Yagona portal imkoniyatlari kengaymoqda

Joriy yilning 29-yanvar kuni Aloqa tarixi muzeyida O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati: erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda loyiha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Yagona portal O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 14-fevraldagi 1920-sonli Qaroriga muvofiq tasdiqlangan «Obod turmush yili» davlat dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi «Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 378-sonli Qaroriga muvofiq, 2013-yil 1-iyulda ishga tushirilgan edi. Shu davr oralig‘ida my.gov.uz faoliyati takomillashib, aholi uchun zarur interaktiv xizmatlar, kerakli ma’lumotlar joriy qilindi.

Ayni vaqtda Yagona portalga 300 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi viloyat, shahar va tuman hokimliklari ulangan. Bugunga qadar Yagona portal orqali 6 mingdan ziyod fuqarolar murojaatlari davlat organlariga yuborilgan, ulardan 4 700 (76%) tasiga vakolatli davlat idoralari tomonidan munosabat bildirilgan. Mazkur murojaatlarning 660 (11%) tasi yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan. Yagona portal foydalanuvchilariga fuqaro murojaatlariga nisbatan davlat idoralari munosabatlarini 5 ballik shkalada baholab borish, shuningdek, ularga izoh qoldirish imkoni yaratib berilgan bo‘lib, shu kungacha foydalanuvchilar tomonidan 25,9% davlat idoralari javoblari baholangan. Murojaatlarga nisbatan davlat idoralarining munosabatlari aholi tomonidan o‘rtacha 3.5 ball bilan baholangan.

«Elektron hukumat tizimini samarali joriy etishning asosiy sharti bu aholi ehtiyojlarini o‘rganib chiqishdir, — deydi O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Shuhrat Sattorov. — Bugun fuqarolarning aksariyat qismi axborot texnolo-giyalaridan unumli foydalanmoqda va bu yo‘nalishda ma’lum ko‘nikmalarga ega. Yagona portalni joriy etishda ham bu omillarga katta e’tibor qaratildi. Aholining ehtiyojlarini o‘rganish maqsadida portalda maxsus xizmat taklif qilish moduli ishga tushirildi. Bu xizmat orqali fuqarolar o‘z takliflarini kiritishi mumkin. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikdagi biometrik pasport olish bo‘yicha fuqarolarning elektron navbatga turishi loyihasi ham yurtdoshlarimiz taklifi asosida sinov tariqasida yagona portalda joriy qilingan. Yagona portal aholining ijtimoiy faolligini oshirish bilan birga, davlat organlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Aholining internetdan foydalanmaydigan qismiga telefon qo‘ng‘iroqlari vositasida murojaat qilishiga sharoit yaratilgan. Bugungi kungacha mingdan ziyod murojaatlar qabul qilingan».

Mazmuni jihatidan, yo‘llangan murojaatlarning aksariyat qismi (1907tasi) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati, turli mavzular (504 tasi), kommunal xizmatlar (375tasi) bilan bog‘liq. Tahlillar Yagona portal foydalanuvchilarining 80 foizi murojaatlariga elektron pochta orqali javob olishni ma’qul ko‘rishlarini ko‘rsatmoqda.

Matbuot-anjumanida Yagona portal ishlab chiquvchilari tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun joriy qilingan xizmatlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizani onlayn topshirish, biometrik pasport olish uchun onlayn navbatga yozilish, mavjud bo‘sh o‘rinlar xizmati, arxiv ma’lumotnomalarini onlayn usulda olish va boshqa xizmatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbirda my.gov.uz’ning foydalanuvchini murojaat holatidan SMS-ogohlantirish usulida boxabar qilib borish, murojaatni elektron raqamli imzo yordamida imzolash, murojaatni baholash va unga izoh qoldirish, murojaatni Yagona portalning Android platformasida ishlovchi mobil ilovasi orqali yuborish kabi imkoniyatlariga ham urg‘u berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 17-yanvardagi mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ruxsat berish va ro‘yxatga olish jarayonlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, kommunal, soliq va bojxona yo‘nalishlaridagi xizmatlarni interaktiv shaklda taqdim etishni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Tabbirda ma’lum qilinganidek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bo‘lishi lozim bo‘lgan xizmatlar ro‘yxati belgilab olingani, uning faoliyatini yanada rivojlantirish, aholiga yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida 2014-yilda sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun arizani onlayn rasmiylashtirish, Tadbirkorlarning bojxona yuk dekloratsiyasini onlayn rasmiylashtirish, davlat organi rahbarlari qabuliga onlayn yozilish, yuridik shaxslarga ko‘chmas mulk uchun egalik huquqini onlayn rasmiylashtirish, pensiya to‘lovlari va boshqa bir qator ma’lumotlarni olish kabi yangi xizmatlari joriy etiladi.

Matbut anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga, mulohaza va takliflarga Qo‘mita hamda «O‘zinfokom» markazi mas’ul xodimlari tomonidan munosabat bildirildi.

Orphus system