Yangilangan ZiyoNET axborot-ta’lim portali
08.05.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

ziyo_8_05_2014

UZINFOCOM kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, ZiyoNET axborot-ta’lim portalini yanada rivojlantirish maqsadida tarmoqning tubdan yangilangan ko‘rinishini foydalanuvchilar e’tiboriga havola etadi.

Portal 2005-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, shu kunga qadar foydalanuvchilar, ayniqsa, yoshlar orasida axborot olishning eng qulay vositasi sifatida ommalashishga ulgurdi.

ziyo_8_05_2014_1

Saytning tahlili shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda “ZiyoNET” portali foydalanuvchilarini so‘nggi yangilik va xabarlardan muntazam ravishda xabardor etib bormoqda, talaba-yoshlarga, o‘quvchilarga va pedagog-o‘qituvchilarga oid turli fanlar bo‘yicha ma’lumotlar yoritib, bilimlarini mustahkamlashda beminnat va xolis yordamchiga aylangan.

ziyo_8_05_2014_2

Shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan davrda yoshlarning axborot olishga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli qondirish va portalni zamon talablari darajasiga javob berishini ta’minlash maqsadida, uni yangi talqinda qayta ishlab chiqildi.

ziyo_8_05_2014_3

Portalning yangi talqinida yengil, yoshlarbop va ayni paytda foydalanish uchun qulay bo‘lgan sayt dizayni va ZiyoNET tarmog‘ining yangi logotipi yaratildi.

Eng muhim yangilik — endi portal ijtimoiy tarmoq tusini oldi. Bundan buyon portal foydalanuvchilari o‘zlariga do‘stlar tanlab, ular bilan fikr almashishlari hamda mavzuga oid guruhlar yaratishlari, ularni kuzatib borishlari, turli xil mavzularda fikr bildirib, muhokama qilishlari, shuningdek, o‘zlarining fotoalbomlarini yaratib, mediafayllar kiritib borishlari mumkin. Sinfdoshlar va kursdoshlar uchun alohida guruhlar ochish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi, chunki barcha ta’lim muassasalari ro‘yxati tizim tomonidan taklif etiladi.

Bu bilan yangiliklar yakuniga yetgani yo‘q — portalda butunlay yangi “Savol-javoblar” xizmat turi yo‘lga qo‘yildi. Unda siz o‘zingizni qiziqtirgan savollaringizni yo‘llab, foydalanuvchilar tomonidan javob olishingiz mumkin.

Shuningdek, kutubxona bo‘limining interfeysi tubdan o‘zgartirildi, endilikda siz qulay qidiruv tizimi orqali kerakli ma’lumotlarni olishingiz mumkin. Kutubxonadagi resurslar oldingidek arxiv ko‘rinishida aks etmasdan, balki matnli va grafik ko‘rinishga keltirildi.

“Arboblar” bo‘limidagi mavjud ma’lumotlar tahrirlanib borish bilan bir qatorda, yangi ma’lumotlar kiritib borilmoqda. Ushbu bo‘limda asosan insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan mashhur insonlar haqidagi ma’lumotlar jamlanadi.

Respublikada joylashgan barcha ta’lim muassasalari haqidagi ma’lumotlarni yangilash ishlari tugallanmoqda. Barcha hududiy ta’lim muassasalari qidiruv tizimi orqali foydalanishga tayyor holga keltirildi.

O‘z tengdoshlari orasida ulkan yutuqlarga erishgan yoshlarimizga bag‘ishlab ishga tushirilgan “Iqtidorli yoshlar” bo‘linmasi muntazam ravishda yangilangan ma’lumotlar bilan boyitib borilmoqda.

Yoshlar uchun bir qancha qiziqarli va foydali saytlar ro‘yxati taqdim etilgan. Har bir sayt qisqacha izohga ega bo‘lgan holda foydalanish uchun qulay ko‘rinish-bo‘linmalarga bo‘lib chiqilgan.

Ro‘yxatdan o‘tish esa xuddi ilgarigidek ID.UZ orqali amalga oshiriladi. Bu tizim bo‘yicha ham bir qator qulayliklar yaratildi: endi ZiyoNET portali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud. Avtorizatsiyadan o‘tganingizdan so‘ng bir qancha qiziqarli loyihalar ishtirokchisiga aylanasiz.

Portalda ro‘yxatdan o‘tish orqali guruhlarda suhbat qurish, do‘stlar bilan ma’lumotlar almashish, kutubxona materiallarini yuklab olish va ularni baholash, shu bilan birga, “Savol-javob”, “Guruhlar” hamda o‘yinlarda ishtirok etish orqali ball yig‘ib, o‘z reytingingizni yuqori darajaga ko‘tarishingiz mumkin. Yuqori reyting sohiblari doimiy ravishda rag‘batlantirib boriladi.

ZiyoNET resurs markazi, yangi portal bo‘yicha foydalanuvchilar fikr-mulohazalarini qo‘llab-quvvatlaydi va ochiq suhbatga tayyor ekanligini ma’lum qiladi. Sizning takliflaringiz biz uchun muhim, birgalikda ZiyoNET portalini yoshlarimiz uchun foydali manbaga aylantiraylik.

Manba: kompaniya press-relizi

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq