«O‘zbekiston pochtasi» OAJ Farg‘ona filiali: yutuqlar, yangiliklar, rejalar
24.03.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: Hаfiza Salyahova.

Filial jamoasi o‘tgan yilni dillarda shukronalik tuyg‘ulari bilan kuzatdi. Daromad rejasi 101 foizdan oshirib bajarildi. Bu muvaffaqiyatlar zamirida sidqidil mehnatlar, astoydil izlanishlar yotibdi. Sohani keyinchalik ham rivojlantirish uchun axborot texnologiyalarini barcha jarayonlarga joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalvsh va avtomatlashtirish, shuningdek, mijozlar ehtiyojlariga moslashadigan yangi xizmatlarni rivojlantirish davr talabi bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda filialda 323ta kompyuter lokal tarmoqqa ulangan. Zamon talabiga muvofiq ish yuritishga harakat qilinmoqda. Bundan tashqari, pochta jo‘natmalarining o‘tish muddatlarini qisqartirish lozim.

«Samaradorlikni oshirib, mehnat sarfini kamaytirishga ham dolzarb vazifalardan biri sifatida qaralmoqda va bu borada qator rejalar faoliyatga tatbiq etilmoqda, — deydi filial pochta aloqasini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Yulduzxon Abdullayeva. — Sohada ish boshlaganimga chorak asrdan oshdi. Istiqlol yillarida hamma sohaga bo‘lganidek filialimizda ham islohotlar muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi uch yilda tizimga kiritilgan o‘zgarishlar va yangilanishlarning salmog‘i ortib ketdi. Korporativ kompyuter tarmog‘i orqali «Elektron pul jo‘natish», «Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati», «Obuna», «Ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalarini nazorati», «To‘lovlarni qabul qilish »kabi avtomatlashtirilgan tizim orqali xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Natijalar esa kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Bundan tashqari, «Gibrid pul o‘tkazmalari»tizimi ham o‘zining aniqliligi bilan mijozlar ishonchini qozonmoqda».

pochta_24_03_2014

Shu yil aprel oyidan joriy etilgan «Pensiya to‘lovlari hisob-kitobi va nazorati» avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilgani bois, pensiya va nafaqalarni to‘lashda ayrim kamchilik holatlarining oldi olinmoqda. Ro‘yxatga olinuvchi pochta jo‘natmalari tizimining amalga kiritilishi sharofati bilan esa jo‘natmalarning topilishi oson bo‘lib qoldi. Shtrix kodlar jo‘natmaning qayerda turganligini internet orqali kuzatish imkonini bermoqda. Bu esa jo‘natma yo‘qolishi bilan bog‘liq shikoyatlar avvalgi yillarga qaraganda, ancha kamayishiga olib keldi. Bu xizmat turi ham qisqa fursatda ommalashib ketdi. Samara berayotgan o‘zgarishlarga «O‘zbekiston pochtasi» OAJ bilan «O‘zbekenergo» DAK o‘rtasida onlayn tarzida ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yilganligi foydalanilgan elektr energiyasi uchun qabul qilingan to‘lovlar ma’lumot olish maqsadida pochta aloqa tarmoqlarining «O‘zbekenergo» DAK billing tizimiga ulanganligini misol keltirish mumkin. Elektron pul jo‘natish va pochta to‘lovlarini qabul qilish tizimlarida axborot xavfsizligi ta’minlanmoqda. «E-hujjat» tizimida 156ta elektron raqamli imzo kalitlaridan foydalanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 17-apreldagi PQ-1957 sonli «2013–2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Filialda kompyuterlar soni 323taga yetdi. Qishloq hududlaridagi pochta aloqasi bo‘limlarida AKT’ni joriy etgan zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yaxshilanmoqda. 117ta aloqa bo‘limlari kompyuter texnikasi bilan, 50 nafar pochtachi mobil bank terminallari bilan ta’minlandi. «O‘zbekiston pochtasi» OAJ tomonidan ajratilgan 4ta «Damas» rusumli avtomashina obunani yaxshi tashkil etgan Beshariq, Yaypan, Toshloq va Furqat pochta aloqa tarmoqlariga obuna rejalarini ortig‘i bilan bajarilganligi uchun tantanali ravishda topshirildi. Yaqinda yana bitta «Damas» rusumli avtomashina Quva pochta aloqa tarmog‘iga berildi.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, filialda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, yurtimizda va dunyoda yuz berayotgan yangiliklar, voqea va hodisalarni tezkorlik bilan yoritishda, fuqarolarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ommaviy axborot vositalari, xususan, davriy matbuot nashrlari ahamiyati ta’kidlangan viloyat hokimining 2013-yil 6-sentabrdagi farmoyishini bajarish uchun chora-tadbirlar o‘z vaqtida belgilandi va obuna ishlari yuksak mas’uliyat bilan tashkil etildi. Natijada reja ziyodi bilan bajarildi. Bu yil 548 401ta gazeta-jurnallar obunachilarga yetkazib beriladi. Bu o‘tgan yilgidan 112 ming donaga ko‘pdir.

«Faoliyatimizda ma’naviy — ma’rifiy ishlar saviyasini oshirib borishga e’tiborni kuchaytirayapmiz. Yosh kadrlarning ma’naviy-axloqiy sifatlarini shakllantirish kun tartibidan tushmaydi, — deydi filial direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhratjon Bo‘riyev. — Maxsus reja asosida yozuvchi va shoirlar, TATU Farg‘ona filiali o‘qituvchi-olimlari, respublika «Salomatlik» instituti Farg‘ona filiali mutaxassislari bilan uchrashuvlar, suhbatlar tashkil etilmoqda».

pochta_24_03_2014_1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-avgustdagi «Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi Qarorini va Yurtboshimizning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asaridagi ezgu-g‘oyalarni targ‘ib qilishda gazeta va jurnallarning ahamiyati beqiyosdir. Buni teran anglaymiz va ma’naviyatni yuksaltirishdek ulug‘ ishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishga intilamiz.

Shuning uchun obuna reja-topshiriqlarini bajarishda filialimiz jamoasi respublikada birinchi o‘rinni olganimizdan har qancha faxrlansak arziydi. Filial obuna bo‘limi boshlig‘i Gulnora Raykenova, yetakchi mutaxassis Asalxon Xalilova, Farg‘ona shahar pochta aloqa tarmog‘i aloqa bo‘limi boshlig‘i Nasibaxon Tojiboyevalarning g‘ayrat-shijoatlari taxsinlarga sazovordir. Ularning 2014-yil obunasini tashkil etishdagi mahorat va malakalarini e’tirof etamiz va behad qadrlaymiz. Xabarchilarimiz ham bu mavsumda har doimgidan ham ko‘proq ter to‘kishdi. Farg‘onalik Zuhraxon Sultonova, Shahloxon Rayimova, beshariqlik Dilshodjon Toshpo‘latov, Dilafro‘zxon Turdaliyeva, Ma’rufjon Umrzaqovlar, yaypanlik Turobjon Akramov, bag‘dodlik Salimaxon Ahmedova, Azimjon Ortiqovlar, furqatlik Dilshodjon Xoliqov, Baxtiyorjon Jo‘rayev, Kamolxo‘ja Alixo‘jayevlar, qo‘qonlik Dilrabo Raimova kabi juda ko‘plab xabarchilarimiz obuna ishlarini a’lo darajada olib borishda barchaga namuna bo‘ldilar. Halol mehnatlari bilan ibrat ko‘rsatgan ilg‘orlarimizdan minnatdormiz. Ularning sidqidildan qilgan mehnatlarini ma’naviy va moddiy taqdirlaymiz.

Ha, o‘tgan yil «Obod turmush yili»da filial jamoasi ko‘ngillarni obod aylaydigan xayrli ishlardan bahramand bo‘ldi. TATU Farg‘ona filialidan 5 nafar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilaridan 60 nafardan ko‘prok yoshlar ish bilan ta’minlandilar. Shahar va tumanlardagi paynetlar soni 18taga yetkazildi. 3ta pochta aloqa tarmog‘ida telefon va kompyuter taxnikalarini ta’mirlash ustaxonalari ochildi. 7 nafar ishchi-xodimlar, jumladan, Furqat pochta aloqa tarmog‘idan Kapa yangi aloqa bo‘limi boshlig‘i Gulnoraxon Qodirova, Qoraqushchi pochta aloqa tarmog‘idan Ravot aloqa bo‘limi xabarchisi G‘ayratjon Madrahimov, Uchko‘prik pochta aloqa tarmog‘idan Katta Qashqar aloqa bo‘limi xabarchisi Nuriddin Qurbonov kabi hamkasblar namunali loyiha asosida qurilgan zamonaviy uylarning sohiblari bo‘lishgani dillarga o‘zgacha xushnudlik baxsh etadi.

2014-yil «Sog‘lom bola yili»da yana 10 nafar yosh mutaxassis yangi, ko‘rkam va shinam uy-joylarga ega bo‘ladilar. Yozgi oromgohlarda 250 nafar bolajonlarimizni sog‘lomlashtirishga har yilgidan ko‘proq mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Bola parvarishi ta’tilidagi ayollarga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lovi «Jamoa shartnomasi»da belgilab qo‘yilganidek davom ettiriladi.

«Sog‘lom oila — sog‘lom bola» rejamizda yana ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz.

Orphus system
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq