Virtual muzey yaratish texnologiyasi va amaliyotda qo‘llash tajribasidan

virt_17_02_2014

O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi iqtisodiy va siyosiy hayotning barcha jabhalarida bo‘lganidek madaniy sohada, shu jumladan, boy o‘tmish merosimizni o‘rganish, saqlash va uni keng xalq ommasiga targ‘ib etish borasida ham tub burilish yasadi. Vatanimiz ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar, yangilanishlar qatorida O‘zbekiston hududidagi muzeylar faoliyatida ham yangi davr boshlandi.

Respublikamiz Prezidentining 1998-yil 12-yanvarda qabul qilingan «Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni muzey va muzey xodimlarining hayotida katta ahamiyat kasb etdi. Mamlakatimiz hududida mavjud bo‘lgan muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularni xalqning ma’naviy axloqiy kamolotida tutgan o‘rnini yanada oshirish maqsadida «O‘zbekmuzey» jamg‘armasi tuzildi.

Bugungi kunda mamlakatimiz hududidagi turli muassasalar, korxonalar, qurilish tashkilotlari, qishloq, jamoa boshqaruv xo‘jaliklari qoshida, shahar, tuman, viloyat markazlarida, xalq ta’limi tizimida jami 1200tadan ortiq muzeylar bo‘lib, ularning eng yiriklari poytaxtimizda joylashgan. Shu bilan birga, o‘nlab yozuvchilar, shoirlar, rassomlar, olimlar va mashhur san’at arboblarining uy muzeylari ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

Zamonaviy pedagogik texnologiyalar nafaqat darsni samarali tashkil etish va ta’lim sifatini oshirish, balki hamkorlik pedagogikasi doirasida o‘quvchilarning tadqiqotchilikka doir faoliyatini muvafaqqiyatli tashkil etishga ham imkon beradi. Zamonaviy muzey pedagogikasi esa, eng avvalo, o‘quvchi shaxsining ijodiy qobiliyatini rivojlantirish vazifasini hal etishga yo‘naltirilgan. Ana shu maqsad bilan bog‘liqlikda muzey-pedagogik jarayonda o‘quvchilarning nuqtai nazarlari va rolini o‘zgartiruvchi ular bilan ishlashning xilma-xil metodikasi ishlab chiqiladi.

Мuzey pedagogikasida o‘qitishning o‘ziga xos jihati — norasmiylik va ixtiyoriylikdir. O‘qitishning o‘ziga xos xususiyati sifatida o‘quvchilarning o‘z qobiliyatlarini maksimal darajada amalga oshirish va qiziqishlarini qondirishga imkon berishi aks etadi. O‘quvchilarning muzey materiallari bilan ishlashini tashkil etish ularning fan, texnika, texnologiya, ijodiy sohada egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarini integratsiyalash zaruriyatini yuzaga keltiradi. Virtual muzeyni yaratish ikkita metodikaning — muzey pedagogikasi va zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslanadigan loyihalar metodi integratsiyasi natijasida yuzaga keladi.

Virtual muzey veb-saytlarning shunday turiki, unda muzeydagi materiallar ko‘rgazmasi amalga oshiriladi. Virtual muzeylarning afzalligi shundaki, ular eksponatlarni saqlash, himoyalash, keng, tez va osonlik bilan ommaga taqdim etishni Internet texnologiyalari yordamida amalga oshiradi. Birinchi veb-sayt muzeylari, ya’ni virtual muzeylar Internetda 1991-yilda paydo bo‘lgan. Dastlab virtual muzeylar haqiqiy muzeylarning saytlari bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik shaxsiy veb-sayt — muzeylar paydo bo‘la boshladi. Birinchi shaxsiy virtual muzeylar 1994-yilda paydo bo‘lgan. Biroq barcha rasm to‘plamlari ham virtual muzey bo‘la olmaydi. Virtual muzeylarning to‘plamlari ikkita o‘ziga xos xarakteristikaga ega bo‘lishi kerak. Bu virtual turlar va eksponatlarning mukammallashgan qidiruvidir. Birinchi bo‘lib, virtual muzeylarning afzalligini ko‘ra bilgan odam Microsoft firmasi rahbari Bill Geyts bo‘lgan.

Virtual muzeylar nafaqat madaniy — ma’rifiy muassasasigina bo‘lib qolmay, balki o‘quvchilar uchun katta qiziqish uyg‘otuvchi ko‘rgazmalarni virtual tomosha qilish imkonini beruvchi dunyo san’ati boyliklari jamlamasidir. Umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ilmiy dunyoqarashini shakllantirishda ularning roli kattadir. Chunki virtual muzeylar real muzeylardan farqi o‘qituvchi yordamisiz o‘quvchilar mustaqil o‘zlari sayohat qilishlari mumkin. Shunday ekan, bu ularga keng imkoniyatlarni yaratadi. Bu nafaqat ilmiy dunyoqarashni rivojlantiradi, balki o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini boyitishga asos bo‘ladi. Virtual muzeylardan foydalanish o‘quvchilarni nafaqat muzey eksponatlari bilan tanishishga, balki Internet tarmog‘idan erkin foydalana olish ko‘nikmasini hosil qilishga ham imkon yaratadi.

«Virtual ekskursiyalar» — real muzey ekskursiyalaridan farq qilib, o‘quvchilarga muzey fondlariga virtual sayohat qilish imkoniyatini beradi. Bunda u real hayotda ko‘ra olmaydigan muzeylarga ham sayohat qila oladi. O‘quvchilar virtual muzeylarga sayohat qilish orqali ma’naviy merosning tarixiy ildizlarini anglaydilar, tarixiy, adabiy, san’at namunalarini bir butun, yaxlit ma’naviy meros sifatida tushunishga erishiladi. Demak, virtual muzeylar bilan o‘quvchilarning mustaqil ishini tashkil qilish o‘qituvchining yordami va ko‘rsatmasi orqali amalga oshirilishi umumta’lim dasturlariga muzey pedagogikasini keng targ‘ib etishni talab etadi. Bu esa o‘quv dasturlariga muayyan o‘zgartirishlar kiritilishiga olib keladi. Bunday tarzda o‘quv ishlarini tashkil etish samarali hisoblanadi.

Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi «Arxeologiya» muzeyi materiallari asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun virtual muzey yaratishga harakat qildik. Virtual muzeyni yaratishda quyidagi maqsadlarga erishishga alohida e’tibor qaratildi:
1. Arxeologik materiallarni elektron (foto, video) variantga ko‘chirib o‘tkazish.
2. Muzey materiallari bilan ishlashda o‘quvchilarni izlanuvchilik faoliyatiga jalb etish.
3. Audiovizuallik tavsifida muzey materiallari asosida videoroliklar tayyorlash.

Mazkur maqsad bilan bog‘liqlikda quyidagi yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirildi:
1. Izlanishga doir: arxeologik materiallar bilan tanishish, ularni davrlarga ajratish, arxeologik olimlar bilan uchrashish, arxeologik yodgorliklarga tavsif yozish.
2. Amaliy: materiallarni foto ko‘rinishida formatlash, lavhalar tayyorlash, videoroliklar yaratish.
3. Tatbiqiy: yaratilgan lavhalardan ZiyoNET portalida veb-sahifa yaratish, DVD-disklarga yozish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ommalashtirish.

«Arxeologiya» virtual muzeyi quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga qamrab oldi:
1. Arxeologik yodgorliklar manzilgohlari.
2. Arxeologik topilmalar.
3. Arxeologik yodgorliklarda amalga oshirilgan qidiruvlar.
4. Arxeolog olimlar.

Virtual muzeyni yaratish uch bosqichda amalga oshirildi:
2009–2011 yillar — tayyorlov bosqichi: sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazish, ish rejasini tuzish, taqdim etiladigan muzey materiallarini to‘plash, materiallarni tanlash.
2011–2012 yillar — tashkiliy bosqich: muzey bo‘limlari bo‘yicha loyihalar tayyorlash.
2012–2013 yillar — asosiy bosqich: loyihalar taqdimoti, virtual muzeyni rasmiylashtirish, istiqbolli reja ishlab chiqish.

«Arxeologiya» virtual muzeyidan barcha sinflarning tarbiyaviy soat mashg‘ulotlari hamda tarix, ma’naviyat asoslari, milliy istiqlol g‘oyasi, Vatan tuyg‘usi, tabiatshunoslik, geografiya darslari jarayonida foydalanish yo‘lga qo‘yildi. «Arxeologiya» virtual muzeyidan foydalanishga doir faoliyat quyidagi algoritmik ketma-ketlikka asoslanildi:
1. O‘quvchilarga axborotlarni taqdim etish: o‘quvchilarni virtual muzeydagi axborotlar bilan tanishtirish, sinf rahbarlari, fan o‘qituvchilari mashg‘ulotlar jarayonida virtual muzeyga o‘quvchilarning sayohatlarini tashkil etildi va axborotlar ustida ishlash jarayoni amalga oshirildi;
2. O‘quvchilarni faoliyatga jalb etish: yosh guruhlari bilan bog‘liqlikda virtual muzeyga sayohat amalga oshirib bo‘linganidan so‘ng o‘quvchilarga o‘z taassurotlarini bayon, insho, esse, taqdimot, loyiha ko‘rinishlarida ifoda etish uchun sharoit yaratildi.

Virtual muzey yaratish va uni amaliyotda qo‘llashga doir izlanish natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:
1. O‘quvchilarni muzey eksponatlari bilan keng tanishishlariga imkon beradi.
2. Mashg‘ulotlar jarayonida yuqori darajada ko‘rgazmalilik va interfaollikni ta’minlaydi.
3. O‘quvchilarni muzey materiallari asosida vizual, analitik, mustaqil fikrlashini shakllantirish samaradorligi ortadi.
4. O‘quvchilarda tarixiy voqelikka qadriyatli yondashuv qaror topadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Л. Л. Калинина. Музeй и школа. Пeдагогика сотрудничeства. Музeйная пeдагогика. Сб. научных статeй. Выпуск 1. Изд. СГПИ. 1996.
2. И. А. Морозова. Музeйная пeдагогика в Сeти. Прeподаваниe истории в школe. 8. 2007.
3. Z. E. Tovboyev. Maktab muzeyi — o‘lkashunoslik manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning muhim vositasi //Xalq ta’limi j. — Т.:
2007. — 6. — Б. 106–113.
4. Z. E. Tovboyev. Maktab muzeylari barkamol shaxsni shakllantiruvchi muhim pedagogik bo‘g‘in sifatida //Maktab va hayot j. — Т.: 2008. — 5. — Б. 24–25.

Orphus system