Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida 2013 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi
27.01.2014
Rukn: Internet.
Muallif: .

Joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2013 yil mobaynida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar sarhisobig, istiqboldagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Qo‘mitaning rahbar va mas’ul xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari, aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi aksiyadorlik kompaniyalari, korxonalar va tashkilotlar va ularning hududiy rahbarlari ishtirok etishdi. Shuningdek sohaning hududiy tashkilotlari xodimlari yig’ilishni videokonferensiya shaklida kuzatib borishdi.

Hay’at yig‘ilishi ochilishida ta’kidlanganidek, 2013 yilda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya tizimida faolit ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 22 %ga, jumladan, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 21% o’sdi.

2013 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarga asosan korxonalarning o‘z mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar rejasi 213 foizga bajarildi.

Magistral, zonaichi va mahalliy tarmoqlarni zaxiralash va kengaytirish, shuningdek abonent tarmoqlarini FTTx arxitekturasi asosida modernizatsiya qilish maqsadida umumiy uzunligi 2100 km optik aloqa liniyalari qurildi.

Keng polosali ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini kengaytirish maqsadida, bir vaqtning o‘zida 128 ming keng polosali ulanishlarni amalga oshirish imkoniga ega qurilma o‘rnatildi.

Ko‘p foydalaniladigan ma’lumotlarni saqlash maqsadida 2013 yilda quvvati 4 Gbit/s ma’lumotni saqlash va qayta ishlash imkoniga ega Keshlash markazi o‘rnatildi va ishga tushirildi. Keshlash samaradorligi 35 – 42 %ni tashkil etadi va hozirgi kunda umumiy internet kanalni 500 Mbit/s gacha tejash imkonini bermoqda.

Xalqaro axborot tarmoqlaridan foydalanish umumiy tezligi 10,3 Gbit/s tashkil etdi va 2013 yil boshiga nisbatan 132 foizga o‘sdi.

Bugungi kunga kelib, XPKMga ulangan operator va provayderlarga Internet-xizmatlari uchun belgilangan tarif 1 Mbit/s uchun 312,58 AQSh dollarni tashkil etib, 2013 yil boshiga nisbatan 26 foizga kamaytirilgan.

Keng polosali texnologiyalar asosida, jumladan FTTx arxitekturasi hamda xDSL texnologiyasini rivojlantirish uchun o‘rnatilgan portlar soni 575 mingtaga yetkazildi (2013 yil boshida o‘rnatilgan portlar soni 378 mingta).

Mamlakatda 2017 yilga qadar to‘la o‘tilishi ko‘zda tutilgan raqamli televideniyeni rivojlantirish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda respublika aholisining raqamli teledasturlar bilan qamrovi 45% ni tashkil etmoqda (2012 yil yakunida 42,0 % ni tashkil etgan).

Hukumatimiz tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va “elektron hukumat”ni rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning 9 ta Qarori, Hukumatning 18 ta qarori va 40 dan ziyod boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Yig‘ilishda aholiga va tadbirkorlarga interaktiv davlat xizmatlarini qo‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida ishga tushirilgan Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali faoliyati xususida ham to‘xtalib o‘tildi. Aytish joizki, bu portal orqali taqdim etilayotgan interaktiv xizmatlarning holati va sifati bo‘yicha markazlashgan monitoring va tahlil qilish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari Portali orqali 5800 dan ziyod murojaatlar kelib tushgan.

Xo‘jalik boshqaruvi organlari, yirik korxonalarda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarida avtomatlashtirish tizimlarini keng joriy qilish ishlari olib borilmoqda. Bu esa aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, mahsulot raqobatbardoshligini oshishi, boshqaruv va ishlab chiqarishda samaradorlikka erishishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2013 yilning 20 sentabrida o‘zbekistonlik dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish, shuningdek, ularning ichki va tashqi bozordagi faoliyatini yanada kuchaytirish maqsadida “O‘zbekistonlik dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarni rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolangan edi. 2013 yil bilan solishtirganda dasturiy ta’minot sohasida ko’rsatilgan xizmatlar hajmi 130,4% ga oshgan.

Mamlakatimizda AKTni joriy qilish va rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan tahlillar natijasi shuni ko‘rsatdiki, eng asosiy omillardan biri bu AKTni davlat organlari xodimlari tushunib yetishi va ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlashdir.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining 3521 nafari va Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining xodimlarini AKTdan foydalanish bo‘yicha bilimlarini oshirish uchun jami 3978 nafar xodimlari o‘qitildi. Davlat organlari maxsus bo‘linmalari mutaxassislarining malaka va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan 6 ta o‘quv kurslari o‘tkazilib, ularning har birida 140 dan ziyod mutaxassislar tahsil oldi. “Elektron hukumat” o‘quv markazi tomonidan jami 717 nafar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining rahbar va mutaxassislarining “elektron hukumat” tizimi bo‘yicha bilim va malakalari oshirildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyatini tubdan yaxshilash bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda. Xususan, 2013 yilda universitet va uning hududiy filiallaridan 28 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishdi. 2014 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy filiallarining 70 nafar o‘qituvchilari hamda 30 nafar magistr va doktorantlarini xorijiy universitetlarga o‘qishga yuborish rejalashtirilgan.

Hay’atda mamlakatimizda pochta va matbuot yo‘nalishlarini rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar natijasida pochta yo‘nalishida avtomatlashtirilgan ob’ektlar soni 1272 tani yil boshiga nisbatan o‘sish 11,7%ni va avtomatlashtirilgan ish o‘rinlar soni 2272 taga yetkazilgani, yil boshiga nisbatan o‘sish 2,7%ni tashkil etgani qayd etildi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalariga keng joriy qilinishini kuchaytirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqilib, Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish davlat organlarida axborot tizimlarini bosqichma-bosqich joriy qilish, zarur dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish, interaktiv davlat xizmatlarini rivojlantirish va joriy qilish bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlandi. Bu borada quyidagi vazifalar belgilab olingan:
— davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida axborot texnologiyalarini joriy qilishning tizimli chora-tadbirlarini tashkil qilish;
— iqtisodiyot sektorlarida modernizatsiya qilish va rivojlantirishning muhim qismi sifatida AKTni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda;
— axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha mas’ul bo‘linmalar faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilingan.

Barcha xo‘jalik va davlat boshqaruvi organlari, yirik korxonalar o‘z faoliyatlarini avtomatlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdalar. Xususan:
— turli xizmatlar uchun internet tarmog‘i hamda qo‘l telefonlari yordamida bank hisob raqami va plastik kartochkalardan to‘lovlarni amalga oshirish tizimi joriy qilindi. Bugun ayrim kommunal, telekommunikatsiya va onlayn xizmatlar uchun to‘lovlarni internet orqali amalga oshirish mumkin. Toshkent shahrida passajir tashuvchi avtobuslar qatnovini nazorat qilish tizimi sinov tariqasida joriy qilindi.

2014 yilning 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2013 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida»gi majlisining Qarorida AKT rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan istiqboldagi dolzarb vazifalar alohida ko‘rib chiqilib, soha korxona-tashkilotlari rahbarlariga quyidagi vazifalar yuklandi:
— 2013-2020 yillarda telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tarmoqlari va infratuzilmalarini rivojlantirish dasturining 2014 yil uchun belgilangan tadbirlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
— iqtisodiyotning barcha jabhalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturini ishlab chiqish;
— TATU va uning hududiy bo‘linmalarida kompyuter, axborot texnologiyalari va internet bo‘yicha bilimlarini oshirishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv kurslari faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
— tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun turli ruxsat berish va litsenziyalash tartibotlarini rasmiylashtirishni elektron shaklga o‘tkazishni jadallashtirish, kommunal xizmatlarni, shuningdek, soliq solish va bojxonada rasmiylashtirish xizmatlarini interaktiv tarzda ko‘rsatish, elektron tijoratni kengaytirish va “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni tayyorlash yuzasidan vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning hududiy bo‘linmalari, sohaga biriktirilgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi alohida muhokama qilindi va bu masala yuzasidan soha korxona-tashkilotlari rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari va akademik litsey, kasb-hunar kollejlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, TATU va uning bo‘linmalaridagi o‘qituvchilar malakasini muntazam oshirib borish ta’kidlandi.

Yig‘ilishda «O‘zbektelekom» AK va uning bo‘linmalari va boshqa operatorlarning aholiga ko‘rsatayotgan xizmatalri, xususan, mobil aloqa bo‘yicha sifat ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi.

Barcha boshqarma boshliqlari, sohadagi korxona-tashkilot rahbarlariga sohada ruxsat beruvchi va litsenziya olish talab etiladigan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishga to‘la o‘tish, statistik hisobotlarni to‘la elektron shaklda taqdim etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, interaktiv xizmatlar soni va sifatini oshirish, foydalanilayotgan keng polosali portlar sonini ko‘paytirish, pochta sohasida axborot texnologiyalardan keng foydalanishni tashkil qilish vazifasi yuklandi.

Hay’at yig‘ilishida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli xulosa va takliflar qabul qilindi.

Manba

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq