Та’lim-tarbiya jarayonining AKT bilan uzviy bog‘liqligi (ZiyoNET misolida)
26.05.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Feruza Xodjayevа, Ilhom Choriyev.

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim tizimida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ta’lim jarayoniga tatbiq etilishidan asosiy maqsad — ta’lim tizimida zamonaviy axborot muhitini yaratish va ta’lim olishning yangicha turlarini joriy etishdan iborat. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari o‘quvchilarning nazariy va ijodiy tafakkuri rivojlanishiga katta ta’sir etishi bilan birga, o‘quvchining xotirasida u yoki bu hodisa, jarayonning obrazli ifodalanishini ta’minlab, uning ilmiy jihatdan o‘zlashtirilishiga yordam beradi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘quvchilarni qiziqarli olamga olib kirishda o‘qituvchining imkoniyatlarini kengaytiradi, bunda o‘quvchilar axborotlarni mustaqil ravishda izlab topadilar, kompyuter yordamida yuklab oladilar, tahlil qiladilar va boshqalarga yetkazadilar. O‘quvchi-talabalarni axborot bilan ishlashga, o‘qishga o‘rgatish — zamonaviy ta’limning muhim vazifasi hisoblanadi. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng muhim bo‘lagi — internet hisoblanadi.

Internet — bu global axborot tizimi bo‘lib, u elektron pochta, izlash tizimlari, axborot almashinuv chatlari va ijtimoiy tarmoqlarni o‘z ichiga oladi va turli axborot-resurslardan foydalanish imkonini beradi. Undan kerakli axborotlarni topish, qayta ishlab chiqish va ularni ko‘paytirib, barcha kompyuterlarga o‘rnatgan holda, o‘quvchi-talabalarga guruhda yoki individual ishlashni taklif etish mumkin. O‘quvchilarda tadqiqot o‘tkazish, taqdimot tayyorlash, jadvalni to‘ldirish hamda ularni dars va ilmiy-tadqiqot jarayonlarida qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Axborot olishning boshqa bir usuli — dars davomida bevosita Internetdan axborot olish hisoblanadi. Internetdan avvaldan kerakli materialni topish, kompyuterga yuklab olish yoki kerakli materialni onlayn tarzda dars jarayonida o‘quvchilarga ko‘rsatish mumkin. Shu munosabat bilan mamlakatimizda Prezidentimizning 2005-yil 28-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-191-sonli Qarori asosida ZiyoNET jamoat axborot ta’lim tarmog‘i tashkil etilgan. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra barcha ta’lim muassasalari bepul ushbu tarmoqqa ulanishi belgilab qo‘yilgan. Portaldan barcha fan kesimlari bo‘yicha turli axborotlarni izlash, yuklab olish va dars jarayonida qo‘llash dars samaradorligini oshiribgina qolmay, uning qiziqarli, jonli va zamon talablari asosida o‘tilishini ta’minlaydi.

Darsning qiziqarliligini ta’minlashda elektron materiallardan foydalanish yaxshi natija beradi. Ularning ustunlik tomonlari — materialni bevosita ko‘rish, uning alohida qismlarida to‘xtalish, o‘quvchilar bilan onlayn suhbatlashish, ularning fikrlarini bevosita tinglash va darsni jonli muloqot tarzida o‘tkazish mumkin. Darslarda animatsiyali materiallar bilan birga videoroliklarni ham qo‘llash mumkin. Bu kabi videoroliklardan foydalanishda ZiyoNET tarmog‘ining yirik loyihasi — uTube.uz videoportalida joylashtirilgan resurslar yordamchi vazifasini o‘taydi. Ayniqsa, chet tillari, jismoniy tarbiya, kimyo, biologiya va shu kabi fanlarni o‘qitishda videoroliklardan foydalanish yuqori natijani beradi. Bundan tashqari, tanlangan o‘quv fani bo‘yicha onlayn test topshiriqlaridan ham foydalanish mumkin. Ular bajarib bo‘linishi bilan darhol tegishli ko‘rsatkichni bilishga va baholashga, u yoki bu mavzu bo‘yicha kamchiliklarni aniqlashga imkon beradi.

Yurtboshimiz qayd etganidek, ta’lim sohasida zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, internet tizimi, raqamli va keng formatli telekommunikatsiyalarning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, bugungi taraqqiyot darajasini belgilab beradigan ilg‘or yutuqlarni umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalariga kirib borishi uchun zamin yaratishning ahamiyati beqiyosdir. Shu munosabat bilan barcha pedagog-o‘qituvchilarga O‘zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va DTS talablarini o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish hamda ularni yuksak ilmiy-metodik saviyaga ega bo‘lishini ta’minlash, ta’lim mazmunini yangilash va rivojlantirish kabi dolzarb vazifalar qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda yosh avlodga yangi pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim berish muhim ahamiyatga ega.

Yangi pedagogik texnologiyalar, xususan, internet, mediadarslar va shu kabi darslar o‘quvchining dunyoqarashi, ongini rivojlantiribgina qolmay, ularda o‘rganilayotgan fanga nisbatan qiziqishni rivojlantirishga va ta’lim jarayonini jadallashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida ta’lim o‘z navbatida, kompyuter dasturlari yordamida o‘qitish, masofadan o‘qitish, internet tarmoqlari asosida o‘qitish, media-ta’lim kabi uslublardan iborat. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali tashkillashtirilgan dars o‘quvchilarda tahlil qilish, mantiqiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish, guruh yoki jamoa bo‘lib ishlash, til o‘rganish kabi faoliyatlarni rivojlantiradi.

AKT orqali darslarni qiziqarli, foydali va samarali tashkil etish o‘qituvchilarning ijodkorligi, tashabbuskorligiga bog‘liq. O‘qituvchi internet xabarlari, manbalarni tahlil qilish orqali o‘quvchilarni bilim olishga o‘rgatishi, o‘quvchi ta’lim jarayonida eshitib, ko‘ribgina qolmay, balki dars mavzusi, mazmunini o‘rganishda faol ishtirokchiga aylanishini ta’minlashi zarur. Agar o‘qituvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirib, pedagogik faoliyatiga joriy eta olsa, darsning sifati va samaradorligini ta’minlashga erishadi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq