Navoiyda AKTni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 14 mart kuni Navoiy viloyati Matbuot uyida O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi, Viloyat hokimligi hamda tegishli korxonalar ishtirokida “Elektron Hukumat” tizimini shakllantirish, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining rasmiy veb saytlarini mavjud talablar asosida qayta ishlab chiqish, aholi va tadbirkorlarga interaktiv davlat xizmatlari sifatini oshirish, viloyatda “Ye-kommunal” xizmat turini keng joriy etish masalalari muhokama qilinib, Navoiy viloyatida AKT sohasida amalga oshilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar va muhim hamkorlik masalalari bo‘yicha axborot tinglandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida so‘zlagan ma’ruzasida to‘xtalib o‘tgan, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga va kundalik hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar ta’kidlandi.

Xususan, 2013 yil davomida barcha shahar va tumanlardagi 297 ta quyi tizim tashkilot va korxonalari joylardagi hokimliklarning elektron hujjat aylanishi tizimiga ulanib, viloyat hokimligidan shahar va tuman hokimliklariga ijro uchun yuborilgan hujjatlar vertikal tarzda eng quyi tashkilotlargacha elektron ko‘rinishda yuborish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. “Elektron hukumat” tizimi doirasida bugungi kunda fuqarolarning davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinmoqda. Viloyatda shahar va tumanlar hokimliklari ham mazkur portalga to‘liq ulangan bo‘lib, mazkur portal orqali kelib tushgan murojaatlarning o‘z vaqtida ijro etilishi choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, hozirgi kunda viloyatda o‘zining veb-saytiga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan 39 ta mahalliy hokimlik va davlat boshqaruv organlarining 22 tasi o‘zlarining rasmiy veb-saytlariga egaligi, qolgan idoralarning ham veb-saytlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mazkur elektron resurslarni Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi 355-son qarori talablariga muvofiq ishlab chiqish, bunda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilishi lozimligi qayd etildi. Tadbir mobaynida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirishda malakali kadrlarni jalb etish, ularni qo‘llab-quvatlash va rag‘batlantirish masalalari ham atroflicha o‘rganib chiqildi.

Manba

Orphus system