Muzey va yosh avlod tarbiyasi masalalari

muzey_12_02_2014

O‘tgan yil jurnalimiz ijodiy guruhi va O‘zbekiston “Aloqa tarixi muzeyi” xodimlari hamkorligidagi loyiha asosida, mamlakatimiz aloqa tarixini o‘rganish maqsadida qator maqolalar berib bordik. Maqolalarimizda «Aloqa tarixi muzeyi» zallarini aylanib, tarixiy ma’lumotlar, turli ko‘rgazmalari borasida so‘z yuritdik.

Maqolalardan birida «Muzey pedagogikasi» tushunchasi tilga olindi. Jurnalxonlarimizdan mazkur tushuncha ustida kengroq to‘xtalish taklifi tushdi. Bu yil ham an’anamizga sodiq qolgan holda ana shu muzey materiallari asosida maqolalar berib borishni maqsad qildik. Yangi yildagi dastlabki maqolamiz aynan «Muzey pedagogikasi» mavzusiga bag‘ishlanadi.

muzey_12_02_2014_1

Manbalarda «Muzey pedagogikasi» tushunchasi ilk bor XX asr boshlarida, Germaniyada yuzaga kelganligi va shakllanganligi haqida ma’lumotlar berilgan. Mazkur tushuncha hayotga joriy etilishida A. Lixtvark, A. Reyxven hamda R. Frotsdental kabi olim va amaliyotchilar nomi tilga olingan. Muzeylarning qulay tarbiyaviy va ta’limiy muhitiga alohida e’tibor qaratilib, «muzey pedagogikasi» tushunchasiga ilmiy jihatdan yanada keng yondashilgan.

Keyinchalik jahon bo‘ylab ta’lim-tarbiya sohasida muzey pedagogikasi yo‘nalishiga alohida e’tibor berila boshlandi, ko‘plab mamlakatlarda bolalar muzeylari tashkil etildi. Muzey pedagogikasi tushunchasi pedagog-olimlar tomonidan qo‘llanilib, mazkur sohada ko‘plab namunali tadbirlar amalga oshirila boshlandi. «Muzey pedagogikasi» tushunchasiga bir qator pedagog-olimlar ta’rif berganlar. Bu borada jumladan, yuqorida tilga olingan Germaniyalik olimlar o‘z fikrlarini bayon etganlar.

muzey_12_02_2014_2

Mamlakatimizda muzeylarga ma’naviyat va ma’rifat ulashuvchi, ta’lim va tarbiyaviy ahamiyatga molik maskan sifatida yondashiladi. Muzeylarning tashkil etilishi, ularning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, maqsad va vazifalari olimlarimiz tomonidan ilmiy asosda o‘rganiladi. Shu maqsadda muzeyshunoslikda bir qator izlanishlar amalga oshirilgan. 2013-yilda «Akademnashr» nashriyotida chop etilgan «O‘zbekiston muzeylari istiqboli» risolasi aynan shular jumlasidandir.

Mazkur risolada O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi direktori J. Ismoilovaning «Muzey pedagogikasi: tarixi, buguni va istiqboli» nomli maqolasi berilgan. Maqolada muzey pedagogikasi nima va u nima uchun kerak savoliga javob berish bilan birga, mazkur tushunchaga keng ta’rif berilgan. Jumladan, «Muzey pedagogikasi pedagogika, psixo-logiya va muzeyshunoslikning o‘zaro uyg‘unligi natijasida shakllangan fan yo‘nalishi hisoblanadi».

J. Ismoilovaning fikrlaridan kelib chiqib, aytish mumkinki, muzey pedagogikasi — bu muzey muhiti sharoitlarida o‘tmish tajribalari, tarixiy, ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni pedagogik jarayon orqali kelajak avlodga etkazishdan iborat. Muzey yosh avlod tarbiyasi jarayoniga munosib hissa qo‘shuvchi ko‘makchi maskandir. Muzey pedagogikasi yo‘nalishida asosan muzeyning ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligi ko‘zda tutiladi.

Mazkur yo‘nalishning keng ommalashuvining sababi muzeylarga tashrif buyuruvchilarni yanada jalb etish, turli noan’anaviy ta’lim-tarbiya metodlaridan foydalanib, yosh avlodda mamlakatimiz tarixini o‘rganishlarida va ularning ta’lim-tarbiya olish jarayonlarida o‘z hissasini qo‘shishdan iborat. Bunda ekskursovod va pedagoglar ol-diga quyidagi faoliyat maqsadlari qo‘yiladi:
• muzey va uning jamlanmalari orqali o‘tmish qadriyatlariga tashrif buyuruvchilarda qiziqish uyg‘otish;
• yoshlarda muzey yodgorliklariga ehtiyotkorona, hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularni mamlakatimiz tarixi, madaniyatining bir qismi sifatida anglash tuyg‘ularini shakllantirish, tashkil etilgan muzey-pedagogik dasturlari asosida umumiy mavzu va pedagogik maqsadga oid tadbirlarni kiritishdan iborat.

«Muzey pedagogikasi» tushunchasi o‘z mazmun-mohiyatida quyidagi funksiyalarni amalga oshirishini ifoda etadi:
• Axborot berish — muzey, avvalo, tashrif buyuruvchiga qaysidir sohada axborot beradi.
• Ta’lim berish — muzey o‘zida jamlangan materiallar vositasida tashrif buyuruvchilarning bilim doirasini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi, bundan tashqari, muzeydagi kommunikatsiya jarayonida tashrif buyuruvchilar muzey sohasida ayrim malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladilar. Muzey boshqa ta’lim muassasalarida olingan bilimlarga qo‘shimcha bilim olish imkoniga ega maskandir.
• Ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish — muzey ayrim sohalarda tashrif buyuruvchining ma’naviy madaniyatini shakllantirish, uning shaxsiy ijodiy xislatlarini ochishga ijobiy ta’sir etuvchi maskandir. Muzeyda shaxsni ijodiy jarayonlarga undovchi alohida sharoitlar mavjud. Eng muhimi uning ta’sirchan «ilhom baxsh etuvchi» imkoniyatga egaligi, o‘tmish qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar aks etganligidir.
• Muloqotchanlikni shakllantirish — muzey mavzusiga oid mavzularda qiziqishlar bo‘yicha turli tadbirlarning tashkil etilishi jarayonida o‘smir-yoshlar faol muloqotga chorlanadi. Muzey taqdim etadigan muzey-axborotlari muloqotchanlikka qulay imkoniyat yaratadi, bunda mazmunli, qiziqarli, norasmiy shaxsiy muloqot yuzaga keladi. Muloqot uchrashuv, seminar, viktorina va boshqa tadbirlar shaklida o‘tkazilishi mumkin.

Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirishda muzey xodimlari tomonidan muzey-pedagogik dasturlarini joriy etilgan, dasturlar asosan o‘quvchi-yoshlar, talabalar auditoriyasiga mo‘ljallangan muzey zallari bo‘ylab interaktiv sayohat, turli tadbirlardan tashkil etiladi. Umuman olganda, muzeyda ma’rifiy sohada tashkil etiladigan va amalga oshiriladigan ishlarning mazmun-mohiyati juda ko‘p qirralidir. Mazkur ishlarning asosiy shakllari: an’anaviy (ekskursiyalar, leksiyalar), ommaviy tadbirlar, o‘quv mashg‘ulotlari kabilardan iborat.

muzey_12_02_2014_3

Zamonaviy muzey pedagogikasi birinchi navbatda, o‘sib kelayotgan avlodda o‘tmish ajdodlari ruhiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, o‘z Ona Vatani tarixiga qiziqishni o‘stirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, bolalar va o‘smirlarda muzey madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Muzey faoliyatida ma’rifiy-madaniy loyihalar hamda dasturlar amalga oshiriladi. Ma’rifiy-madaniy loyihalar hamda dasturlar ma’lum bir yoshdagilar, aniq maqsadli guruhga mo‘ljallangan, yoshlarda ma’naviy qadriyatlarga asoslangan vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Eksponatlarni tomosha qilish va turli tadbirlarni o‘tkazishda ekskursovod tomonidan muzey pedagogikasining zamonaviy metodlaridan foydalaniladi. Tomoshabin muzey zallari bo‘ylab aylanarkan, ham tarixiy davr ruhini, ham axborot texnologiyalardan foydalanib amalga oshiriladigan metodikalar vositasida zamonaviy imkoniyatlarini his etishi bilan unda muzey madaniyati shakllanib boradi.

Mamlakatimizda juda ko‘plab muzeylar mavjud bo‘lib, o‘z amaliyotlarini asosan o‘sib kelayotgan avlod tarbiyasi ishiga hissa qo‘shishga qaratganlar. Jumladan, «Aloqa tarixi muzeyi» ham o‘z ishida turli interaktiv tadbirlar, muzey zallari bo‘ylab sayohat, o‘quvchi va talabalar bilan uchrashuvlarga katta e’tibor qaratadi. Bu muhim ahamiyatga molik ishlarni oldindan tayyorlangan reja asosida hamda muzey-pedagogik dasturlarini yaratib, ularda oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishga intiladi.

Avvalgi maqolalarda yoritilganidek, «Aloqa tarixi muzeyi»ga tashrif buyuruvchilarni asosiy qismini yoshlar tashkil etganligi sababli ham muzey pedagogikasida asosiy vazifa yoshlarning ta’lim-tarbiyasidagi dolzarb masalalarga qaratilgan. Muzey jamoasi tomonidan tashkil etiladigan tematik ekspozitsiya, ko‘rgazma va tadbirlar yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasida muhim o‘rin tutadi.

Ma’lumki, aloqa sohasi tizimida akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyat yuritadi. Ularda tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga soha tarixiga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirishda muzey qo‘shimcha bilim va ma’lumotlar beradi. O‘smir-yoshlarni keng jalb etish uchun barcha imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda tizimdagi barcha ta’lim muassasalarining birinchi bosqich o‘quvchi-talabalarining muzeyga tashriflariga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, muzeyda soha mutaxassislari, ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari boshchiligida o‘quvchi-yoshlar uchun turli mavzularda seminar-o‘qishlar o‘tkazish alohida ko‘zda tutilgan.

Tashrif buyuruvchilarni yanada qiziqtirish maqsadida muzey faoliyatida muzey pedagogikasi elementlari keng qo‘llanilishiga harakat qilinadi. Muzey ekspozitsiyalarini tomosha qilgan o‘quvchilar bilan suhbatlar uyushtirib, ularga tarqatma savolnoma materiallar beriladi. Bu bilan ularning muzeyga tashrif buyurishdan olgan taassurotlari, taklif va mulohazalari haqida ma’lumotlar olinadi.

Muzeyda umumta’lim maktablari bilan hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Tashrif buyurgan o‘quvchilar zallarni aylanib chiqqanlaridan so‘ng ular bilan savol-javoblar o‘tkaziladi. Ularga pedagogik metodlar asosida ishlab chiqilgan, qiziqarli ma’lumotlar bo‘yicha rangli rasmlar bilan bezatilgan varaqchalar tarqatiladi. Varaqchalarni to‘ldirgan o‘quvchilarda aloqa tarixiga oid olgan qo‘shimcha bilimlari boyitiladi. Mazkur o‘tkaziladigan qiziqarli tadbirlar muzey tashrifchisining diqqatini barqarorlashtirishi va bilim sohasida faol ishtirokchiga aylanishiga rag‘batlantiriladi.

«Aloqa tarixi muzeyi»da ommaviy ilmiy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish va o‘tmish qadriyatlarini tashviq qilish maqsadida muzey pedagogikasi yo‘nalishi bo‘yicha ishlar tashkil etilgan. Mazkur yo‘nalishda muzey xodimlari: M. Valiyeva, M. Abdullayeva, Z. Abdusamatovalar faoliyat yuritadilar. Ular tomonidan muzey pedagogi-kasi masalalari bo‘yicha dolzarb vazifalar amalga oshirilmoqda. «Muzey pedagogikasi» dasturlarida muzey ishi, soha tarixi, xalqimiz ma’naviyati, madaniyati va ma’rifati sohalariga alohida e’tibor qaratiladi. Albatta, muzeyshunoslik sohasida zamonaviy muzey pedagogikasi yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimizda ham bir qator ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. «Aloqa tarixi muzeyi»da ham mazkur yo‘nalish asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shu maqsadda muzey xodimlari jahondagi ilg‘or tajribalar, pedagog va psixolog olimlarning ilmiy izlanishlariga hamohang tarzda ishlar olib borilmoqda. Tarbiya maskani mutaxassislari bu yo‘nalish bo‘yicha dolzarb bo‘lgan masalalarni o‘z kelajak rejalariga kiritganlar.

Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidentining tashabbuslari bilan 2014-yil «Sog‘lom bola yili» deb nomlandi. Muzeyning oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad: «Sog‘lom bola yili» davlat dasturi vazifalariga muvofiq, muzey pedagogikasi yordamida o‘sib kelayotgan yosh avlodning barkamol, har tomonlama yetuk, sog‘lom fikrli inson bo‘lishida, ularda kommunikativ salohiyat, global virtual olam taqdim etayotgan axborotlarni to‘g‘ri tanlashda malaka va ko‘nikmalarining shakllanishi, ijodiy qobiliyatlarining rivojlanishi, Ona Vatanimiz tarixiga qiziqish hamda kelajak rejalarini tuzishlarida ozgina bo‘lsa ham, hissa qo‘shishdan iborat.

Orphus system