Koreya Respublikasining SK C&C kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

sks_6_02_2014

Joriy yilning 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasida Koreya Respublikasining SK C&C kompaniyasi bosh vitse-prezidenti janob Pak Xeon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

SK C&C kompaniyasi delegatsiyasining tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yilning sentyabr oyida Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida axborotlashtirish sohasida imzolangan hamkorlik Memorandumi asosida axborot texnologiyalari yo‘nalishida mamlakatlar o‘rtasida keng ko‘lamli aloqalar yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni amalga tatbiq etish.

Uchrashuv mobaynida telekommunikatsiya hamda axborot texnologiyalari sohasining yangi yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinib, istiqboldagi vazifalar bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Uchrashuvda koreyalik hamkorlar tomonidan yurtimizda telekommunikatsiya sohasidagi o‘zaro yuqori hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida ekanligi ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolari bilan axborot tizimlarini yaratish, dasturiy ta’minot mahsulotlari bozorini rivojlantirish, “elektron hukumat” tizimini joriy qilish doirasida iqtisodiyotning barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha dolzarb vazifalar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, kompaniya delegatsiyasining yurtimizdagi bir haftalik tashrifi doirasida bir qator boshqa vazirlik va dalvat idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar ham belgilangan.

Ta’kidlash joizki, SK C&C kompaniyasi SK Group xolding tarkibiga kiradi va Koreya Respublikasidagi axborot texnologiyalari ishlab chiquvchilari orasida eng peshqadamlaridan hisoblanadi. Kompaniya konsalting, tizimli integratsiyalash, autsorsing, axborot texnologiyalari sohasida yangiliklarni joriy qilish kabi bir qator xizmatlarni ko‘rsatadi.

Manba

Orphus system