Simli va mobil telekommunikatsiya tarmoqlarining yanada sifatli faoliyatiga erishishga doir selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
03.04.2014
Rukn: Mobil aloqa.
Muallif: .

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida Telekommunikatsiya tarmog‘ining ish sifati Kengashining 2013 yil yakunlariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda aholiga telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operatorlar, provayder va boshqa sub’ektlar ishtirok etdilar.

Selektor yig‘ilishida ma’lumotlar uzatish va Internet xizmatlarida sifat masalasi, 2013 yilda “O‘zbektelekom” AK va boshqa operator, provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar va ularning holati, magistral, zonaichi va mahalliy liniyalar hamda telekommunikatsiya tarmoqlarida aloqa barqarorligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili, xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq aholi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash holati, profilaktik ishlarni amalga oshirish rejasi, joriy va kapitap ta’mirlash ishlari muhokama qilindi.

Yig‘ilish mobaynida telekommunikatsiya tarmoqlarida kengaytirish va ta’mirlash, zamonaviylashtirish ishlarini olib borish aloqa va ma’lumotlar uzatish sifatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlanib, mas’ul tashkilotlarga telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, zarur jihozlar bilan ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya tarmoqlarini avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini yaratish loyihasini yakuniga yetkazish, aholi arizalari va shikoyatlari bilan ishlash tizimini qayta ko‘rib chiqish vazifalari yuklatildi.

“O‘zbektelekom” AK tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2013 yilda aholi tomonidan aloqa va telekommunikatsiya sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan 1564 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1498 tasini shikoyatlar tashkil etadi. Tekshiruvlar chog‘ida mazkur shikoyatlar bilan bog‘liq holatlarning 30 % i (478 tasi) aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalar aybi bilan yuzaga kelgan.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan statistikaga muvofiq, 2013 yilda Inspeksiyaga mobil aloqa sifatiga daxldor 65 ta shikoyat kelib tushgan bo‘lib, tekshiruvlar mobaynida ulardan 22 tasi asosli deb topilgan. Mazkur murojaatlarning 33 tasi yoki 51 %i nosoz yoki sifatsiz aloqa xizmatini ko‘rsatish, 23 ta murojaat (35%) tarif rejalari va xizmatlari to‘lovlarining oshirilishi, 7 tasi (10%) internet-xizmatlar va 2 tasi (3%) raqamlarni prefikslash bilan bog‘liq. Mazkur masalal yuzasidan boshqa operatorlar faoliyati ham atroflicha o‘rganilib, barcha operator va provayderlarga aholi murojaatlari bilan yaqindan ishlash, ulardan sohani yanada rivojlantirishda foydalanish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy vazifalar qo‘yildi.

Mobil aloqa operatorlari tomonidan tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, investitsiyalarni jalb qilish, yangi xizmatlarni joriy qilish va takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish yuzasidan ma’lumot berildi.

Selektor yig‘ilishi yakunida aloqa sifatini yanada oshirish, sifatli telekommunikatsiya va mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha jadal choralarni amalga oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari resurslaridan samarali foydalanish, malakali texnik xodimlar bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish, sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlashda rahbar xodimlar va mutaxassislar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha Kengash qarori qabul qilindi va barcha mas’ul tashkilotlarga aniq taklif hamda topshiriqlar yuklatildi.

Manba

Orphus system
O'zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo'lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo'ling.
Telegramga qo`shmoq
WhatsAppga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq