Davlat organlarida AKT joriy etilishini baholashning yangi tizimi tasdiqlandi
13.01.2014
Rukn: Sharh va fikr-mulohazalar.
Muallif: .

2013 yilning 31 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari holatini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi № 355-son Qarori imzolandi. Mazkur Qarorga assoan, davlat organlarida AKTni joriy etish samaradorligini reytingli baholash mezonlari, reytingli baholash tizmini yurgizish sxemalari, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari rasmiy veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar belgilab olingan.

Mazkur AKTni baholash reytingi davlat idoralari veb-saytlariga aholiga interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish, muassasaning axborot tizimlari va resurslari, idorada axborot xavfsizligini ta’minlash yuzasidan bir qator yangi, qat’iy talablarni qo‘yadi.

Xususan, internet tarmog‘ida rasmiy veb-saytning mavjudligi va undan foydalana olish, shuningdek, unda tashkilot faoliyatiga doir statistik va tahliliy ma’lumotlarning yoritilishi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali kelib tushayotgan fuqaro murojaatlariga munosabati mazkur reytingli baholash tizimining muhim mezonlaridan hisoblanadi.

Qarorda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari joriy yilning 1 martiga qadar rasmiy veb-saytlari faoliyatini ushbu – rasmiy veb-saytlariga qo‘yiladigan talablar asosida ishlab chiqishlari ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Qarorda barcha davlat muassasalari zimmasiga rasmiy veb-saytlarining mobil versiyasini ishlab chiqish, unda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, onlayn so‘rovlar, blog hamda forumlar yordamida jamoatchilik fikrini o‘rganishning zamonaviy usullaridan foydalanish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.

Qarorda muayyan davlat muassasalari (mahalliy davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari) uchun veb-saytlari faoliyatini joriy qilishga oid qo‘shimcha talablar ham kiritilgan.

Hukumat tomonidan mazkur Qarorning qabul qilinganligi jamiyatda davlat organlari faoliyati ochiqligi samaradorligini yanada oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, shuningdek, davlat organlari faoliyatida AKT ni joriy qilishni jadallashtirish, mamlakat hayotining barcha jabhalarida axborot texnologiyalaridan foydalanishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Manba

Orphus system
O‘zbеkistonda AKT yangiliklaridan birinchilar qatorida xabardor bo‘lish uchun Telegramda infoCOM.UZ kanaliga obuna bo‘ling
Telegramga qo`shmoq
Odnoklassnikiga yubormoq
VKontakteda bo`lishmoq