АКТ — fanlarga qiziqishni shakllantirish jarayonidа
29.05.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Sayyora Mirzayevа.

Pedagogika va psixologiyada o‘quvchining bilim olishga qiziqishini shakllantirish, motivatsiyasini rivojlantirish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Mazkur masalaning murakkabligi va ko‘p jihatlarga bog‘liqligi motivatsiya tushunchasining mohiyati, tabiati va tuzilmasiga ko‘plab yondashuvlar mavjudligi, shuningdek, uni o‘rganish (V.Bespalko, A.Zimnyaya, I.Zaxarova, A. Maslou, L.Stolyarenko, A.Rean, S. Rubinshteyn va boshqa) usullari ko‘pligi bilan asoslanadi.

Ayrim olimlar mazkur tushunchani insonning turli faoliyatlar orqali o‘zini namoyon etishga intilishi (V. Bespalko) deb ta’riflaganlar. Bu faol va barqaror intilish unga munosib sharoitlar yaratilgandagina sezilarli yutuqlar ko‘rini-shida ifodalanadi. Aks holda shaxsning o‘zini namoyon etishga intilishi qaysidir qiziqarsiz o‘quv faoliyati davridayoq so‘nib ketishi mumkin.

Motivatsiya (lot. motivatio) — subyektning qandaydir maqsadlar, qiziqishlari mavjudligi asosidagi faoliyatga tashqi va ichki xohishining ifodasidir. Motivatsiya barcha pedagogik ta’sir tizimida shakllanadi, biroq avvalo bevosita o‘qish faoliyatida tarbiyalanadi. Ijobiy motivatsiyani shakllantirishda ta’lim mazmuni, ta’limni tashkil etish, shaxsiy o‘qitish kabi masalalar muhim o‘rin tutadi. Hozirga qadar fundamental bilimlar va amaliy muammolarini qamrab olgan motivatsiya nazariyasi aniq batafsil o‘z ifodasini topmagan. Motivatsiyaning quyidagi: bu subyektning ehtiyojlarini qondirishga bog‘liq bo‘lgan faoliyatga tomon intilishidir; ma’lum kuchga predmetli-yo‘naltirilgan faollikdir; predmet (moddiy yoki ideal)ga qaratilgan faoliyatni uyg‘otuvchi va belgilovchi tanlovni amalga oshirish; shaxsiy harakat va intilishlar asosida yotuvchi anglangan sabablar ifodasi sifatidagi ta’riflari mavjud. Motivatsiya tushunchasi inson faoliyatidagi xulq-atvorini tushuntirish uchun foydalaniladi hamda jarayon, uslub, vosita sifatida ifodalanadi. Uning evaziga insonni biror faoliyatni amalga oshirishga undovchi turtki kuchini — motiv deb ataymiz. Umuman olganda, motiv insonda biror faoliyatni amalga oshirishga qiziqish uyg‘otuvchi, harakatga undovchi, rag‘batlantiruvchi ta’sirdan iborat. U orqali esa inson o‘zligini namoyon etadi.

Motivlar ehtiyoj sababli yuzaga keladi, rivojlanadi va shakllanadi. Shu bilan birga, motivlar nisbatan mustaqil ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Ehtiyojlar motivlarning kuchi va barqarorligini belgilaydi. Turli insonlar bir xil ehtiyoj mavjud bo‘lsada, turli motivga ega bo‘lishlari mumkin. Inson xulq-atvori va faoliyati motivlari o‘ziga xos va o‘zga-ruvchan bo‘ladi. Ularning rivoji insonning atrofidagi olam, tarbiyaviy maqsadga intilish ta’sir kuchiga bog‘liq. Ehtiyoj va motivlar bog‘liqligi inson faoliyatini amalga oshirishdagi xulq-atvori bilan ifodalanadi. Masalan, kasbiy faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)dan foydalangan holda tayyorlash masalasining o‘rga-nilishi shuni ko‘rsatdiki, an’anaviy mashg‘ulotlarga nisbatan bunday zamonaviy yangi texnologiyalar talabalarda o‘qishga qiziqish motivlarini yanada kuchliroq shakllantirishga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Motivlar rivojlanib va barqarorlasha borib, ehtiyoj mustahkamlanishiga zamin bo‘ladi. O‘z navbatida, ehtiyojlarning rivojlanishi yanada samarali motivatsiya shakllanishiga olib keladi. «Motivlar shaxsning yo‘nalganligi bilan bog‘liq bo‘lib, inson o‘z oldiga qo‘ygan hayotiy muhim maqsadlari yig‘indisining ifodasi bo‘ladi. Motivlar yuzaga kelishida inson o‘zi uchun zarur ehtiyojlarni anglab boradi. Motivlar — bu ehtiyojlarning anglanishidir. Bir motiv inson shaxsi uchun muhim sanalgan bir necha ehtiyojlar asosida yuzaga kelishi mumkin.

Shu tariqa, motiv tushunchasining ta’rifida mazkur tushunchaning ehtiyojga nisbatan muvofiqligi ifodalanadi yoki mazkur ehtiyojning his etilishi va qondirilishi yoki uning predmetli ehtiyoji tushuniladi (S. Rubinshteyn). Biroq ko‘pincha shaxsni faoliyatga undagan birgina motivni ajratib ko‘rsata olmaymiz, yagona motivni aniqlash mumkin bo‘lmaydi, sababi motivlar o‘zida qator pedagogik jarayonlar majmuini ifoda etadi. Anglash faoliyati tashqi va ichki motivlarni boshqarishi mumkin. Kasbiy ta’lim sohasidagi faoliyat — insonning atrof-olamga faol munosabati shakli sifatida baholanadi. Motivlar yig‘indisi u yoki bu ijtimoiy ahamiyatli maqsadlar yutug‘i asosidagi ma’lum bir vazifalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan ketma-ket sodir etiladigan harakatlar orqali ifodalanadigan xulqiy holatdir. Boshqacha aytganda, inson xulqi va u amalga oshiradigan harakatlari ichki va tashqi motivlari bilan boshqariladi.

Tashqi motivlar talabalarga ta’lim muassasasi, jamiyat, ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘qish jarayonida foydalaniladigan vositalar, jumladan, AKT va Internet ta’sirida yuzaga kelishi, ichki motivlar esa subyektning xusu-siy ehtiyojlari, uning qiziqishlari, e’tiqod va o‘zi tanlagan kasbiy faoliyatida o‘zini qayday tasavvur etishi, intilishlari bilan shakllanishi mumkin. Tashqi motivlar qandaydir tashqi talablar, ko‘rsatma va boshqa shakldagi ta’sirlar ostida shakllanishi mumkin. Ichki motivlar esa o‘quvchining ichki ehtiyojlariga asoslangan bo‘lib, ularning rivoji ta’lim-tarbiya jarayonida kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

Motivlar — faoliyatga undovchi qandaydir aniq sabablar bo‘lib, ehtiyojlar bilan murakkab holda bog‘liq bo‘ladi: bir motiv orqasida turli ehtiyojlar bo‘lishi yoki aksincha, aniq bir ehtiyoj ortida turli motivlar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, o‘quvchi axborot tarmog‘i Internetga oid barcha ma’lumotlarni bilishga qiziqishi mumkin. Uning qiziquvchanligi, intilishi faoliyatga undaydi. Biroq yana bir holatda uning anglash faoliyatida muloqotga ehtiyoj yotadi, boshqasida esa o‘zining axborot texnologiyalari sohasida va umumkasbiy bilim darajasini oshirishga intilish yotadi. AKT sohasiga bo‘lgan qiziqish asosida turli ehtiyojlar motivlari yotadi. Har qanday holatda ham anglashga bo‘lgan faol qiziqish faoliyat manbaiga aylanadi, natijani baholash yangi mazmun-mohiyatga ega motivlar shakllanishi hamda yangi maqsadlar qo‘yilishiga asos bo‘ladi. Shaxs voyaga yetgani sayin motivlari tuzilmasi murakkablashib, takomillashib, tartibga tushadi hamda o‘zaro bog‘liq shakli hosil bo‘ladi.

Shu tariqa, shaxsning yetukligi faoliyatlar, shaxsiy xususiyatlarni namoyon etuvchi motivlar tizimini boshqarish, uning ehtiyojlari asosida amalga oshadi. Ta’lim-tarbiya jarayonida o‘qishga motivatsiyasining shakl-lanishi, eng avvalo, shaxsning ichki ehtiyojlari orqali amalga oshishi mumkin. Taniqli psixolog Maslouning fikricha: tashqi o‘qish jarayoni — bu shunchaki yana bir bilimni o‘zlashtirish yoki yangisini o‘rganishdir. Bilim sohasida eng zukko bilimdon bo‘lish esa inson imkoniyatlariga va ichki intilishiga bog‘liqdir. Keyingi har qanday o‘qish, o‘rganish yo‘lidagi ta’limiy maqsadlar — bu insonni kelajakda kim bo‘lishini belgilovchi kasbiy faoliyatiga ko‘maklashish yo‘li va usulidir.

Zamonaviy o‘smir va yoshlardagi ehtiyojlardan asosiylarining mazmun-mohiyati va tashkil etish tamoyillari AKT’dan foydalanib, rivojlanayotgan anglash faoliyatiga bevosita aloqador. Buni quyidagicha ta’riflash mumkin:

  • o‘quvchining mazkur yo‘nalishdagi ehtiyojlari barqaror bo‘lib, o‘qish jarayonidagi yangi zamonaviy AKT vositalariga qiziqish bilan qarashi,
  • o‘z tengdoshlari, ijtimoiy guruhlari, o‘zi mansub bo‘lgan o‘quvchilar orasida qabul qilinishiga intilishi,
  • muloqot va hamkorlikka intilishi, ya’ni yaqinlari bilan fikr almashish, boshqalar bilan hamkorlik qilish, faoliyat natijalarini o‘rtoqlashish ehtiyoji sababli ham AKT’dan foydalanish motivlari shakllana borishi,
  • o‘zligini anglash, o‘zini hurmat qilish ehtiyoji (o‘zligini his etish, do‘stlari va o‘qituvchilarning hurmatini qozonish)da ham hozirgi davrdagi kompyuter texnologiyalarining cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishga intilishidan iborat.
  • o‘quvchi uchun uning oldiga qo‘yilgan talablarni bajara olishi, uning uchun ahamiyatli bo‘lgan ijtimoiy guruhlar: o‘rtoqlari, ota-onasi, o‘qituvchilari orasida o‘quvchi faoliyati natijalarining tan olinishi va munosib baholanishi, shuningdek, o‘zligini (o‘z iste’dodlarini ochishi, shaxsiy salohiyatlarini) namoyon etishga bo‘lgan ehtiyojlarini amalga oshirishga bo‘lgan intilishlarida AKT’ning muhim o‘rin tutishiga ishonch hosil qilishidan iborat. Shu boisdan ham o‘smir va yoshlarda AKT vositalaridan foydalanishga qiziqish kuchaya boradi.

O‘quvchi shaxsi ichki ehtiyojlari asosida o‘qishda AKTdan foydalanishga bo‘lgan qiziqishlari, motivatsiyasining shakllanish jarayoni juda tez amalga oshadi. Odatda, o‘quvchida o‘qish faoliyatiga qiziqishi uning shaxsiy xususiyati bo‘lsa, har qanday ta’limiy materiallarni o‘zlashtirish o‘z-o‘zidan osongina idrok etiladi. Agar aksincha o‘qishga qiziqishi sust bo‘lsa, uni faollashtirish juda qiyin kechadi. Biroq o‘quvchining motivatsiyasi unga yo‘naltirilgan har qanday bilimni o‘zlashtirishga doim ham qaratila olmaydi. O‘quvchida o‘qishga qiziqish motivlarini shakllantirish uchun o‘qituvchidan katta mahorat talab etiladi. Ko‘pgina psixolog olimlar bolalarda o‘qishga qiziqishni uyg‘otishda AKT’ni qo‘llash yuqori samara berishini ta’kidlaydilar. Bunda avvalo, o‘quvchilarda ichki ehtiyojlarni aniq belgilab olish zarur. Ana shu ichki ehtiyojlarini qondirishda AKT’ni qo‘llash usulini ham aniqlash zarur. Sababi o‘quvchi qanday maqsadda undan foydalanmoqchi ekanligini bilish lozim. AKT’dan to‘g‘ri axborot olish, undagi axborot-resurslaridan to‘g‘ri foydalanish salohiyatini shakllantirish va shu asnoda uning ichki ehtiyojlarini qondirishga bo‘lgan motivatsiyani shakllantirib borishda yordam berish kerak.

Ta’lim jarayonida AKT’dan foydalanishda turli darajadagi ehtiyojlar shakllanishi bo‘yicha o‘qituvchilar nimalarni bilishlari zarur: bu yoshdagilar kichik guruhlarda faoliyat yuritishni, biror topshiriqni birgalikda bajarishni yaxshi ko‘radilar, ularni Internet tarmog‘idagi turli forumlar va elektron konferensiyalar, shaxsiy muloqotlar o‘ziga jalb etadi. Bu esa ayrim salbiy holatlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Yuqoridagilarni nazarda tutgan holda, AKT’dan foydalanib ta’lim jarayonini tashkil etishda o‘quvchilarda shaxsiy xususiyatlarining shakllanishi va rivojlanishi, ijoday salohiyatlarini namoyon etishda motivatsiya muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Kompyuter savodxonligi asosida axborot texnologiyalari hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash asosida shaxsda ijodiy tafakkur rivojlanadi. Kompyuter vositasida o‘qitish o‘quvchida o‘zining o‘qish, tahliliy fikrlash, kommunikativ muloqot, rivojlanish va tarbiya olish ehtiyojlarini qondirishi uchun yangi sharoitlar yaratadi. Bunda faoliyatning psixologik-pedagogik to‘g‘ri rejalashtirilishiga alohida e’tibor berish zarur. AKTdan foydalanishga qiziqish har bir masalaga ijodiy yondashuvni shakllantirishi bilan birga, kompyuterga qaramlik kabi ortiqcha muammoni ham yuzaga keltirishi mumkin. Bu esa ota-ona va o‘qituvchilardan to‘g‘ri yo‘nalish va e’tiborni talab etadi. Xulosa qilib aytganda, ta’lim jarayonida AKT’dan foydalanish o‘quvchi-talabalarda fan sirlarini o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyalarining shakllanishiga mustahkam zamin yaratadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq