Interaktiv xizmatlar avtotransportchi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratadi
17.03.2014
Rukn: Коnferensiyalar, seminarlar va taqdimotlar.
Muallif: .

avto_17_03_2014

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida “Avtotransport sohasida tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, interaktiv xizmatlar va qulayliklar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bir necha yillardan beri davlat idoralari orasida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bugungi kunda Agentlik tomonidan tadbirkorlar va fuqarolarni allaqancha byurokratik tashvishlardan xalos etuvchi qator interaktiv xizmatlar yaratilgan. Matbuot anjumanida Agentlikning Axborot xizmati rahbari N.Toshniyozov jurnalistlarga anu shu interaktiv xizmatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, tadbirda ushbu xizmatlar on-layn tarzda, jonli misollar bilan namoyish etildi.

2011-yildan buyon Agentlik ma’lumotlar bazasiga rasmiy sayt orqali so‘rov yuborib, ya’ni transport xizmati ko‘rsatayotgan xohlagan avtomobilning davlat belgisini kiritib, u haqida on-layn tarzda batafsil ma’lumot olish imkoni yaratilgan edi. 2012-yilda esa ushbu xizmat SMS orqali ham joriy etildi va buning uchun 5500 qisqa raqami tanlandi. Natijada bugun xohlagan fuqaro o‘z uyali telefoni orqali ushbu raqamga avtotransportning davlat belgisini SMS tarzida yuborib, soniyalar ichida uning litsenziyaga ega yoki ega emasligi haqida, agar litsenziyasi bo‘lsa, bu avtotransport vositasi qaysi korxonaga qarashliligi, litsenziyani qaysi faoliyat turiga, qaysi muddatgacha olganligi, agar avtobus yoki yo‘nalishli taksi bo‘lsa, qaysi yo‘nalishda ishlash huquqiga ega ekanligi to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkoniga ega.

Tadbirkorlarning o‘ziga qulaylik yaratish maqsadida esa 2012-yildan boshlab Agentlik rasmiy sayti orqali litsenziya olish uchun ariza va hujjatlarni qabul qilish imkoni yaratilgan. O’tgan yil 1-iyunda hukumatning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ishga tushishi munosabati bilan Agentlik birinchilardan bo‘lib arizalarni ushbu portal orqali ham qabul qilishga tayyor ekanligini bildirdi va tizimga ulandi.

Shu yilning boshidan yana bir qulaylik sifatida Agentlik interaktiv xizmatlari uchun alohida sahifa yaratilib, ishga tushirildi. Endi ushbu sahifaga joylashtirilgan interaktiv xizmatlar yordamida tadbirkorlar avtotransport vositasiga litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji miqdorlarini o‘zlari hisoblab olishlari, ijaraga olmoqchi bo‘lgan avtotransport vositalarining amaldagi litsenziya varaqasi bor-yo‘qligini aniqlashlari, respublikadagi barcha avtotransport vositalarini ma’lumotlar bazasidan tekshirishlari, tender yo‘nalishlariga tegishli korxonalar va ularning avtotransport vositalari haqida ma’lumotlarni olishlari, muddati tugagan va tugash arafasidagi, litsenziya va litsenziya varaqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishishlari, ariza va ma’lumotlarning elektron shakllari (blankalarini) ko‘chirib olishlari mumkin. Shuningdek, litsenziatlarga Agentlik ma’lumotlar bazasidagi o‘zlariga tegishli ma’lumotlarni tekshirib turishlari uchun shaxsiy kabinet ham yaratilgan. Litsenziatlar ushbu kabinetga kirish uchun Agentlikdan parol va login olishgach, on-layn tarzida xohlagan paytda va xohlagan joydan turib bu ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.

Anjuman yakunida N.Toshniyozov hamda Agentlik mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishdi.

Manba

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq