Til bilgan yo‘lda qolmas
26.05.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: Dildora Malikova.

til_26_05_2014

Таlim sohasidagi samarali islohotlar o‘zining natijasini bera boshlagan bugungi kunda Abu Ali ibn Sino va Ulug‘beklardek donishmandlar avlodi bo‘lgan o‘quvchi-yoshlarimizni yanada bilimli, zukko, intiluvchan bo‘lib ta’lim olayotganliklarini ko‘rib, barchamiz – ota-onalar qatori biz o‘qituvchilar ham juda xursand bo‘lamiz. O‘zbekistonimizda o‘sib kelayotgan avlodning o‘ziga xos ma’naviy-axloqiy xislatlarini shakllantirish hamda ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratilishi jahon mamlakatlari orasida alohida e’tirof etilayotganidan faxrlanamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrda PQ-1875-sonli «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining mazmun-mohiyati barkamol avlodni jahonning turli xalqlari yoshlari bilan bilim doirasida bellasha oladigan yetuk shaxs sifatida tarbiyalashda ahamiyati kattadir. Mazkur Qarorga muvofiq mamlakatimiz ta’lim tizimida boshlang‘ich ta’lim bo‘g‘inidan boshlab ingliz tilini o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda chet tillarini o‘rganish shiddat bilan odimlab borayotgan zamon bilan hamqadam bo‘lishning asosiy zarurati bo‘lib, chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganish juda muhimdir. O‘zbek yoshlari donishmand xalqimizning: «Til bilganga ming tanga», «Til bilgan — el bilar», «Til bilgan yo‘lda qolmas» kabi sermazmun o‘gitlarini doimo yodda tutib, amal qiladilar. Darhaqiqat, turli chet tillarni puxta egallagan va shu bois, dunyo fan sohasidagi ilg‘or yangi bilimlarni o‘zlashtirish, tajriba hamda malaka oshirish maqsadida dunyodagi yetakchi ta’lim muassasalariga borib yoki mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan filiallarida bemalol tahsil olmoqdalar. Mamlakatimizda yoshlarimizga chet tillarida ta’lim berayotgan oliy ta’lim muassasalari ham talaygina. Bundan maqsad — yoshlarimiz tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha jahondagi hamkasblari bilan teng, hattoki ulardan ham ko‘proq bilim egallashlaridan iborat. Bu esa chet tillari o‘qituvchilari oldiga zamon talabiga muvofiq amalga oshirishlari zarur bo‘lgan dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda dars jarayoni mazmunini yangi axborot texnologiyalari asosida innovatsion texnologiyalardan foydalanib, saboq berish, uni jonli, rolli o‘yin tarzida o‘tkazish ko‘zda tutiladi. O‘quvchilarning chet tilini o‘rganishga qiziqishlarini oshirish maqsadida o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilida ko‘plab elektron resurslardan foydalaniladi. Dars mashg‘ulotlari o‘yinlar, qisqa videolavhalar o‘quvchilarning e’tiboriga havola etilishi bilan ham samarali o‘tadi. Chet tili darslarida seminar-taqdimotlar o‘tkazish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish jarayoniga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida «Tillar» kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan Toshkent aloqa kasb-hunar kollejida ham shunday seminar-taqdimot o‘tkazildi. Seminar-taqdimot «Xorijiy tillarni, asosan ingliz tilini o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari hamda Xalqaro standart CEFR — ingliz tilini o‘qitish jarayoniga tatbiq etishdagi til ko‘nikmalarini grammatika, fonetika va leksikani integrallashgan holda B1 darajasida takomillashtirish» mavzusiga bag‘ishlandi.

Kollejning «Tillar kafedrasi» ingliz tili fan o‘qituvchilari A. Yabbarova, D. Malikova, F. Tashmuhamedova, D. Turaqulova, Z. Hamidova, S. Qobulova, J. Nasriddinov, U. Ibrohimova, D. Mannapova, V. Imomjonova, A. Yusupova, T. Ibrohimova va boshqa o‘qituvchilar o‘zlarining xorijiy til o‘qitishning dolzarb vazifalari, til ko‘nikmalari: tinglab tushunish, so‘zlash, o‘qib tushunish, yozishga doir, ya’ni Listening, Speaking, Reading, Writingga oid taqdimotlarini namoyish etdilar. Seminar-taqdimotga Toshkent shahri kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarining ingliz tili o‘qituvchilari taklif etildi.

Seminar-taqdimotda har bir dars jarayoni eta xorijiy til ko‘nikmalarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi hamda o‘quvchilarning kasbga oid atamalar bilan ishlashga yo‘naltirilishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish chet tilini o‘qitishning asosiy mazmuniga kiritilgan bo‘lib, CEFR B1 darajasida o‘qitishni to‘g‘ri shakllantirish zarurligi haqida fikrlar bildirildi. Seminar-taqdimot ishtirokchilari ta’lim sifatini yanada oshirish hamda takomillashtirish bo‘yicha muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar hamda o‘z oldilarida turgan qator vazifalarni belgilab oldilar.

Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, kollejda nafaqat o‘quvchi-yoshlar, balki o‘qituvchilar hamda mutaxassis-xodimlarning ham chet tililaridan bilim doiralarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. O‘z fanidan chuqur bilimga ega, izlanuvchan, tajribali hamda mahoratli o‘qituvchilarning bilim darajasi zamon talabiga mos ravishda, yuqori darajada bo‘lishi zarur. Shu sababli ham dunyodagi fan-texnika sohasidagi yangiliklardan xabardor bo‘lishlari uchun ham o‘qituvchilar, avvalo, biror chet tilini bilishlari kerak. Mazkur maqsadni ko‘zda tutib, kollejda chet tillari o‘qituvchilari tomonidan boshqa kafedra o‘qituvchilariga haftada ikki marta jadval asosida ingliz tilidan malaka oshirish darslarini berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tadbirlar aloqa, axborot-kommunikatsiya sohasidagi terminlarni o‘rganish va to‘g‘ri foydalana olish uchun yana bir imkoniyatdir. Kollejning barcha kafedra o‘qituvchilari ingliz tilini mukammal o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu esa o‘quvchilarimizga xorijiy til o‘rganish bilan birga, boshqa fanlar sohasida bilim doiralarini kengaytirishga yordam beradi. Til o‘rganish — dunyoni tanish, bilimlar olami kalitlariga ega bo‘lishning asosiy omilidir.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq