AKT ta’lim mazmunini boyitish omili

akt_27_03_2014

Bugungi kunda xorijiy tilni bilish o‘ta muhim ahamiyat kasb etayotganligi bois chet tili o‘qitish tizimini ham isloh etish, dars jarayonlarida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or usullarini qo‘llash ta’lim tizimidagi dolzarb masalalardan biriga aylandi. Shuningdek, mustaqil Respublikamizning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni tobora o‘sib, xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy aloqalar keng quloch yozayotganligi kelajagimiz bo‘lgan yosh avloddan chet tilini mukammal bilish zaruriyatini tobora oshirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrda PQ-1875 sonli «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori chet tili ta’limini rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni zamon talablariga mos yetuk mutaxassis yetib tayyorlash kabi ezgu-maqsadlarga yo‘naltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur Qarorning ahamiyatli jihati shundaki, unda ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o‘rganishni tashkil qilish, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o‘quv-uslubiy manbalar bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning chet tillarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va o‘z navbatida, chet tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shu bilan bir qatorda, ularning jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hamda jahon axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun sharoit va imkoniyatlar yaratish ko‘zda tutildi.

akt_27_03_2014_1

Ushbu Qaror tegishli davlat organlari, shu jumladan, barcha ta’lim muassasalari va chet tili o‘qituvchilari zimmasiga yosh avlodni mustaqil davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshiruvchi yuksak salohiyat va bilim egalari qilib tarbiyalashdek dolzarb vazifalarni yuklaydi. Bugungi kunda yangi elektron darsliklar, o‘quv va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratilmoqda. Ular talabalar savodxonligini oshirish, nutqini o‘stirish, aqliy qobiliyatini rivojlantirish, mantiqiy fikrini takomillashtirish, ijodiy fikrlay olish hamda ta’lim ti-zimlari orasidagi uzviylikni ta’minlashga qaratilmoqda.

Ma’lumki, ta’lim jarayonini kompyuterlashtirish nafaqat ta’limiy axborotlarning yaxshi, balki yangi axborot texnologiyalari elementorientlarini ham o‘zlashtirilishiga yo‘naltiriladi. Ayniqsa, chet tillarini o‘rganishda kompyuterlar o‘qituvchining mehnatini osonlashtirib, dars jarayoni samaradorligini oshirishini alohida ta’kidlash zarur. Yaxshi multimediyali dasturlar maqsadga yo‘naltirilishi zarur, shu sababli o‘quv materiali aniq bir mavzuni yorita oladi, dastur o‘quv jarayonining barcha komponentlarini qamrab olishi shart.

Zamonaviy kompyuter auditoriya mashg‘ulotlari davrida eng qulay texnik vosita hisoblanadi. Chet tillarini o‘qitishda axborot texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchi-talabalar umumiy madaniyatini rivojlantirishda yanada sifatli darajaga ko‘tarish hamda ularning kompyuter texnikasi va chet tillarini sifatli o‘zlashtirish imkonini beradi. Chet tili darsi jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish, talabaning tilga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish va ularning tildan egallaydigan bilim, ko‘nikma va malakalarini yuqori bo‘lishini ta’minlaydi. Shuning uchun chet tillar ta’limida quyidagi turli xil yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutiladi:
• kompyuter texnologiyasi (Internet resurslari);
• test topshiriqlarini kompyuter orqali amalga oshirish, elektron xabarlar, elektron darslik, o‘quv qo‘llanmalar, lug‘atlar yaratish;
• chet tilparni o‘qitishda Internet yordamida bevosita masofaviy ta’limdan foydalanish;
• til materiali, nutqiy malaka va ko‘nikmalarni shakllantirishga tabaqali yondashish;
• talabalarning o‘quv faoliyatini, mustaqil ishlarini tabakali tashkil etish hamda kompyuterli nazoratni tashkillashtirish;
• texnik vositalardan (video, audiomagnitafon proyektorlar)dan foydalanish;
• ko‘rgazmali qurollardan foydalanish (mavzular sxemasi, mavzular bo‘yicha rasmlar);
• texnik vositalar yordamida dars mavzulari bo‘yicha taqdimotnomalarni yoritish.

Bugungi kunda kompyuter va uning tarkibiga kiruvchi texnik vositalar mavjudpigi, shuningdek, yangi multimediya tizimidan to‘g‘ri foydalangan holda ta’lim tizimida o‘quv jarayonini, ayniqsa, chet tilini o‘qitish mashg‘ulotlarini tashkil etish imkoniyati vujudga keldi. Interaktiv metodlar: suhbat, loyiha metodi, aqliy hujum, diskussiya, klaster metodi, Case metodi, rolli uyinlar, juft bo‘lib ishlash, musobaqa, ko‘rik-tanlovlar, Jigso metodi, davra suhbatlari, kollokvium, muammoli o‘qitish va boshqalar. Agar chet tillarni o‘rgatishda kasbiy yondashilsa, masalan talabalar bilan chet til amaliy darslari olib borilganda quyidagi ayrim metodlarni qo‘llashni amaliy misollar orqali yoritib beriladi.

Klaster metodi — bu tarmoqlarga bo‘lish metodi bo‘lib, bunda o‘qituvchi tomonidan tanlangan mavzu qamrab oladigan barcha yo‘nalishlar talabalar ishtirokida yoritiladi. Bu metodni quyidagi tarzda amalga oshiramiz. Masalan: «Economy of Uzbekistan» matni auditoriyada noutbuk orqali eshittiriladi, ko‘nikma hosil qilish uchun klaster usulidan foydalanamiz. Undagi berilgan yo‘nalishlar umumlashtirilib, asosiy hikoya tuziladi. Natijada talaba ushbu mavzu haqida ko‘nikma hosil qiladi.

«Debating», «Discussion» (munozara, muhokama qilish) usulida guruh talabalari 2 jamoaga bo‘linadi. O‘qituvchi tomonidan proektor yordamida dars mavzusi bo‘yicha savollar ekranda ko‘rsatiladi va ikki jamoa a’zolari mavzu bo‘yicha javob berib, o‘z-fikr mulohazalarini bildiradi. O‘qituvchi berilgan javoblarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlab beradi va kaysi jamoa g‘olibligini e’lon qiladi. Bu usul chet til ni o‘rganishda so‘z boyligini oshirish, fikrni mustaqil bayon etish malakasini oshiradi.

«Work in pairs»(juft bo‘lib ishlash) usulida 2tadan talaba tanlanib, mavzu beriladi. Namuna sifatida dars mavzusiga birorta suhbat (dialog) texnik vositalar yordamida eshittiriladi. Talabalar tomonidan berilgan mavzu asosida suhbat (dialog) tuziladi. Bu usul talabalarni mustaqil ishlashga undaydi va og‘zaki nutq malaka va ko‘nikmalarini shakllantiradi.

«Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorda 2013–2016 yillarda ta’lim muassasalarida xorijiy tillar o‘quvxonalarini zamonaviy axborot kommunikatsiya va o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan jihozlashning jadallashtirilgan dasturini ishlab chiqish talabi ilgari surilgan. Chet til amaliy darslari o‘quv xonalarida zaruriy texnik jihozlarning mavjud bo‘lishi dars sifatini oshiradi, talabalarning chet tiliga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi, shuning bilan birga til o‘rgatuvchi professor-o‘qituvchilar ham yaratib berilgan shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda o‘zlarining bor professional va pedagogik kasb mahoratlarini ishga solib, yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda sifatli dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan hukumatimiz e’tiborini kuchayishi, ushbu sohaning har bir vakilini yanada izlanishga, o‘z kasbiga sidqidildan yondashishga undaydi. Ayniqsa, mamlakatimizda kuchli bilim, yuksak iqtidor egalarini tarbiyalash, voyaga yetkazish va zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni uyg‘un kamol toptirishdan ko‘zlangan maqsad — mamlakatimizning kelajakda yanada yuksalishiga hissa qo‘sha oladigan, uning jahon hamjamiyatida muhim o‘rin egallashida o‘zining bor kuch-imkoniyatlarini safarbar eta oladigan kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Orphus system