Chet tillarini o‘rganish ZiyoNET bilan yanada qulay!

chet_12_02_2014

Dаvrimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lgan axborot kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan uning imkoniyatlaridan foydalanib, ta’lim jarayoniga yangicha yondashish va uni tashkil etish orqali ta’lim hamda bilim berish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Shu asosda ushbu jarayonni tashkil etishga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, AKT orqali chet tillarini o‘qitish va o‘rganish sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor buning yaqqol isbotidir. Yangi axborot texnologiyalari chet tillarini o‘qitishda katta imkoniyatlarni taqdim etish bilan birga, fan bo‘yicha sifatli bilim olish va ta’lim samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texno-logiyalaridan foydalangan holda o‘qitishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodga chet tillarini o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon taraqqiyoti yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish belgilab berilgan va bu vazifalarni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

Chet tillarini o‘qitishda ta’lim va pedagogik jarayonlarga Internet hamda uning katta imkoniyatlaridan foydalanilishi mazkur qarorning yanada istiqbolliligini ta’minlaydi. Qaror 9-bandida «ZiyoNET» tarmog‘i orqali ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim va bilim olish manbalariga kirish imkoniyatlarini sezilarli orttirish, uning resurs markazini multimediya resurslari, shaxsiy kompyuterlar va mobil uskunalar uchun ilovalar bilan boyitish va-zifalari ham ko‘rsatib o‘tilgan.

chet_12_02_2014_1

Mazkur belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, o‘quvchi-yoshlar va foydalanuvchilar uchun tarmoq imkoniyatlarini yanada kengaytirish va chet tillari, xususan, xalqaro so‘zlashuv tili hisoblangan ingliz tilini o‘rganishga oid axborot resurslarini jamlash va tarmoqqa joylashtirish borasida ZiyoNET axborot ta’lim tarmog‘ida ham qator namunali ishlar amalga oshirildi. Jumladan, portalning yirik loyihasi — Fikr.uz saytida «Chet tili» va «ICT for English teachers» bloglari ochildi va ushbu bloglar shu kunga qadar jami 280tadan ortiq ingliz tilini o‘rgatuvchi grammatik, fonetik va leksik materiallar bilan boyitildi.

Portalda jami o‘nta katta bo‘lim mavjud bo‘lib, «Кutubxona» resurslar soni va yuklab olinayotgan materiallarning dolzarbligi bo‘yicha tarmoqda yetakchi o‘rinni egallaydi. Mazkur bo‘limda ham «Chet tili» bo‘lin-masi ishga tushirildi va bo‘linmaga 400ga yaqin xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlari, ma’ruza matnlari, og‘zaki va yozma nutq malakasini rivojlantirishga oid qo‘llanma hamda uslubiy ko‘rsatmalar joylashtirildi. Umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari, axborot-kutubxona muassasalari, muzeylar va boshqa ta’lim, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalarning «ZiyoNET» tarmog‘idan foydalanishini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-iyuldagi 198-sonli «ZiyoNET» ta’lim axborot tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra barcha ta’lim muassasalarida ZiyoNET tarmog‘i orqali Internetga bepul kirish imkoniyati mavjud.

O‘qituvchi va o‘quvchilar dars jarayonida va darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarida ZiyoNET tarmog‘i loyihalaridan biri — uTube.uz saytidagi 14304ta videoroliklardan foydalanishlari mumkin. Videoportalda «Chet tili» bo‘linmasi ishga tushirilgan bo‘lib, ushbu bo‘linmadan ingliz tilini boshlang‘ich bosqichdan boshlab, eng yuqori bosqichdagi talabalar uchun mo‘ljallangan TOEFL, IELTS testlari kabi 1260ta material o‘rin olgan. Bu kabi videoroliklarning o‘quvchilar uchun afzalligi — bir vaqtning o‘zida turli bilim saviyasiga ega o‘quvchilar tili o‘rganilayotgan mamlakatlarga virtual sayohat qilib, ularning an’ana va urf-odatlari haqida videolavhalar, qo‘shiqlar va fotosuratlar orqali ma’lumot olishlari mumkin.

2013–2014 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining birinchi sinflarida chet tillari avval o‘yin tarzida, keyinchalik asosiy ta’lim fani sifatida AKT vositalaridan foydalangan holda o‘qitish belgilab berilgan. Shu maqsadda portalda «O‘yinlar» nomli maxsus bo‘lim ham ishga tushirilgan va bo‘limga bolalar uchun mo‘ljallangan ingliz tilini o‘rgatuvchi 396ta onlayn tarzidagi o‘yinlar joylashtirilgan. Bu ma’lumotlar chet tili darsida Internetdan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyati mavjud ekanligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, ZiyoNET tarmog‘iga joylashtirilgan foydali manbalar portalning turli loyihalaridan o‘rin olganligini hisobga olib, tarmoqdan to‘g‘ri va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish hamda foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida chet tillarini o‘rganishga oid barcha manbalar yagona manzilga birlashtirilgan. Ushbu manzil «Learning foreign languages», ya’ni «Chet tillarini o‘rganish» deb nomlanadi. Bo‘limda «Last videos from uTube.uz» — uTube.uz video portalidan o‘rin olgan so‘nggi materiallar «The video of the day» — «Kun videosi» sifatida, «Games» — «O‘yinlar», «Publications from Sites» — «Sayt-satellitlarda joylashgan maqolalar», «Library» — «Kutubxona»ga joylashtirilgan tegishli materiallar, Fikr.uz va Tanlov.uz loyihasidan o‘rin olgan ingliz tilidagi maqola hamda konkurs va grantlar haqidagi e’lonlar, «Last messages from uForum.uz» — uForum.uz’da bildirilgan fikrlar jamlanmasi e’tiboringizga havola etib boriladi.

Shu tariqa, ZiyoNET tarmog‘idan foydalanib, chet tilini o‘qitish orqali o‘qituvchi va o‘quvchilar qator qulay imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. Internet, xususan, ZiyoNET tarmog‘i resurslari orqali chet tillarini o‘rganish ta’lim muhiti doirasini kengaytiribgina qolmay, chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni o‘stiradi va ta’lim jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni keng yo‘lga qo‘yishda eng yaqin hamkor va ko‘makchi vazifasini bajaradi.

Orphus system