Оptoelektronikaga oid atamalarning inlizcha-ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘ati nashrdan chiqdi
06.05.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

dict_5_05_2014

So‘nggi o‘n yilliklarda optik elektronikaning yangi tarmog‘i − kvant elektronika jadal rivojlanmoqda. Optik kvant generatorlar (lazerlar)ning ixtiro qilinishi optik elektron asboblarning imkoniyatlarini kengaytirdi va yangi istiqbollar ochdi. Jumladan, lazerlarning paydo bo‘lishi golografiyaning rivojlanishiga yo‘l ochdi, bu o‘z navbatida, axborotni saqlash va optik qayta ishlash usullarini yanada takomillashtirish uchun turtki berdi.

Yaqin va uzoq aloqa tizimlari takomillashtiriladigan, shuningdek, turli fizik kattaliklarni o‘lchash uchun mo‘ljallangan datchiklar yaratiladigan yuqori sifatli optik tolali elementlarning ixtiro qilinishi optik elektronika asboblarining qo‘llanish sohalari kengayishiga ko‘maklashdi. Bugungi kunda ba’zi diskret optik elektron asboblar o‘rnini integral optoelektronika asboblari egallamoqda.

Optoelektronika fan va texnikaning, elektr va optik usullar hamda vositalardan foydalanish asosida axborotni saqlash, ko‘chirish (uzatish, qabul qilish), qayta ishlash, generatsiyalash masalalariga bag‘ishlangan bo‘limini o‘zida ifodalaydi. Optoelektronikaning shiddatli rivojlanishi hamda optik tolali tizimlarning aloqa va axborotlashtirishda keng qo‘llanilishi optoelektronika bo‘yicha inglizcha-ruscha-o‘zbekcha izohli lug‘atni ishlab chiqish dolzarbligini belgiladi.

Taqdim etiladigan izohli lug‘at fan va texnikaning kvant va klassik mexanika, qattiq jismlar fizikasi, atomlar va molekulalar fizikasi, radiospektroskopiya, informatika, tibbiyot, kosmik texnika kabi qo‘shni sohalari atamashunosligini ichiga oladi. Lug‘atni tuzishda optika va optoelektronikada so‘nggi o‘n yillikda ochilgan yangi usullar hamda hodisalar bilan optoelektron asboblarning prinsipial jihatdan yangi element bazasi va sxemotexnikasining yaratilishi bilan bog‘liq atamashunoslikka katta e’tibor qaratildi. Lug‘atni tayyorlashda ilmiy maqolalar materiallaridan, dokladlar, dissertatsiyalar tezislaridan, Internet tarmog‘ida joylashtirilgan turli lug‘atlar va glossariylardan foydalanildi.

Lug‘atda optoelektronika, axborotni optik qayta ishlash usullari, elektronika va fanning qo‘shni sohalari bo‘yicha 2000ga yaqin atama keltirilgan. Lug‘at optoelektronika, lazer texnikasi, tola optikasi sohasidagi ilmiy xodimlar, mutaxassislar va ilm-fanning qo‘shni tarmoqlari mutaxassislari, texnika olit ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari, magistrantlari va talabalari uchun mo‘ljallangan.

Lug‘at texnika fanlari doktori, professor M.Muhitdinov va A.Fayzullayevning umumiy tahriri ostida tuzildi. Yo. Ahmedova va Sh. To‘laganov — O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi qoshidagi Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi «UNICON.UZ» davlat unitar korxonasi Atamashunoslik va lug‘atlar xizmati mutaxassislari tomonidan tarjima va tahrir qilindi. Taqrizchi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor R.Mo‘minov. Adadi 500 nusxa.

Manba: www.unicon.uz

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq