Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan videomuloqot tashkil etildi
29.04.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

inha_29_04_2014

Joriy yilning 29 aprel kuni Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyatiga bag‘ishlangan videomuloqot tashkil etildi. “Elektron ta’lim” tarmog‘ida 40 dan ziyod akademik litsey, kasb-hunar kollej hamda oliy ta’lim muassasalarni birlashtirgan onlayn muloqotda yurtimizning barcha hududlaridan bitiruvchilar, abituriyentlar hamda talabalar va ularning ota-onalari, o‘qituvchilar jami 3 mingga yaqin ishtirokchilar qatnashdilar.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilniing 24 mart kuni “Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori imzolangan edi. 22 aprel kuni mazkur universitet faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanidan so‘ng Janubiy Koreyaning Inxa universiteti vakillari bir hafta mobaynida yurtimizning Namangan, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Navoiy hamda Buxoro viloyatlarida Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyati, qabul jarayoniga bag‘ishlangan muloqotlarda ishtirok etib qaytishdi.

Videokonferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikamizning barcha hududlarida joylashgan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, abituriyentlarni Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyati, talabalarni saralab olish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdan iborat.

Inxa universiteti (Janubiy Koreya) Qabul komissiyasi dekani janob Kim Jun Xo universitet ta’lim tizimi, jahon va Koreya axborot texnologiyalari sanoatidagi o‘rni xususida to‘xtalib, Toshkent shahridagi Inxa universitetida ham xalqaro andozalarga javob beradigan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining yetuk mutaxassislarini tayyorlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini, mazkur universitet qisqa davr ichida nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda axborot texnologiyalari yo‘nalishida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘z nufuziga ega bo‘lishidan O‘zbekiston va Janubiy Koreya hukumatlari, shuningdek Inxa universiteti uchun ham birdek manfaatdor ekanligini ta’kidladi.

Videomuloqotda yoshlarga Toshkent shahridagi Inxa universiteti qabul jarayonlari xususida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi maktab, akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari ta’lim dasturlari asosida tuzilgan fizika va matematika fanlaridan savollarga ingliz tilida yozma, ingliz tilida og‘zaki imtihonlarda talabaning nafaqat bilimi, shu bilan birgalikda uning masala va misollar yechimini aniqlashdagi mantiqiy yondashuvi, ingliz tilida o‘z fikr-mulohazasini bayon eta olish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.

Videomuloqotda imtihon savollaridan namunalar keltirilib, ularni ishlashda nimalarga e’tibor qaratilishi kerakligi haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, tadbirda abituriyentlar namunaviy savollar bilan Toshkent shahridagi Inxa universitetining internet tarmog‘idagi www.inha.uz veb-sayti orqali ham tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishlari qayd etildi.

Videomuloqot mobaynida barcha ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq