Tadbirkorlar Yagona portal orqali Bosh vazirga murojaat etishlari mumkin

gov_27_01_2014

Agar siz joylarda qonuniy manfaatlaringiz va haq-huquqlaringizning buzilishi hamda hal etilmayotgan hollar bilan to‘qnash kelsangiz, u holda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – http://my.gov.uz — orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga murojaat yuborishingiz mumkin.

Portalda yo‘lga qo‘yilgan ushbu yangi xizmat ko‘rib chiqish muddatlarini asossiz cho‘zish, kreditlar yoki yer uchastkalarini ajratish tartiblarini buzish, tekshirishlarning ko‘payib ketishi va boshqa moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga noqonuniy aralashishlar, subyektiv omillar va tadbirkorlik faoliyatiga g‘ov bo‘luvchi byurokratik to’siqlar kabi ehtimolli muammolarni hal etishga qaratilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza va shikoyatlarni 8 (800) 200-1818 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan holda yuborish ham mumkin (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul bo’lib, undan faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi).

Har bir murojaat ro‘yxatdan o‘tkaziladi va nazoratga olinadi. Barcha yuborilgan murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi, takliflar esa tegishli vazirlik va idoralarning faoliyatida e’tiborga olinadi. Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.

Ushbu xizmat joriy yilning 17-yanvarida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2013-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish maqsadida yaratilgan.

Yagona portal yangiliklarini — http://my.gov.uz/uz/news/index — kuzatib boring.

Orphus system