Elektron tijoratni rivojlantirishning huquqiy asosolari: «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahriri
11.04.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

2014-yil 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari Qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda «Elektron tijoratni rivojlantirishning huquqiy asoslari: «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahriri» mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy banki, vazirlik va idoralar vakillari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda bank-moliya sohasining mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

bank_11_04_2014

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Vazirlar Mahkamasining 2013-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzasida elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu borada «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlash lozimligi belgilangan edi.

bank_11_04_2014_1

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olgan holda o‘tkazilgan «Davra suhbati»ning asosiy maqsadi elektron tijorat tizimining huquqiy asoslarini, ushbu sohada huquqni qo‘llash amaliyoti, bank-moliya va tadbirkorlik sohasiga zamonaviy AKT keng joriy etishga qaratilgan qonun hujjatlarni yanada takomillashtirish masalalarini atroflicha muhokama etish va bu borada aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbati davomida ta’kidlanganidek, mazkur sohada yaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi, amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida iqtisodiyotimizni real sektori korxonalari, bank-moliya muassasаlari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, elektron to‘lov tizimi, elektron hujjat aylanishi va elektron raqamli imzo texnologiyalari faol joriy qilinmoqda.

bank_11_04_2014_2

Hozirgi paytda mamlakatimizda 10 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgan bo‘lib, ularning qariyb 2 million 500 mingtasi onlayn kartochkalardir. Bugungi kunda tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni, bankdagi hisobraqamlari va plastik kartochkalardan foydalangan holda, Internet tarmog‘i va mobil telefon orqali, aholidan qo‘shimcha vositachilik haqini olmasdan amalga oshirish tizimi joriy etildi.

Biroq axborot texnologiyalari va tadbirkorlik faoliyatining bugungi kundagi rivojlanish darajasi, elektron tijorat sohasidagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirishni talab etadi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda jahonda an’anaviy savdo usullaridan foydalanish bilan birgaб elektron tijoratdan ham keng foydalanmoqdalar. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hozirgi kunda dunyo aholisining 10 foizi xaridlarni Internet tarmog‘i orqali amalga oshirmoqda va bu raqam kundan kunga o‘sib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda iqtisodiyotni ushbu istiqbolli sohasini rivojlantirish, elektron tijorat sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirsh dolzarb ahamiyat kasb etadi.

bank_11_04_2014_3

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar yangi tahrirdagi «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bugungi kun talablariga muvofiq ishlab chiqilganini, jumladan, tadbirkorlik va biznesni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda qo‘shimcha sharoitlar, shu jumladan xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infrastrukturasi yaratishga, tadbirkorlik subyektlariga elektron ko‘rinishda biznes yuritish, tovar yetkazib beruvchilar va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yaxshilash, ishlab chiqargan mahsulot va xizmatlarni jahon bozorga olib chiqish uchun samarali huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga qaratilganligi qayd etildi.

Qonun loyihasining asosiy maqsadi elektron tijoratning samarali faoliyat ko‘rsatishi — tovarlar savdosi, ishlarni bajarish va xizmat ko‘rsatishni elektron hujjatlar va xabarlardan foydalangan holda amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek, elektron tijoratni amalga oshirish va elektron tijorat ishtirokchilari huquqlarini himoya qilishning mukammal mexanizmlarini yaratishdan iboratdir.

Qonun loyihasida «elektron tijorat»; «elektron tijorat ishtirokchilari»; «to‘lov agentlari»; «elektron tasdiqlash»; «elektron xabar» kabi tushinchalarga aniq ta’rif berish, shuningdek, elektron tijorat ishtirokchilarining huquqiy holati, ularning huquq va majburiyatlari ham belgilab berish ko‘zda tutilmoqda.

Xalqaro amaliyotga muvofiq qonun loyihasda elektron tijorat tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator normalar belgilanganligi muhim ahamiyatga molikdir. Jumladan, loyihada elektron tijoratda bitimlar tuzish va boshqa yuridik harakatlarni amalga oshirishda elektron hujjat (xabar)lardan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solish, elektron hujjat (xabar)lardan foydalangan holda shartnomalar tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, elektron tijorat ishtirokchilariga bo‘lgan talablarni belgilash ham nazarda tutilmoqda. Shuningdek, qonun loyihasi bilan bitimlar tuzish jarayonini soddalashtirish uchun elektron bitimlarni rasmiylashtirishni osonlashtirish imkonini beruvchi bir martalik identifikatorlardan va boshqa imzolardan foydalanishga ruxsat etish ko‘zda tutilmoqda.

Davra suhbati davomida so‘zga chiqqan Qonunchilik palatasining deputatlari elektron tijorat tizimini huquqiy tartibga solish mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar. Xususan, mahsulot va xizmatlarni Internet tizimi orqali sotishni rag‘batlantirishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni belgilash; elektron ko‘rinishdagi shartnomalarni tuzishga qo‘yiladigan talablar; elektron tijoratda davlat xaridlarini amalga oshirish shartlari takomillashtirish; elektron tijorat ishtirokchilari ma’lumotlari, shaxsiy ma’lumotlar va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, elektron tijorat sohasiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish tadbirkorlik faoliyatini yanada erkinlashtirish, savdo operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar (tranzaktsion harajatlar) kamaytirish, elektron tijorat subyektlarining bir-biridan geografik uzoqligi bilan bog‘liq muammolar hal etish imkonini beradi. Davra suhbati yakuni bo‘yicha “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda mazkur sohada huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq