ko‘pchilik turli dikslar, fleshka kabi qurilmalarni tilga oladi. Biroq mazkur qurilmalar yaratilguniga qadar insoniyat taraqqiyotida qanday axborot tashuvchi vositalar mavjud bo‘lganligi, odamlar qanday usulda axborotni saqlab, ko‘p asrlar osha avlodlarga yetkazganliklari barchani qiziqtirsa kerak. Bu borada ayrim ma’lumotlarga ega bo‘lishni istasangiz, navbatdagi sahifamiz aynan shu haqda. Shunday qilib, mamlakatimiz «Aloqa tarixi muzeyi» bilan tanishishda davom etib, qadimiy axborot tashuvchi vositalar mavzusida so‘z yuritamiz.

Insoniyat tarixining ilk davrlaridanoq axborot almashishga ehtiyoj paydo bo‘la boshlagan hamda doimo mavjud bo‘lgan. Shu maqsadda tarixiy taraqqiyot bosqichlarida juda ko‘plab axborot tashuvchi vositalardan foydalanilgan. Axborot tashuvchi vositalar qator ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, ularning rivojlanish istiqboli mazkur axborot tashuvchilarga o‘z davrida qanday talablar qo‘yilishi bilan belgilangan. Axborot tashuvchi vositalar — tushunchasi nimani anglatadi?

Axborot tashuvchilar — bu uzoq vaqt mobaynida kiritilgan axborotni saqlash, tarqatish, uzatish, tashish va yetkazishga qodir har qanday material, obyekt yoki virtual muhitdir. Axborot tashuvchilar — toshlar, daraxt, qog‘oz, metall, plastmassa, kremniy va boshqa magnit qatlamli (bobinli yoki kassetali) lenta, maxsus xususiyatga ega plastik (optik yozuvli — CD, DVD), EMN (elektromagnitli nurlanish) va boshqalar bo‘lishi mumkin.

Axborot tashuvchi vositalar barcha uchun kiritilgan, saqlanayotgan axborotni o‘qish qulay bo‘lgan har qanday obyekt bo‘lishi mumkin. Axborot tashuvchilar fanda (axborot markazlari, kutubxonalar), texnikada aloqa sohasi vositalari, ijtimoiy sohada ommaviy axborot vositalari bo‘lib, quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

  • yozish;
  • saqlash;
  • o‘qish;
  • uzatish (tarqatish);
  • asar yaratish.

muz_29_05_2014_1

Axborot tashuvchilar qobiqda joylashtirilgan, himoyalanganligi bilan axborot saqlash xususiyatining oshishini ta’minlaydi va shunga muvofiq, axborotni ishonchli saqlaydi (masalan, qog‘oz varag‘i — muqovalanadi, xotira mikrosxemasi — plastik smart-kartalar, magnit lentalar va boshqalar korpusda joylashtiriladi.

muz_29_05_2014_2

Axborot tashuvchilarning quyidagi tarixiy turlari ma’lum:

  • turli materiallandan ishlangan qadimiy axborot tashuvchilar;
  • elektron axborot tashuvchilar;
  • axborot saqlash qurilmalari.

Axborot tashuvchilarni turkumlashtirish:

  • narsa-predmetli (kitoblar, maktublar, arxeologik va paleontologik topilmalar, xotirada saqlovchi apparat qurilmalari;
  • bioximik (DNK, RNK va boshqalar);
  • to‘lqinli-ovozli, elektromagnit va boshqa to‘lqinlar.

Kelib chiqishi bo‘yicha:

  • tabiiy (kimyoviy tarkibi bo‘yicha axborot beruvchi yulduzlar rangi, o‘lchamlari haqida axborot yetkazgan dinozavrlar suyaklari, meteoritlar);
  • sun’iy (biror axborot berilgan qog‘oz varag‘i, radioto‘lqinlar, olis kosmik kemalar bilan aloqa, axborot almashish imkonini beruvchi antennali stansiyalar.

Axborot tashuvchilarning turlari sharoit va tashqi shartlarga bog‘liq holda o‘zgarib boradi. Axborot tashuvchilarning asosiy materiallari — qog‘oz, perfolenta, perfokarta, varaqchalar va quyidagilar: plastik — shtrix-kod, optik disklar; magnit materiallar — magnit lentalar va disklar; yarim o‘tkazgichlar-xotira turlari bo‘lishi mumkin.

Axborot tashuvchi vositalarning eng qadimgilari: kuydirib bitilgan, pishirilgan loy, tosh, yog‘och, pergament, daraxt po‘stlog‘i, papirus, mum, turli mato va boshqalardan iborat bo‘lgan. Axborot tashuvchi materiallarni tayyorlashda turli ta’sir uslublari:

  • mexanik (naqsh-o‘ymakorlik, parmalash, tikish);
  • issiqlik ta’sirida (kuydirib);
  • elektrik (elektrik signallar);
  • kimyoviy (bo‘yoqlar va boshqalar)dan foydalanilgan.

Axborot tashuvchi vositalarning eng qadimiy namunalari o‘quvchilik davrimizdanoq tarix fanidan ko‘pchilikka ma’lum. Qadimgi odamlar qoyalarda o‘zlari ov qilgan hayvonlarning rasmini tasvirlaganliklari haqida o‘qiganmiz. Biroq ko‘mir, loy, bo‘r bilan tasvirlangan rasmlar yog‘ingarchiliklar mavsumi davrida yuvilib ketgan. Shu boisdan ham ibtidoiy davrlarda, rasmlar ishonchli saqlanib qolishi muddatini oshirish maqsadida hayvonlar shaklini qoyalarga o‘tkir qirrali toshlar bilan o‘yib tasvirlay boshlaganlar. Toshlar axborotni uzoq muddat saqlasada, biroq odamlarda axborotni uzatish tezligi zarurati ham tug‘ila boshlaydi. Odamlar boshqa manzillarga axborotni tezkor yetkazish maqsadida loydan foydalana boshlaydilar, u axborot saqlashda tosh kabi xususiyatga ega bo‘lib, yozuvlarni samarali amalga oshirishda qulayroq edi.

muz_29_05_2014_3

Yozuvlarni samarali amalga oshirish esa yozma maktublar paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi. Miloddan besh ming yil avval dastlabki yozuvlar, ya’ni loyda amalga oshirilgan (rasmlar o‘rnida ko‘proq harflarni eslatadigan belgi va piktogramma) yozuvlar paydo bo‘ldi. Bu davrda odamlar loyga belgilar orqali yozuvlarni bitganlar va turli qutilarda saqlaganlar, shunday loyga bitilgan yozuvlar namunalari topilmalari bunga guvohlik beradi. Vaqt o‘tishi bilan loyda bitilgan yozuv bo‘laklari katta matnlar uchun og‘irlik qila boshladi, biroq aynan katta axborotlarni yetkazishga ehtiyoj o‘sib borardi. Shuning uchun ham uning o‘rniga boshqa axborot tashuvchi vosita paydo bo‘lishi zarur edi. Bu Misr papirusi bo‘ldi.

Eramizdan avvalgi uchinchi ming yillik boshlarida Misrda avvalgisidan afzal yangi axborot tashuvchi vosita paydo bo‘ldi. Misrliklar o‘tsimon o‘simlik papirusdan deyarli haqiqiy qog‘oz ishlashni o‘rganib olgandilar. Papirus so‘zidan ayrim xalqlar lug‘at boyligida: papier — fransuz tilida, paper — ingliz tilida, papel — ispan tilida, papera — belorus tilida qog‘oz atamasi paydo bo‘lgan. Mazkur axborot tashuvchining kamchiligi u vaqt o‘tishi bilan qorayib, sina boshlardi. Buning ustiga misrliklar papirusni chet elga olib ketishni qat’iy taqiqlagandilar.

muz_29_05_2014_4

Axborot tashuvchi vositalar (loy, papirus, mum)ning kamchiliklari yangi axborot tashuvchi vositalar paydo bo‘lishiga asos bo‘lib, rag‘batlantirdi. Bunda asosan doim yangi va yangi vositalar afzallik xususiyatiga ega bo‘la bordi: Eronda qadimdan yozuvlar uchun quritilgan hayvonlar terisidan tayyorlangan — «daftar»lardan foydalanilgan. Mazkur so‘z turkiy tillar lug‘at boyligiga kiritilib, shu kungacha foydalanib kelinadi. Shuningdek, miloddan oldingi II asrda Yunonistondagi Pergam shahrida (qadimiy texnologiyaga asosan) teriga ishlov berib, tayyorlash jarayonini takomillashtirib, pergament ishlab chiqarishga kirishdilar. Yangi axborot tashuvchining afzalligi — uning yuksak darajada axborotni saqlashida edi.

Avvalgi axborot tashuvchilarda kamchiliklar mavjudligi sababli Xitoy imperatori Lyu Chjao ularning o‘rniga munosibini topib, almashtirishga buyruq berdi, amaldorlardan biri (Tsay Lun) miloddan oldingi 105-yilda daraxtlar yog‘och tolalari, poxol, o‘t-o‘lan, mox, latta-putta, zig‘irpoya, o‘simlik chiqindilari va boshqalardan qog‘oz tayyorlash (hozirgi qog‘ozlar undan juda oz farqlanadigan) usulini ishlab chiqdi.

Mamlakatimizda axborot saqlovchi vositalar o‘z tarixiga ega. Ma’lumki, axborot yetkazishda yozuv madaniyati tarixi davlatchilik, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotning bevosita uzviy qismi hisoblangan. Yozuv madaniyati uzoq asrlar maboynida shakllanib borib, harf sifatida shakllanguniga qadar, «mnemonika», «buyumli yozuv», «piktografiya», «ideogramma» kabi bosqichlarni bosib o‘tgan. Mamlakatimizning ko‘plab mintaqalarida olib borilgan arxeologik kuzatish ishlarida yuqorida tilga olingan axborot tashuvchi vositalarning ayrim namunalari saqlanib qolgan.

muz_29_05_2014_5

Markaziy Osiyo xalqlarining axborotlarni saqlash va avlodlariga yetkazishda qadimiy yozuvlardan foydalanganlar. Miloddan avvalgi asrlarda shakllangan: oromiy, so‘g‘diycha, xorazmiy, boxtariy kabi qadimiy yozuvlaridan tashqari, qadimgi turkiy yozuvlarda bitilgan qadimiy manbalar topilgan. Podayotoqtepadan topilgan sopol idish sirtiga tasvirlangan ideogramma uslubidagi yozuv namunalari yuqoridagi fikrlarimizga dalil bo‘la oladi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda ming yildan ortiq davrda arab yozuvi bilan bog‘liq va yozma merosimiz bo‘lgan arab, fors va turkiy tillardagi asarlar ham arab yozuvida bitilgan. Shahrisabzdagi Oqsaroy, Dorulsaodat va boshqa majmualarining devoriy bezaklarida ham geometrik to‘g‘ri burchakli etib ifodalangan naqshsimon yozuvlar mavjud. IX–XI-asrlardagi ko‘plab sopol idishlarda (Qoraxoniylar davri) bitilgan kufiy uslubidagi yozuv namunalari ham alohida e’tiborga loyiq. Qadimgi avlodlarimizdan bizgacha yetib kelgan bunday axborot tashuvchi yodgorliklar mamlakatimizning turli burchaklarida, ayniqsa, poytaxtimiz Toshkent shahrida ham ko‘p ekanligini yaxshi bilamiz.

Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida barcha sohalardagi kabi axborot saqlash, uzatish madaniyatida ham rivojlanish davri boshlangan. Amir Temur saroyida katta kutubxonalar tashkil etilib, kutubxonada ko‘plab dunyoga mashhur xattotlar faoliyat yuritgan. Davlatlararo munosabatlarda ham maktublarni yetkazish usullari taraqqiy etib borgan. Masalan, tarixchi Sharofiddin ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida mavlono Abdulloh Keshiy tomonidan Misr podshohiga Amir Temur «eni 3 gaz, uzunligi 70 gaz (hozirgi o‘lchovda eni 1,8 metr, uzunligi 42 metr) kitobat va xusnixat fazilatida yagona mavlono Muhammad xati bilan bitilgan maktub jo‘natilganligi haqida ma’lumotlar bayon etilgan. Markaziy Osiyoning yozuv tarixida Amir Temur va temuriylar davrida xusnixat rivojiga katta e’tibor qaratilgan, bu an’ana Xusayn Boyqaro hukmdorligida Alisher Navoiy homiyligida ravnaq topgan. Bu davrlarga kelib, axborot tashuvchi vositalar qatorida kitoblar alohida muhim o‘rinni egallay boshlagandi. Ular nafaqat o‘z zamonasi, balki bizning axborot asri deb atalayotgan asrimizga qadar katta ahamiyatga molik milliy qadriyat, bebaho ma’naviy merosimiz namunasi sifatida o‘zida saqlangan axborotlarni kitobxonlarga yetkazib kelmoqda, kelajak avlodlar bilim doiralari va dunyoqarashlarini kengaytirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

«Aloqa tarixi muzeyi» bilan hamkorlikdagi loyihamiz asosida axborotlarni asrlar osha avlodlarga yetkazish, saqlash, tarqatish, tashish, uzatish vazifalarini bajaruvchi boshqa vositalar to‘g‘risidagi fikrimizni jurnalning navbatdagi sonlarida davom ettiramiz.

Materialni tayyorlashda manbalardan foydalanildi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq