AKTni iqtisodiyotning barcha jabhalariga keng joriy qilish nihoyatda muhim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida AKTning joriy qilinish holati to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2013 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida AKTning joriy qilinish holati to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, Davlatimiz rahbari 2013 yilda iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga va kundalik hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalasiga o‘ta muhim e’tibor qaratilgani, xususan, «Shaharlararo kommutatsiya markazlarini yangi avlod tarmoq texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish va kengaytirish» (NGN), «FTTx texnologiyasi bo‘yicha keng qamrovli formatda foydalanish imkonini beradigan optik tarmoqlarni rivojlantirish», «O‘zbekiston Respublikasi mintaqalarida EVDO texnologiyalarini joriy etish orqali CDMA-450 mobil tarmog‘ini rivojlantirish» kabi va boshqa yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hukumat e’tibori markazida bo‘lganini ta’kidladi.

Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, ushbu loyihalarning samarali nihoyasiga yetkazilishi dunyoning zamonaviy aloqa va axborot vositalari yuqori darajada rivojlangan mamlakatlari qatoriga qo‘shilish, ishbilarmonlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

I. Karimov AKT sohasida amalga oshirilgan ishlar xususida to‘xtalar ekan, mamlakatimiz aholisining 45 foizdan ziyodini raqamli televideniye bilan qamrab olishni ko‘zda tutadigan 5 ta raqamli televizion uzatgichni Jizzax, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida o‘rnatish ishlari amalga oshirilayotgani, mamlakatda ma’lumot uzatish, statistika, moliya va soliq hisobotlarining elektron shakli va tarmoqlari hayotimizga izchil va tizimli asosda joriy etilayotgani, bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarining 89 foizdan ortig‘i soliq hisobotlarini, qariyb 86 foizi statistik hisobotlarni elektron shaklda topshirayotganini aytdi.

“2011 yilda birjada savdo ishtirokchilarining yuqori darajadagi raqobatini va teng ishtirokini ta’minlaydigan, elektron savdo shaklida amalga oshiriladigan zamonaviy davlat xaridlari tizimi joriy etilgani har tomonlama e’tiborga va qo‘llab-quvvatlashga loyiqdir.

2013 yilda elektron savdolardagi davlat xaridlari hajmi 417 milliard so‘mni tashkil etdi va savdo yakunlari bo‘yicha 83 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari tejab qolindi. Bunda davlat xaridlari doirasida sotuvga qo‘yilgan tovar va xizmatlarning 83 foizdan ziyodi kichik biznes sub’ektlari tomonidan amalga oshirilganini alohida qayd etish kerak,” deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov.

Shuningdek, Davlat rahbari tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni, bankdagi hisob raqamlari va plastik kartochkalardan foydalangan holda, Internet tarmog‘i va mobil telefon orqali, aholidan qo‘shimcha vositachilik haqini olmasdan amalga oshirish tizimi joriy etilgani, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni joriy etish muhim ahamiyatga egaligini, hozirgi paytda mamlakatimizda 10 milliondan ziyod plastik kartochka muomalaga chiqarilgani, ularning qariyb 2 million 500 mingtasi onlayn kartochkalar ekani, bugungi kunda telekommunikatsiya va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni Internet orqali to‘lash mumkinligi, eng qisqa muddatlarda bu boradagi g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish kerakligini aytdi.

Davlat rahbari elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar xususida to‘xtalib, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi boshqa manfaatdor tuzilmalarga birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga elektron tijoratni kengaytirishga doir takliflarni kiritish va 2004 yilda qabul qilingan va bugungi kun talablariga javob bermay qolgan «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

I. Karimov ayni vaqtda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish bo‘yicha erishilgan natijalar tizimidagi dastlabki qadamlar ekanini, kelgusi yillarda amalga oshirish zarur bo‘lgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni, bu ishlarni izchil davom ettirish lozimligini alohida qayd etdi.

Manba

Orphus system