«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari muhokama qilindi
29.04.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

el_29_04_2014

Joriy yilning 29-aprel kuni O‘zbekiston Aloqa tarixi muzeyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, boshqa tegishli vazirlik va davlat idoralarining mutasaddilari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish borasida ustivor vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu dolzarb vazifalardan kelib chiqib, davra suhbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, ular tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari sifatini yaxshilash hamda axborot texnologiyalari sohasini yanada rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalri muhokama etilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlantirishga qaratilgan mustahkam qonunchilik bazasini yaratilganligi, iqtisodiyotning barcha sohalariga, kundalik hayotimizga zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etish, elektron hujjat aylanishi, elektron tijorat, elektron to‘lovlar kabi bir qancha yangi xizmat turlari yuzaga kelib, ayniqsa, fuqarolarning masofadan turib, dunyoning xohlagan davlati bilan axborot almashishiga keng yo‘l ochildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2013-2020 yillarga mo‘ljalangan milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks chora-dasturlarini amalga oshirish natijasida, bugunga kelib, davlat organlari tomonidan aholiga Internet orqali 600dan ziyod interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Davlat axborot resurslari soni 195taga, ro‘yxatga olingan axborot tizimlari 154taga yetdi. Internet tarmog‘i aholi, ayniqsa, tadbirkorlarning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida muhim vositaga aylanmoqda Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali orqali joriy yilning birinchi choragi mobaynida 20ta yangi xizmat turi joriy qilinib, yagona davlat interaktiv xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ko‘rsatilayotgan jami xizmatlar soni 187taga yetkazildi.

Tadbirda e’tirof etilganidek, O‘zbekistan Respubliki Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi PQ-1989 sonli Qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimini joriy etishda muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari oldida turgan yana bir muhim masala – ichki me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishdir. Bu borada, davlat organlari tomonidan taqdim etilayotgan interaktiv davlat xizmatlarining reglamentlarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Davra suhbatida “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ham atroflicha muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi davlat organlarining axborot texnologiyalari asosida interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, xizmat ko‘rsatish vaqti va jarayonlarini, shu jumladan, iqtisodiy sarf-xarajatlarni qisqartirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashdan iboratdir.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda AKT sohasiga oid milliy qonunchiligimiz inventarizatsiya qilinib, bir qator xorijiy mamlakatlarning, jumladan, Avstriya, AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunlari har tomonlama tahlil etildi.

Muhokamalar jarayonida qonun loyihasida intekraktiv davlat xizmatlar turlari va ularga qo‘yiladigan talablar hamda ularni baholash mezonlari aniq belgilash, qonun talablarini amalga oshirish borasida davlat organlarining mansabdor shaxslarini javobgarligini belgilovchi qoidalarni qonunchilikda belgilash borasida mulohazalar fikr va mulohazalar bildirildi.

Anjumanda, shuningdek, “Elektron hukumat” tizimini joriy etishga qaratilgan loyihalar va chora-tadbirlarni amlaga oshirish, xususan, davlat organlarining o‘z funksiyalarini bajarishda tezkorlik va sifatni oshirishga imkon beruvchi faoliyatini avtomatlashtirish; davlat organlarining korporativ va lokal tarmoqlarini yaratish va modernizatsiyalash; axborot tizimlarining idoralararo va idoraviy komplekslarni integratsiya qiladigan milliy tizimini yaratishni jadallashtirish; davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga ko‘rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash, davlat xizmatchilari, tadbirkorlik subyektlari va aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar ham bildirildi.

Davra suhbati yakuni bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda iqtisodiyotning barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va foydalanish jarayonlari samaradorligini oshirishga oid huquqiy asoslarini hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq