Erkin axborot maydonini tashkil qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati haqida

erk_24_03_2014

So‘z va axborot erkinligini ta’minlash rivojlangan huquqiy-demokratik davlat barpo etish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning eng muhim shartidir. Istiqlol yillarida mamlakatimizda aynan shu tamoyilni hayotga chuqur tatbiq etishga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratildi.

Mustahkam tamal toshi
Buning uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratib berildi. Eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekanligi, ommaviy axborot vositalari erkin ekanligi, senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlab qo‘yildi. Shular asosida yurtimizda sohaga oid o‘nlab qonun hujjatlari qabul qilindi. Bularning barchasi ommaviy axborot vositalarini erkin va jadal rivojlantirish, axborot sohasining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan dolzarb ahamiyat kasb etdi. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Noshirlik to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi kabi qonunlarning kuchga kirishi hamda davr talablari asosida takomillashtirilishi hayotimizda axborot erkinligini yanada kengaytirish, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘la-yotgan voqealarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirishda muhim poydevor bo‘ldi.

Amaliy natijalar
Bunday ijobiy o‘zgarishlar mass-media tarmoqlarining soni, faoliyati sifati izchil yuksalib borayotgani misolida ham namoyon ekanligi diqqatga sazovor. Zero, bu jamiyatda fikrlar xilma-xilligi, plyuralizmni yanada ravnaq toptirish, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini to‘la ro‘yobga chiqarishda katta rol o‘ynaydi. Uzoqqa bormaylik, bunday keng miqyosdagi ishlar natijasida 2000–2010 yillar ichida bosma ommaviy axborot vositalarining soni 1,5, elektron ommaviy axborot vositalarining soni esa 7 barobar ko‘paydi. Bugungi kunga kelib esa ularning umumiy soni 1372tani tashkil etmoqda. Ulardan 709tasi gazeta, 289tasi jurnal, 14tasi axborotnoma-byulleten, 4tasi axborot agentligi, 63tasi televideniye, 32tasi radio, 261tasi veb-saytlardir.

E’tiborlisi, ularning orasida nodavlat ommaviy axborot vositalari soni salmoqlidir. O‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda yashaydigan millat va elatlarning yetti tilida faoliyat olib borayotgani millatlararo hamjihatlik, tinchlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan bo‘lsa, bosma materiallar va teleko‘rsatuvlar ingliz tilida ham tarqatilayotgani davr talabiga to‘la mos keladi. Ayni chog‘da OAV, nashriyot, matbaa korxonalari va matbuot tarqatuvchi tashkilotlar uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va preferensiyalari berilgani ularni yanada samarali ishlashiga turtki bo‘ldi.

Yuqoridagi taraqqiyot sur’atlari esa aholida kuchli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularda yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada kuchaytirishda muhim omil bo‘layapti, albatta. Zero, Prezidentimiz ta’kid-laganidek, «Hech shubhasiz, ana shu tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari jamiyatimizda amalga oshirilayotgan chuqur ijtimoiy-siyosiy islohotlar, zamon talablariga javob beradigan demokratik yangilanishlarning ko‘zgusiga, odamlarimizni, keng ommani yangicha fikrlashga, ma’naviy uyg‘oqlikka, ongu tafakkurimizni o‘zgartirishga da’vat etadigan qudratli kuchga, qisqacha aytganda, kundalik hamrohimizga aylanib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz».

Islohotlarning mantiqiy davomi
Shubhasiz, bunday e’tibor va rag‘batdan ko‘zlangan bosh maqsad jamiyatda, ayniqsa, bugungi globallashuv sharoitida axborot va so‘z erkinligini yanada chuqur ta’minlash, OAV tomonidan mana shunday o‘ta mas’uliyatli vazifani samarali ro‘yobga chiqarishga qaratilgandir. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasidagi g‘oya, taklif hamda qonunchilik tashabbuslarining bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mazkur sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir, albatta. Ushbu dasturilamal hujjatda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini qabul qilish zarur ekanligi o‘z ifodasini topgani fikrimiz tasdig‘idir.

O‘z navbatida unda siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanish lozimligi qayd etildi. Zotan, bunday yangiliklar ommaviy axborot vositalari va davlat hokimiyati organlari o‘rta-sidagi munosabatlarning ustuvor jihatlarini to‘g‘ri belgilash, Respublikamizda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni demokratik va liberal islohotlarning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish, OAV orqali o‘z nuqtai nazarini ifoda etish imkoniyati, jamoatchilik hayotining barcha sohalarida bo‘lib o‘tayotgan muhim hodisa va voqealar to‘g‘risida axborot berish, siyosiy qarash va g‘oyalar yuzasidan bahs yuritish va voqelikka munosabatini bildirishni tashkil etish, plyuralizm an’anasida ommaviy axborot vositalarini faol rivojlantirish orqali ochiqlik, shaffoflik va jamoat nazoratini amalga oshirishda ta’sirchan mexanizmlarini rivojlantirish, elektron hukumat tizimini jadal ravnaq toptirish imkonini beradi.

erk_24_03_2014_1

Davlat organlari ochiqligi — davr talabi
Xususan, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining mazmun-mohiyati, ahamiyatini olaylik. Mazkur huquqiy hujjat fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish, davlat organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish, ularning faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish tartiblarini aniq belgilab berish, aholi, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar, avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq qarorlar haqidagi axborotlardan keng xabardor bo‘lib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Binobarin, Yurtboshimizning «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish haqida»gi Farmoyishi qabul qilindi. Shu asosda o‘tgan yilning mart-dekabr oylarida Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi davlat organlari negizida ushbu qonun loyihasi huquqiy tajribadan o‘tkazildi. Milliy qonunchiligimiz va qonun ijodkorligi jarayonida ushbu usul yangi demokratik metod sifatida kirib kelib, o‘z samaralarini ko‘rsatdi. Chunki bu jarayonlar davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi, undan ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari keng foydalanishini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi normalari samaradorligini aniqlash imkonini berdi.

Ayni chog‘da qonun loyihasini takomillashtirish, uni samarali qo‘llash mexanizmlarini yaratish, huquqiy eksperiment usullarini qonun ijodkorligi jarayoniga joriy qilish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Jumladan, dastlabki bosqichida zarur tashkiliy-huquqiy baza tayyorlanib, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati reglamentlari qonun loyihasi me’yorlarini belgilaydigan ochiqlik tamoyili nuqtai nazaridan ishlab chiqildi, jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari mazkur eksperiment vazifalari, maqsadlari, tartibi va boshlanishi haqida xabardor qilindi. Asosiy bosqichda esa mahalliy davlat organlari, OAV, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa axborotdan foydalanuvchilarning faoliyati Eksperiment o‘tkazish tartibiga muvofiq tashkil qilindi, qonun loyihasida nazarda tutilgan hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash shakllari va usullarini tushuntirish hamda tegishli normalar samaradorligi kompleks baholandi.

Bundan tashqari, aholiga, avvalambor, kishilarning manfaatlariga bevosita daxldor bo‘lgan masalalar yuzasidan qabul qilayotgan qarorlari mazmun-mohiyatini matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular orqali tushuntirish borasida davlat organlari rahbarlarining faol ishtirok etishi, bu borada samarali tashkiliy-huquqiy usullarni ishlab chiqishga erishildi. Qolaversa, milliy matbuotning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatini yoritishdagi samaradorligini yuksaltirishga qaratilgan jurnalistlarning kasbiy faoliyatini o‘zini o‘zi tartibga solish turli mexanizmlarini (kasbiy etika kodeksini) sinovdan o‘tkazish, qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda uning normalari tatbiq etilishi natijasida davlat boshqaruvi tizimi barqaror amal qilishi, ushbu sohada axborot xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan ehtimoli bo‘lgan oqibatlarni baholash huquqiy eksperiment muhim natijalaridan bo‘ldi.

Yakuniy bosqichda esa huquqiy eksperiment subyektlari eksperiment natijalarini umumlashtirib, tahlil qildi hamda qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi. Shular barobarida huquqiy eksperiment doirasidagi mahalliy davlat organlari axborot xizmatlari, ularning veb-saytlari faoliyati tubdan yangilandi, mazmunan boyidi. Pirovardida aholini davlat organlari faoliyatidan yaqindan boxabar bo‘lishlari uchun o‘ziga xos platforma yaratildi.

OAV: iqtisodiy asoslar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Ayni kunlarda esa «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini ishlab chiqish maqsadida AQSH, Germaniya, Fransiya, Belgiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribasi mufassal o‘rganilmoqda.

Davlatimiz rahbari ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida», «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi ommaviy axborot vositalarining mustaqilligi, axborot va so‘z erkinligini ta’minlaydigan, erkin axborot maydonini tashkil qiladigan boshqa qonunlarning muhokamasini tezlashtirish va qabul qilish darkorligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Nega deganda, «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida ommaviy axborot vositalari mol-mulki, uning faoliyatini moliyalashtirish manbalari tizimi, tadbirkorlik faoliyati, tahririyat xodimining faoliyatini rag‘batlantirish kabi huquqiy tartibotlar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda ommaviy axborot vositasining ustav fondi, ustav faoliyatini amalga oshirish jarayonida olingan moddiy va nomoddiy aktivlar, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan olingan daromad va foyda, ommaviy axborot vositasining mol-mulkini shakllantirish manbalari turlari ko‘rsatilishi mo‘ljallanayotgani e’tiborga molik. Qolaversa, unda ommaviy axborot vositasining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishidagi huquq va majburiyatlari belgilanishi bozor iqtisodiyoti sharoitida uning ish samaradorligini oshirishda muhim asos bo‘ladi.

«Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi esa davlat tomonidan ko‘rsatiladigan huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy madad va ko‘maklarni belgilash, ularni amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga yo‘naltirilgan. Shu bois, unda OAV’ni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy kafolatlari, tamoyillari, shakllari va infratuzilmasini belgilashga oid normalar ko‘rsatib o‘tilishi nazarda tutilmoqda. Bunday madad va ko‘maklar mexanizmi sohani yanada erkinlashtirish, milliy axborot bozorida ijtimoiy ahamiyatga molik axborotlar salmog‘ini oshirish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, ijtimoiy buyurtmalarni bajaradigan ommaviy axborot vositalariga soliq va bojxona to‘lovlarida imtiyozlar berish borasidagi masalalar yechimida ijobiy o‘rin tutishi shubhasiz.

Zamonaviy AKT — inson manfaatlari yo‘lida
«Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bugungi demokratik talablarni o‘zida to‘la mujassamlashtirgan desak xato bo‘lmaydi. Chunki uning maromiga yetkazilib, qabul qilinishi birinchi navbatda, inson va uning qonuniy manfaatlarini ilg‘or hamda qulay axborot-kommunikatsiya vositalari yordamida oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish imkonini beradi. Boisi, shu asosda jamiyatda «elektron hukumat» afzalliklari keng joriy etiladi, pirovardida fuqarolar davlat idorasiga shaxsan borish, ariza va ma’lumotlarni to‘ldirish, mas’ul shaxs qabuliga yozilish, navbatda turish va shunga o‘xshash vaqt va mablag‘ talab etuvchi, asabni buzuvchi ovoragarchiliklardan forig‘ bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, qog‘ozsiz hujjat aylanishi, davlat interaktiv xizmatlari soni hamda sifatini yanada yuksaltirishga sharoit yaratadi. Qonun loyihasi ustida ish borar ekan, unda korporativ va global tarmoqlarda axborot xavfsizligini ta’minlash shartligi, uzatilayotgan hujjatlarning yuridik kuchga ega ekanligini belgilash zarurligiga urg‘u berilmoqda.

Тa’kidlash joizki, bu borada Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 27-iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan 2013–2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi. Dastur aholining davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatini elektron shaklda amalga oshirishni ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimida «yagona oyna» prinsipini joriy etish kabi vazifalarni hal etishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ushbu hujjatda axborot tizimlari kompleksi va «elektron hukumat» tizimining ma’lumotlar bazasini yaratishga doir tadbirlar belgilangan.

Mazkur dasturdan ko‘zlangan asosiy maqsad zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotimizning barcha sohalariga keng tatbiq etish, axborot resurslari, tizim va tarmoqlarini jadal rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan interfaol davlat xizmati turlarini kengaytirish va yaxshilashni rag‘batlantirishdan iborat. Unda ko‘zda tutilgan loyihalarning amalga oshirilishi ko‘r-satilayotgan xizmatlarning kerakli sifat darajasini ta’minlash va interfaol xizmatlarni rivojlantirish yo‘lida qulay sharoit yaratish uchun axborot-kommunikatsiya hamda telekommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy yuqori texnologiyali infratuzilmasini yaratish imkonini beradi. «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi aynan shu jihatlari bilan dolzarbdir.

Bunday strategik islohotlar o‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Xalq demokratik partiyasining ustuvor vazifalarini amalga oshirishga ham xizmat qiladi. Zotan, partiyamizning Saylovoldi dasturida Konstitutsiyada belgilangan inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya qilish hamda ularni himoya qilishni ta’minlash ustidan faol jamoatchilik nazorati va oshkoralik instituti sifatida mustaqil ommaviy axborot vositalarining keng rivojlanishini izchil ta’minlash asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab berilgan. Mamlakatimizda axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha amaliyotga joriy etilayotgan chora-tadbirlar ham eng avvalo, ana shu ezgu muddaoni so‘zsiz ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Orphus system