ZiyoNET da “Iqtidorli yoshlar”
01.05.2014
Rukn: Internet.
Muallif: Ra'no Xujayeva.

ziyo_1_05_2014

Bugungi kunda bilimli va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy kamolotini yanada yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirayotgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlarining takliflarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida 2014-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.

Mazkur dasturni ishlab chiqishdan asosiy maqsad, kelajak avlodni har tomonlama barkamol, yetuk va salohiyatli kadrlar qilib voyaga yetishishida huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bugungi rivojlangan jamiyatda o‘z o‘rni va so‘zini ayta oladigan mard, jasur bo‘lib voyaga yetishlarida munosib sharoitlar yaratib berish asosiy vazifa qilib belgilangan.

Zamon talablaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Axborot asri deb atalgan bugungi kun o‘z tahdidlari ila yoshlar ongiga ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Yoshlarning axborot hurujiga bo‘lgan immunitetini yanada kuchaytirish maqsadida ularning bilim va ko‘nikmalarini bunyodkorlik, yaratuvchilik sohalariga jalb etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: «Barchamiz bugungi hayot oldimizga qo‘yayotgan bir achchiq haqiqatning ma’no-mazmuniga yetib borishimiz zarur. Bu achchiq haqiqat shundan iboratki, agarda kimda-kim bizning mustaqil taraqqiyot yo‘limizni, orzu-maqsadlarimizga erishish yo‘lini, yangi jamiyat qurish yo‘lini to‘smoqchi bo‘lsa, avvalo, hali suyagi qotmagan, mustaqil dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan yoshlarimizning qalbi va ongining mo‘rtligidan foydalanib, ularning ma’naviyatini buzib, bizning azaliy tabiatimiz va muqaddas odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan g‘oyalar bilan chalg‘itib, o‘zining g‘arazli va jirkanch niyatlarini amalga oshirish yo‘lida qurol qilib olishga urinadi.

Milliy manfaatlarimiz va maqsad-muddaolarimizga begona bo‘lgan bunday zararli mafkuralar tajovuzi, boshqa xavf-xatarlar, ayniqsa, bizning mintaqamizda kuchayib bormoqda. Yoshlarimizni bu balo-qazolardan asrash uchun jamiyat ma’naviy hayotida bo‘shliq paydo bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday bo‘shliq yuzaga kelgan taqdirda esa, uni yoshlarning ilmga, kasb-hunarga, sog‘lom turmush tarziga, bunyodkorlik ishlariga qiziqishlari bilan hamohang bo‘lgan yangicha hayot mazmuni, yangicha qadriyatlar bilan to‘ldirish lozim. Eng muhimi, shuni unutmasligimiz kerakki, yoshlarimizga, binobarin, kelajagimizga tahdid solib turgan bu xavflarning oldini olish uchun bugun qat’iy harakat qilmasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin».

Shu nuqtai nazardan, Qaror aynan shunday holatlarga nisbatan o‘z vaqtida qabul qilingan bo‘lib, profilaktik xususiyatni ham qamrab oladi, deya ta’kidlab o‘tadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi Miravzal Mirakulov.

Bugungi kun talablaridan kelib chiqib, shuni aytish mumkinki, yoshlarimizga boy ilmiy-adabiy merosimizni tanitish bilan bir qatorda, tengdoshlari orasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan ilm-fan sirlarini yuqori egallagan yosh olimlar, xalqaro Mendeleyev hamda matematika olimpiadalarida oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlar, sportning turli sohalarida Vatanimiz bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tarayotgan jahon chempionlarimiz, madaniyat, san’at va turli sohalarda eng faol hamda yuqori natijalarga erishgan yoshlarimiz haqida turkum maqolalar, ko‘rsatuvlar hamda ma’lumotlarni berib borish va ularda havas tuyg‘ularini shakllantirish lozim.

Shu munosabat bilan ZiyoNET jamoat ta’lim tarmog‘ida ham namunaviy ishlar amalga oshirilmoqda. Foydalanuvchilar talablaridan kelib chiqqan holda portalda 10ta bo‘lim — Ta’lim, Abituriyent, O‘yinlar, Imkoniyatlar, Kutubxona, Saytlar, Arboblar, Tadbirlar, Muassasalar, Chet tillari bo‘limlari tashkil etildi. Ushbu bo‘limlarda ta’limga oid foydali materiallar, foydalanuvchilar uchun imkoniyatlar, sayt yaratish, elektron kitoblar bazasidan foydalanish, til o‘rganish hamda ajdodlarimiz hayoti va ijodlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishib borish mumkin.

Portal loyihalari orqali respublika va xalqaro miqyosda e’lon qilinayotgan tanlov va grantlar haqida ma’lumot olish, fikr va tajriba almashish maqsadida esa uforum.uzda erkin muloqotga kirishish, ijod namunalari va ko‘ngil bitiklari bitilgan satrlarni fikr.uz saytining tegishli bloglarida yoritib borish imkoniyati mavjud. Faol foydalanuv-chilar tomonidan maqolalarga fikr-mulohazalar bildirilishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, foydalanuvchilarga yangi imkoniyatlar va qulayliklar yaratish maqsadida portalda qo‘shimcha xizmat turlari ham yo‘lga qo‘yildi. Endilikda «Arboblar» bo‘limi tarkibida yangi «Iqtidorli yoshlar» rukni tashkil etildi. Ushbu ruknda fan, ta’lim, madaniyat, san’at, sport va boshqa turli sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan, tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘layotgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritib borilmoqda.

Bugungi kungacha mazkur ruknga xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli talabalar, o‘quvchi-yoshlar haqidagi ma’lumotlar joylashtirildi. Kelajakda ushbu ruknning davomiyligi va ommabopligini ta’minlash maqsadida yangi-yangi g‘oyalar amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Muhim yangilik! Endilikda portal yangi ko‘rinishda foydalanuvchilar e’tiboriga havola etiladi. Qo‘shimcha xizmat turlari ham bundan mustasno emas.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq