Internetga qaramlik odatining oldini olish
30.04.2014
Rukn: Internet.
Muallif: Abdulvoris Muhamedov.

Ma’lumki, inson olam, atrof-muhit bilan o‘yinlar orqali tanishib ulg‘ayadi. O‘zim ham qiziqarli o‘yinchoqlarimni qo‘ldan qo‘ymay, kattalarga taqlid qilib, turli: “maktab-maktab”, ”do‘xtirxona o‘yini”, ”qurilish” kabi kasbiy o‘yinlar o‘ynab o‘tkazgan bolaligimning iliq taassurotlarini aslo unutmasam kerak. Shunisi qiziqki, bolalik davrim ayni elektronika, avtomat o‘yinchoqlar hamda kompyuter o‘yinlari rivojlanishi davriga to‘g‘ri keldi.

Mamlakatimizda jahon kompyuter o‘yinlarining saralash turnirlari boshlangan 2003-yil bolaligimning eng qiziquvchan, sho‘x-shodon o‘tayotgan davri edi. Shu boisdan bo‘lsa kerak doimo bunday o‘yinlar meni o‘ziga rom etgan. Mazkur texnika vositalari va o‘yinlarga shunday qiziqib ketardimki, ertalab uyqudan turishim bilanoq, kunni kompyuterimni ishga tushiruvchi tugmasini bosishdan boshlardim.

Ba’zan darsga borishdan ko‘ra kompyuterda vaqtimni o‘tkazish istagi paydo bo‘layotganligini his etardim. Biroq kattalarning mening bunday qilishimga yo‘l bermasliklari, oilamizda va maktabda o‘qituvchilarimning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganliklari sababli qalbimda o‘yinlarga emas, balki axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarni o‘zlashtirib, yetuk mutaxassis bo‘lish orzusi paydo bo‘ldi. Aynan ana shu orzuim meni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — TATU’ga yetaklab keldi, ne baxtki, bugun mazkur qutlug‘ oliy ta’lim muassasasi talabasiman.

Bugungi kunda olam juda tez o‘zgarmoqda: yaqindagina yosh oilalar orzusi bo‘lgan buyumlar, masalan, kompyuter har oiladagina emas, balki har bir oila a’zosida mavjudligi, oddiy holatga aylanib bormoqda. Ayrim oilalarda kompyuterdan tashqari, noutbuk, smartfon va planshetlar, umuman, axborot texnologiyalaridan foydalanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Kompyuterdan barcha joyda: ta’lim muassasalari, ish joylari turli davlat idoralari, uyda ham uzluksiz holatda foydalanaveramiz — bugungi kunda mazkur texnikadan foydalanilmaydigan sohani torish qiyin. Ular deyarli chor-atrofimizdagi borliqni «qamrab olmoqda».

Yaqindagina ko‘chalarda bolalarning to‘p ketidan yugurib, sho‘x-shodon kulgularini, o‘zaro tortishuvlarini eshitib, ularning muloqotlariga guvoh bo‘lardik. Bugungi kunda esa kun sayin go‘yo ko‘chalar xuvillab qolayotgandek. Barcha asosan mobil telefonlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qiladi. Internet tarmog‘idagi kompyuter o‘yinlari o‘z «o‘rgimchak to‘ri»ga tortgani kabi yangi-yangi foydalanuvchilarni jalb etaveradi, kun sayin unga qaramlar soni orta boradi. Go‘yo virtual olam sehri haqiqiy olamda yashashga intilish, orzu-maqsadlar o‘rnini egallay boshlaydi.

Ko‘pchilik ota-onalar tashvishlanishga na xojat, bola beozor o‘yin bilan mashg‘ul: «Hech narsa talab qilmay, xar-xashalarni unutib, jimgina xonasida o‘tiribdi! Ko‘chada tentirab yurgani yo‘q, doimo uyda» — deb o‘ylab, xotirjam bo‘ladilar, biroq internet-virtual olamga berilib ketish tashqi ko‘rinishdan beozor o‘yin bo‘lib ko‘rinsada, turli yoshdagi insonlar uchun birdek sekin ta’sir etuvchi juda og‘ir xastalik keltirib chiqaruvchi omildir.

Hozirning o‘zidayoq kompyuter o‘yinlariga berilib ketish ta’siriga uchrayotganlar soni oshib borayotganligi hech kimga sir emas. Bu holat nafaqat yoshlar, o‘smirlar, balki juda kichik yoshdagi bolalar orasida ham sodir bo‘lmoqda. Ayrim ota-onalar bayramlar, tug‘ilgan kunlarida bolalariga aynan kompyuter, planshet yoki mobil telefoni olib bermoqdalar, shu bilan o‘z farzandlarini internet-tarmog‘iga sayr qilishlarida ruxsat etib qo‘yadilar. Bu esa ota-onalar uchun yanada qimmatroqqa tushishi mumkinligini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Ayrim ota-onalarning o‘zlari farzandlariga internet-qaramliklarini namoyish etadilar.

Ba’zilar mazkur qurilmalarni bolalar rivojiga, tafakkuriga ijobiy ta’sir etishiga ishonch bilan qaraydilar, biroq uning salbiy ta’siri ham mavjudligini — ayniqsa, internet tarmog‘ida bola yolg‘iz qolishi haqida o‘ylamaydilar. Aslida, internet tarmog‘ida foydalanuvchi soxta muloqot, soxta do‘stlar orttirishi, hayotda aldanishi ehtimoli kuchliroq. Albatta, har bir ota-ona o‘z farzandiga nimani taqiqlash keragu, nimaga ruxsat etish kerakligini yaxshi biladi.

Internet shunisi bilan o‘ziga jalb qiladiki, foydalanuvchi uning yordamida o‘z ma’lumoti darajasini oshirish maqsadida istalgan axborotni olishi mumkin. Faqat Internetda boshqa yo‘nalishlar ham mavjud bo‘lib, ayrim foydalanuvchilar virtual olamni, muloqotni hayotiy muloqotdan afzal ko‘radilar. O‘zlarini unda erkin his etib, o‘z ruhiy kechinmalarini bemalol bayon eta oladilar. Aslida, monitor ekrani oldida soatlab o‘tirib, unga bog‘lanib, qaram bo‘lib qolayotganlarini sezmay ham qoladilar. Asta real hayotga, atrofdagilarga befarq bo‘lib, kunu-tunni shunday o‘tkazishga odatlanib qoladilar, oqibatda — jismoniy faollik qobiliyatlari susayib, tashqaridan qaragan odamlar sezadigan holda rangpar, xayolparast, kasalmand inson qiyofasiga kirib boradilar.

Hozirgi davrda tibbiyot xodimlari, psixolog-olimlar uch yoshgacha bo‘lgan kichkintoylarning kompyuterlarga yaqinlashtirmaslik, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lganlar kompyuterda 10 daqiqagacha, 10 yoshdan keyin — bir soatga yaqin vaqt foydalanishlari mumkinligi haqida bergan ma’lumotlarini ko‘p eshitganmiz.

O‘smirlar monitor ekrani oldida kuniga uch soatga yaqin o‘tirishlariga ruxsat beriladi, agar bola bundan ortiq vaqtini monitor oldida o‘tkazsa, ota-onalar bu holga alohida e’tibor qaratishlari zarur deb aytadilar. Bunday vaziyatlarda oilalar qandaydir boshqa qiziqarli mashg‘ulotlar bilan bola vaqtini band etishga urinishlari kerak, shundagina bola virtual olamni afzal ko‘rmaydi va real hayot yumushlarini unutib qo‘ymaydi.

Mamlakatimizda bu holatga ham alohida e’tibor qaratib, turli bayram tadbirlari qatorida kompyuter o‘yinlari musobaqalari, eski mobil telefonlari, klaviaturalarini uloqtirish bellashuvlari, shu sohaga oid viktorinalar o‘tkaziladi. 2003-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan kompyuter o‘yinlari jahon chempionati, keyingi yillarda o‘tkazilayotgan Osiyo kompyuter o‘yinlari musobaqalari bolalar va o‘smirlarga bu shunchaki o‘yin, ko‘ngilxushlik bo‘lmay, balki mamlakatimiz sharafini jahon miqyosida himoya etish, uning mavqeini ko‘tarishga ruhlantiruvchi omil ekanligini ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili mana shunday jahon musobaqalarida yurtdoshimiz Pavel Saprikin oltin medalga sazovor bo‘lib, barchamizni xursand qilgandi. Bundan tashqari, hozirda axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritib, elimizga tanilgan ko‘pgina hurmatli mutaxassislarimiz ham ana shunday musobaqalar ishtirokchisi bo‘lganligidan ham xabardormiz.

Xulosa qilib aytganda, xalqimiz azaldan farzandlariga to‘g‘ri va munosib tarbiyaviy usullarni qo‘llagan. Shu sababli ham bizning yurtimiz farzandlari milliy qadriyatlar, ota-bobolarimiz o‘gitlariga amal qilib, yoshlik davridagi kuch-g‘ayratlari, shijoatlarini virtual olamda emas, balki real hayotda mamalakatimiz ravnaqi yo‘lida sarflaydi deb ishonaman.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq