Inson va jamiyat axloqiga axborotning ta’siri
29.04.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Bahromjon Mamatqulov.

Falsafiy adabiyotlarda axborot va axloqning metodologik xarakteriga alohida e’tibor beriladi. Chunki ular haqiqatni ratsional bilishga qaratilgan tadqiqot usuli va vositalarini izlab topishga yordam beradigan faoliyat mezonlaridir. Lekin ular o‘z holicha insonning bilish darajasini to‘liq o‘zgartira olmaydi. Buning uchun mavjud axborotlarning gnoseologik va epistemologik chegarasini aniqlashga to‘g‘ri keladi, ya’ni axborot va axloqni tadqiqot doirasi ma’lum obyektlarni haddan tashqari tor yoki keng ma’noda tahlil qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham bunday ilmiy demarkatsiyalar buzilishining oldini olish muhim metodologik ahamiyatga ega.

Shu jihatdan qaraganda, «biz o‘z oldimizga qo‘ygan uzoq muddatli strategik maqsadlar, ya’ni zamonaviy rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlash, hayot sifatini yaxshilash va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash borasidagi sa’y-harakatlarimizga bugungi kun nuqtai nazaridan xolisona baho berishimiz tabiiydir» (I. Karimov. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chug‘urlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. — Toshkent: O‘zbekiston, 2010. — 3-b.).

Tarixiy taraqqiyot tajribasidan ma’lumki, inson o‘zi yashayotgan ijtimoiy-axloqiy muhitni, o‘zini-o‘zi o‘zgartirishni bilishi uchun hamisha yangi axborotlarga ehtiyoj sezadi. Boshqacha aytganda, inson o‘zining tabiiy ijtimoiy-axloqiy ehtiyojlarini qondirish uchun unga yangi axborot zarur bo‘ladi. Shuning uchun ham inson axloqi doimo o‘zgarib turuvchi dinamik xarakterga ega. Axborot va axloq jamiyat rivojining barcha davrlarida muhim rol o‘ynagan va o‘ynaydi. Jamiyat hayotida axborot va axloqning o‘zaro aloqasini tushunish muhim ahamiyatga ega. Axloq va axborot hozirgi kunda jamiyat rivojining asosiy manbai hisoblanadi. Ommaviy axborot inson ongi va hissiyotlariga ta’sir o‘tkazishning ikki yo‘li orqali amalga oshiriladi:

1. Ratsional model — demokratik davlatlarda ommaviy muloqotning ratsional usuli ustunlik qilib, u odamlarni axborot tarqatish, dalillarni keltirish, ularni mantiq qoidalari bilan asoslash orqali ishontiradi.
2. Hissiy ta’sir usuli — psixologik ishontirish usuli bo‘lib, fanatizm, siyosiy raqiblarga, boshqa millat vakillariga ishonchsizlik, nafrat uyg‘otish uchun qo‘llaniladi. Bu hissiy ta’sir ko‘pincha aqliy dalillar va asoslardan ham kuchli bo‘lishi mumkin. Bunda totalitar, avtoritar va ayniqsa, etnografik targ‘ibotlardan keng foydalanilib, siyosiy tashviqotlar inson ongini egallab oladigan hissiy mazmun bilan to‘ldiriladi. Hissiy ta’sir qanchalik kuchli bo‘lmasin, OAVlarining siyosatga ta’siri axborot tarqatish orqali ro‘y beradi. Axborot olish, saralash, sharhlash, va tarqatish bu jarayonning asosiy bosqichlaridir.

Jamiyat o‘z rivojining barcha bosqichlarida axloqiy qoidalar ishlab chiqqan va ulardan foydalanib kelgan. Ma’lumki, insonning rivojlanishi uchun axborot juda zarur. Axborot axloqqa bo‘ysunuvchi tushuncha hisoblanadi, ya’ni, axborot axloqni boyitadi, uni o‘zgartiradi. Inson ijtimoiy-axloqiy turmushining taraqqiyoti asosida axloq yotadi. «Axborot tevarak-atrofdagi turli xil manbalardan to‘plangan omillar bo‘lib, bu bilimlarni qayta bayon etish» (Davronov Z. Ilmiy ijod metodologiyasi. — Toshkent: Iqtisod-moliya, 2007. 180-b.) shakli hamdir. Axloqning ma’no va mohiyatini anglab yetmasdan turib, uni tushunib bo‘lmaydi. Xuddi shuning uchun ham anglab olingan axloq keyingi bosqichda tushunish holatiga kiradi. Inson, axloqning ma’no va mohiyatini tushunib yetgach, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi to‘g‘risida fikr bildiradi. Inson tomonidan o‘zlashtirib olingan bilimlarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlariga, xohish-istaklariga, bir so‘z bilan aytganda, hayotiy manfaatlariga mos tushsa, ana o‘shanda kishida o‘zlashtirib olingan bilimlarini turmushga tatbiq etish istagi hosil bo‘ladi.

Axloq epistemologik nuqtai nazardan, obyektiv ma’noga ega va u haqiqatning mohiyatini aglashda yordam beradi. Axloq to‘g‘ri tanlansa, ezgu maqsad va faoliyatga yo‘naltirilsagina, obyektiv ma’no-mazmun kasb etadi. G‘azzoliy bu xususda shunday degan edi: «Axloq — ildizlarning ildizidir, chunki nima qilmoq kerakligi haqida bilim olgandan so‘nggina faoliyat o‘z shaklini oladi». Axloqsiz hech qanday harakat bo‘lishi mumkin emas. Biroq ongli harakatni yuzaga chiqarib, umumjamoaga manfaat keltiradigan axloqgina foydalidir. Jamiyatni axborotlashtirish odamlarga ijodiy yaratuvchilik qobiliyatining yuksalishiga imkoniyat yaratadi. Axborot axloqqa asoslanadi, axloq esa berilayotgan axborot va axloqiy me’yorlarga asoslanadi. Inson axloqli bo‘lib tug‘ilmaydi. Axloq hayot jarayonida, ya’ni amaliy faoliyat natijasi sifatida hosil bo‘ladi. Insonning yangi axborotlarni bilishi va o‘rganishi natijasida hosil bo‘lgan bilimlari uzoq davom etadigan murakkab va ziddiyatli jarayon bo‘lib, u bilmaslikdan bilishga qarab boradi.

Hozirgi kunda axborotlarning ko‘payib borishi bilan birga, axloqiylik muammosi ham birinchi o‘ringa chiqmoqda. Axborotlashtirish jarayonlari, ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi davrida axborot va axloq munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega. Axborot inson va jamiyat axloqini yoki tanazzul sari yetaklaydi yoki, uni o‘zgartirib, to‘ldirib yuksaltiradi. Ijtimoiy-axloqiy turmushi asosida axloq yotadi, ya’ni u ijtimoiy-axloqiy tajribani harakatlantiradi. Shuningdek, «sezgi deprivatsiyasi» degan axborotning yo‘qligi kishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi (Чирчeнко О. Н. Информaционныe аспeкты компьютeризации. М., 1989. — c. 8.). Jahon siyosatchilari axborotlashgan jamiyatning bir qator muhim ko‘rsatkichlarini sanab o‘tganlar. Axborot mahsulotlari (ommaviy axborot vositalari mahsulotlari, madaniyatning turli ko‘rinishlari va hokazo) bora-bora yalpi ichki mahsulotlar (ishlab chiqarish sanoati, agrosanoat, neft va metallurgiya) keltirayotgan umumiy daromaddan ortib ketadi (Xolov Z. Dunyoni axborot boshqaradi // Ma’rifat, 2008-yil 19-noyabr.).

Demak, yangi axborotlashgan jamiyatda ishlab chiqarishning manbai axborotni to‘plash texnologiyalari, uni qayta ishlash va ramziy kommunikatsiyalarga bog‘liq. Jamiyat rivojida axloq va axborot doimo muhim ahamiyatga ega, lekin mazkur jamiyatda axloqning rivojlanishi, axborotning axloqqa ta’siri ishlab chiqarish manbai sifatida tadqiq etiladi. «Shu ma’noda, axborot olamidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi vaziyatda mustaqil ong va mustaqil fikrga ega bo‘lgan shaxsni tarbiyalash masalasi nafaqat ma’naviy, kerak bo‘lsa, muhim siyosiy ahamiyat kasb etadi» (Karimov I. Vatanimizning bosqichma-bosqich va barqaror rivojlanishini ta’minlash — bizning oliy maqsadimiz. 17-jild. Toshkent: O‘zbekiston, 2009. 134-bet.). «Axborot», «axloq» tushunchalari ko‘pincha bir-biriga o‘xshatiladi. Bu qisman shu bilan izohlanadiki, bir darajada axborot sifatida amal qiluvchi dalillar boshqa darajada ma’lumot sifatida amal qilishi mumkin. Masalan, radio yoki televideniye muxbiri intervyu olish jarayonida axborot, ya’ni yangilik oladi. Bu axborot jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun ma’lumot bo‘lib xizmat qiladi. Bu axborotdan, o‘z navbatida, tashkilotlar, muassasalar ma’lumot sifatida foydalanishi mumkin.

Ko‘pgina ilmiy adabiyotlarda axborot va axloq aynanlashtiriladi. Vaholanki, axloq — axborotlar yig‘indisi, tushunchalar, tasavvurlar, g‘oyalar majmuasidir. Aloqa kanalida, muloqot jarayonida axloq axborotning mazmuniga aylanadi. Axloqning ma’nosi axborot signallarini ketma-ketligida, tartiblashida kodlashtiriladi. Muloqotning birinchi subyekti axloqni kodlashtirish orqali axborotga (so‘z, gap, matn, aloqa to‘lqini, belgilar) aylantiradi. Bu subyekt ijtimoiy-axloqiy guruh, tashkilot bo‘lishi mumkin. Muloqotning ikkinchi subyekti yana bir marta kodlashtirish amalini bajarib, axborotni axloqqa aylantiradi. Axloqni egallash voqelikni subyektiv o‘zlashtirish bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, san’at, axloq, din bilish nazariyasi tomonidan o‘rganiladigan predmetlar sirasiga kirmaydi. Axloq subyekt tomonidan, o‘z navbatida, shaxsiy mulohaza asosida shakllantiriladi.

XX asrning ikkinchi yarmida aloqa va telekommunikatsiya vositalarining rivojlanishi, elektron hisoblash texnikasining vujudga kelishi va hayotning turli sohalariga kirib borishi axborotning kengroq tushunchasini ishlab chiqishni talab etdi. Axborot ehtimolli-statistik yondashuv asosida amalga oshiriladi va biron-bir obyekt, tizim, jarayon va hodisa haqidagi axloqiy noaniqlik darajasining pasayishi yoki obyekt, tizim, hodisa va jarayon holatlari aniqligining o‘zgarishidir. Axborotning idrok qiluvchi tizim haqidagi axloq hajmi va tuzilishining o‘zgarishi sifatidagi falsafiy, aniqrog‘i, umumilmiy talqini ham ishlatib kelinmoqda. Qabul qiluvchi bo‘lib, har qanday tizim, masalan, inson, biologik hujayra va boshqalar hisoblanishi mumkin. Biologik tashkilot darajasida axborot va uning moddiy tashuvchisi o‘rtasida funksional aloqa shakllanadi. Material kodlar orasida neyrodinamik kodni, DNK va RNK axborot mavjud bo‘lishining biopsixik shaklini ta’kidlab o‘tish mumkin. Ushbu axborotlarni ehtirosli hayotda, ongning ishlashi va ehtirosli reaksiyalarida, ong harakatida, insonning xulq-atvori va faoliyatida ifodalanadigan sezgi-perseptiv tizimlar tufayli olish mumkin bo‘lgan atrof-muhit haqidagi axborotni qabul qilgan holda, tirik organizmlar ularga nisbatan turli usullar bilan munosabat bildiradi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq