Yoqimli muloqot umrni uzaytiradi
25.03.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Mаnzura Bekchonova.
«Doimo harakatda bo‘ling,
chunki harakatdan to‘xtaganning o‘tirgisi,
o‘tirganning yotgisi, yotganning uxlagisi keladi»

Al Xorazmiy

Qo‘shnimiz Rustam akaning yoshi ulug‘, ular kompyuterdan foydalanishni juda yaxshi o‘rganib olibdi. Ularni rafiqalari bilan uchratib, suhbatlashib qoldim.

— Rahmat sizga, menga yaxshi maslahat bergan ekansiz, — dedi qo‘shim. — Kompyuter va internetni o‘rganganimdan beri aslo zerikishga vaqt yo‘q. Bod va migren kasalim ham esimdan chiqib ketdi. Aslida barcha kasalliklar asabdan deyishgani to‘g‘ri ekan. Shukur, hozirda asablarim tinch. Internet orqali dunyo xabarlari bilan tashishyapman, o‘zim yoqtirgan gazeta-jurnallarning elektron nusxasini o‘qiyapman, xorijda tahsil olayotgan nabiram bilan muloqot qilib turibman. Xolangiz ham dugonalari bilan bemalol ijtimoiy tarmoq orqali suhbatlashadi. U ham mendan kompyuterni o‘rganib oldi.

Shu payt Rustam akaning rafiqasi Maysara xola ham suhbatga qo‘shildi:
— Internetga pul o‘tkazgani ketyapmiz. O‘g‘lim kompyuterga «Skayp» o‘rnatib berdi. Endi menga «Noutbuk» olib bermoqchi. Chunki amakingiz bilan kompyuterga navbat talashyapmiz, — deb kuldi xola.

Men ularning orqasidan havas bilan qarab qoldim. Esimda… Bundan to‘rt oy burun Rustam aka chet elda o‘qiyotgan nabirasiga xat jo‘natib berishimni iltimos qilgandi. Men uning xatini jo‘natgach, «O‘zingiz ham kompyuter va internet texnologiyalarini o‘rganib oling, bu unchalik qiyin emas…» dedim. «Qirqdan oshganda surnay chalishni o‘rganishdan nima foyda?! Men «kompyuter», mobil telefon degan narsalarga qiziqmayman» — deb uncha ro‘yxushlik bermadi Rustam aka. «Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq», «Yetti yoshdan yetmish yoshgacha hunar o‘rgan» deyishgan donolar, dedim unga men ham bo‘sh kelmay. So‘ng kompyuter va Internetning foydali tomonlarini tushuntirdim. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay, Rustam akaning axborot-texnologiyalarini o‘zlashtirib olganini eshitdim. U hozir «aslida kompyuter va internet kattalarga ko‘proq kerak bo‘lar ekan» deya ta’kidlamoqda. Haqiqatdan ham yetuklik yoshiga yetganda, ayniqsa, nafaqaga chiqqandan so‘ng insonning dunyoni anglashga, o‘z ishtiyoqi va qiziqishlari doirasidagi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishga, masalan, kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, sayru sayohat qilish kabilarga vaqti yetarli bo‘ladi.

Ma’lumki, sayyohlar orasida nafaqa yoshidagi kishilar ko‘p bo‘ladi. Bu holat keksa yoshdagilar yanada serharakat bo‘lishga, faol turmush tarzini davom ettirishga harakat qilishlarini anglatadi. Ba’zilar ijodiy va ilmiy izlanishlarga o‘zlarini bag‘ishlasa, boshqalar dunyo bo‘ylab sayohatga chiqadilar. Axborot texnologiyalari, video va foto texnikalari imkoniyatlaridan ham unumli foydalanishga, kompyuter savodxonligidan chuqur boxabar bo‘lishga intiladilar.

Hozirgi vaqtda zamonaviy axborot-texnologiyalaridan foydalanishni o‘rganish uchun yoshning ahamiyati yo‘q. Chunki mamlakatimizning barcha viloyatlarida ko‘plab yoshlarni barkamol rivojlantirishga yo‘naltirilgan, katta yoshdagilar uchun ham bilim hamda malakalarini oshiruvchi o‘quv markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda keksayu yosh o‘z bilimi va ko‘nikmasi doirasini kengaytirishi, kerakli kasb va hunarni egallab olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish kerakki, o‘quv markazida ta’lim olishga hammaning ham vaqti va sharoiti to‘g‘ri kelmaydi, ya’ni ayrimlar zarur hayotiy tashvishlardan ortmasligi mumkin. Bunday hollarda ham «O‘zbekiston yoshlar va katta yoshdagilarni barkamol rivojlantirish assotsiatsiyasi»ga murojaat etish va yurtimizdagi kasbga o‘qitish o‘quv markazlarida kasb va hunar o‘rganish bilan oila daromadiga hissa qo‘shish mumkin. Ayrim markazlarda kam ta’minlangan oilalardagi katta yoshli fuqarolar imtiyozli ravishda bepul o‘qitilmoqda.

O‘quv markazlarida kam ta’minlangan oilalar a’zolarini kasbga o‘qitish va qayta o‘qitish ularning iqtisodiy ta’minotini yaxshilashda, farovonligini yuksaltirishda, fuqarolarning ijtimoiy moslashuvi va bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent shahrida «Yangi imkoniyat», «Iffatli kelin», «Meri Poppins» kabi o‘quv markazlari mavjud bo‘lib, ularda malakali ustalar va o‘qituvchilar tikuvchilik, to‘quvchilik, pazandalik, enagalik, hamshiralik va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari mutaxassislarini tayyorlash, shuningdek, kompyuter savodxonligini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Ma’lumki, jahonning mashhur kompozitorlari, rassomlari va adiblari o‘zlarining shoh asarlarini yetuklik yoshida yaratganlar. Bundan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, 60 yoshdan oshib nafaqaga chiqqandan so‘ng insonning o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, sevimli mashg‘ulotini davom ettirish uchun imkoniyat eshiklari yanada keng ochiladi. O‘zi qiziqqan va yaxshi ko‘rgan ishi bilan mashg‘ul bo‘lish, sevimli odamlar bilan muloqotda bo‘lish umrni uzaytiradi. Mazkur haqiqat asrlar davomida o‘z isbotini topgan. Bunda ularga kompyuter texnikasi va axborot texnologiyalari imkoniyatlari katta yordam beradi.

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq