Muzey — ma’naviy qadriyatlar maskani

Aziz jurnalxonlar, mamlakatimizda “Obod turmush yili” deb nomlangan 2013-yil boshidan jurnalimizning o‘tgan sonlarida, mamlakatimiz aloqa tarixini o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston “Aloqa tarixi” muzeyi bilan hamkorlikdagi loyihamiz asosida qator maqolalar chop etdik. Ma’lumki, yil yakunidagi sonimizda soha tashkilot va korxonalari rahbarlari bilan yil sarhisobi va kelgusi rejalar borasida suhbatlarni yoritib kelamiz.

Shu bois, an’anamizga amal qilib, aloqa tarixiga oid sahifalarimizning navbatdagisini “Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi” direktori Ravshan Akbarovich Asqarov va “Aloqa tarixi muzeyi” direktori, aloqa tarixiga bag‘ishlangan maqolalar hammuallifi Tohir Nazirovich Nazardjonov bilan suhbatga bag‘ishladik. Quyida mazkur suhbat e’tiboringizga havola etiladi.

— Ravshan Akbarovich, «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» va «Aloqa tarixi muzeyi»ning tashkil etilishi va asosiy vazifalar haqida ma’lumot bersangiz.
— Bu borada so‘z yuritishdan oldin bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan barcha yutuqlar tom ma’noda, xalqimiz erishgan mustaqillik deb atalmish buyuk tarixiy hodisa sababli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishni xohlardim. Istiqlol xalqimizning nafaqat ongu shuuri, turmush tarzini, balki mehnat faoliyatiga, hayotga bo‘lgan munosabatini ham tubdan o‘zgartirdi, istiqlol istiqboli bilan yaratilib berilayotgan imkoniyatlar sababli xalqimiz hayot mazmuni ham o‘zgarib bormoqda. Jamiyatimiz hayotidagi o‘zga-rishlar natijasida erishilgan yutuq va yuksak marralar qatorida aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixida yuz bergan keskin o‘zgarish hamda taraqqiyot odimlari aynan mamlakatimiz istiqloli bilan bog‘liq.

Ma’lumki, mamlakatimizda aloqa va axborotlashtirish sohasining rivoji XX asrning oxirgi o‘n yilligida jadallashdi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) insonlar hayot tarzi va jamiyat rivojiga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri bo‘lib qoldi. Keyingi davrlarda AKT’ning keskin rivojlanishi natijasida jamiyat hayotining barcha sohalarida chuqur o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. AKT faoliyatimiz, muloqot va aloqalarimiz, maishiy-turmushimiz, umuman, hayotimizning barcha tomonlariga kirib bordi. Bugungi kunda AKT’ni jadallik bilan amaliyotga joriy etish va takomillashtirishning ulkan afzalliklarini anglab yetdik. AKT rivojlanishi bilan jamiyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichlaridan biriga aylandi.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq AKT’ni rivojlantirish va joriy etishga katta e’tibor qaratildi hamda qator davlat dasturlari ishlab chiqildi, ularda belgilangan vazifalar o‘z vaqtida amalga oshirilib kelinmoqda. Jamiyatni axborotlashtirish masalalari, barcha sohalarida zamonaviy AKT hamda telekommunikatsiya vositalarini joriy etish hamda fuqarolarning axborotga ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirish, jahon axborot-resurslaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish aloqa va axborot-kommunikatsiya sohasini rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilangan.

Bu borada qabul qilingan 2002–2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi muvaffaqiyat bilan amalga oshirilganligini ta’kidlab o‘tish zarur. Bizning «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi»miz va uning faoliyati natijasida tashkil etilgan «Aloqa tarixi muzeyi» ham hammamiz uchun muqaddas va aziz hisoblangan mamlakatimiz istiqloli mevasidir.

muz_30_11_2013

«Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» 2008-yil 27-martda 669-sonli Davlat raqami bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tib, tashkil etilgan. Fond soha korxonalari hamda mobil aloqa kompaniyalari tomonidan ko‘rsatiladigan homiylik yordami hisobidan faoliyat yuritadi. «Aloqa tarixi muzeyi»ning tashkil etilishi hamda rivojlanishi esa bevosita jamoat fondi faoliyati bilan bog‘liq.

O‘tgan asrning 70–80-yillarida dunyoga kelgan, 90-yillaridan axborot texnologiyalari(AT)ning jadal rivojlanishi bilan o‘z faoliyatini boshlagan yosh avlodda mazkur soha hamda AT vositalari tarixiga oid yetarlicha tushunchaga ega bo‘lishlari, dastlabki yillarda AT yutuqlarini hayotga tatbiq etish hajmini solishtirish imkoniyati mavjud emas. O‘sib kelayotgan avlodga AT sohasidagi bosqichma-bosqich rivojlanishni va uning hayotga joriy etilishini, ayniqsa, pochta aloqasi va telekommunikatsiya sohasidagi yangi texnologiyalarning joriy etilishi natijasidagi o‘zgarishlarni namoyish etish maqsadida, Toshkent shahrida «Aloqa tarixi muzeyi» tashkil etildi va juda qisqa vaqt, ya’ni 2008–2009 yillarda muzey zamonaviy binosining loyihasi chizilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bino shahar markazida qad ko‘tardi. Muzey binosi uch qavatdan iborat, umumiy maydoni 2654,1 kv.m. Xususan, ekspozitsiya-ko‘rgazma zallarining umumiy maydoni 1465,7 kv.m.dan iborat bo‘lib, dastlabki qavatlarida ekspozitsiyalar joylashtirildi, asosiy ko‘rgazma zali esa ikkinchi qavatdan joy oldi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, muzey ekspozitsiyalari bevosita Respublikaning turli soha korxonalari, vakillari va aholi yordamida jamlandi. Muzey konsepsiyasini yaratishda Respublikaning yetakchi muzeylari va chet el muzeylari tajribasidan foydalanildi.

O‘zbekiston aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining tarixi va merosini o‘rganish, uning rivojlanishining tarixiy bosqichlari bo‘yicha targ‘ibot ishlarini muntazam olib borish, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan tegishli hujjatlar, texnika vositalari namunalari, fotolavhalari va boshqa eksponatlarni to‘plash, ularni avaylab-asrash, boyitib borish va namoyish etish maqsadida sohamizning yetakchi milliy operatorlari, korxonalari, jamiyatlari va tashkilotlarining homiyligi asosida «Aloqa tarixi muzeyi» ham ko‘plab ko‘rgazma namunalari bilan jihozlandi, ham mazmunan boyitildi.

muz_30_11_2013_1

Muzeyning rasman tantanali ochilish marosimi 2009-yilning 24-oktabr kuni o‘tkazildi. Muzey ekspozitsiyalari muzeyga tashrif buyurgan dastlabki mehmonlar: soha rahbariyati, korxona va tashkilotlar vakillari hamda taklif etilganlar tomonidan, bir ovozdan yuqori baholandi. «Aloqa va axborotlashtirish sohasi tarixi va merosi jamoat fondi» va «Aloqa tarixi muzeyi» jamoasi hamkorlikda, o‘z oldilariga qo‘yilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun faoliyatlarini mujassam holda yuritadi. Fond va «Aloqa tarixi muzeyi»ning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish sohasining yaratilish tarixi, rivojlanishi va taraqqiyotini nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki butun jahonga targ‘ib etuvchi soha muzeylarini va ularning hududiy filiallarini tashkil etish, qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish, faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish; mamlakatimizda pochta, telefon-telegraf, radio aloqa, radio eshittirish va televideniye xizmatlarining tashkil etilishi hamda rivojlanish bosqichlarini keng ommaga yetkazish; muzeylarda saqlanib kelinayotgan sohaga oid noyob va nodir eksponatlarni avaylab-asrash, o‘rganish, boyitib borish hamda targ‘ib etish, ta’sischilar, Vasiylik kengashi a’zolarining homiyligi ko‘magida saqlanayotgan soha tarixiga oid muzeybop materiallar, hujjatlar, axborotlar, ma’lumotlar, ko‘rgazmalar va eksponatlarni targ‘ib etish maqsadida turli tadbirlar tashkil etishdan iborat. Muzey tashkil etilgan vaqtdan buyon Jamoat fondi muzey uchun har yili yangi ekspozitsiyalarning yaratilishi va namoyishga tayyorlanishida boshchilik qiladi, jumladan, «Musiqa va axborot tashuvchi vositalar» va «Telefonlar», «Pochta va elektraloqa» ekspozitsiyalarining tamoshabinlar e’tiboriga havola qilinishini alohida ko‘rsatish mumkin.

Respublikamizdagi ko‘zga ko‘ringan muzeylari qatorida, «Aloqa tarixi muzeyi» «Ipak yo‘lidagi turizm» 18-Toshkent Xalqaro turistik yarmarkasida o‘z eksponatlari bilan ishtirok etdi. Uch kun davomida o‘tgan yarmarka doirasida O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya, Ispaniya, Rossiya, Tailand, Fransiya, Xitoy, Chexiya, Sloveniya, Shveytsariya, Vyetnam, Turkiya, Turkmaniston, Hindiston kabi ko‘plab mamlakatlardan yetti yuzdan ortiq firma va kompaniya vakillari ishtirok etdi. Ushbu xalqaro turizm yarmarkasida Toshkent shahrining sayyohlik salohiyatini yanada boyitib berishda faol qatnashganligi uchun Jamoat fondiga Toshkent shahar Hokimligi tomonidan samimiy minnatdorchilik bildirildi. «Aloqa tarixi muzeyi» eng yosh muzey bo‘lishiga qaramay, faoliyatiga ijobiy baho berildi. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi qoshidagi Muzeylarni qo‘llab-quvvatlash Respublika «O‘zbekmuzey» jamg‘armasi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi tomonidan tashkil etilgan «Muzey — xalq tarixining ko‘zgusi» Respublika ko‘rik-tanlovi tashkiliy qo‘mitasining qaroriga muvofiq, «Aloqa tarixi muzeyi» O‘zbekistonda muzey ishini rivojlantirishga o‘zining hissasini qo‘shib kelayotganligi uchun «Faxriy yorliq» bilan taqdirlandi.

— Muzey ochilgan kundan buyon o‘tgan yillar mobaynida qancha tamoshabin tashrif buyurdi?
— «Aloqa tarixi muzeyi» O‘zbekistonning nufuzli muzeylari qatoridan munosib o‘rin egallab, ochilishidan to hozirgi kungacha bo‘lgan davr mobaynida 50 mingga yaqin tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatildi, ularning 70 foizdan ortig‘i yosh avlod vakillarini tashkil etdi.

— Muzeyga tashrif buyuruvchilar tarkibini kimlar tashkil etadi?
— Toshkent shahri va viloyatlardagi oliy ta’lim muassasalari, kasb-hunar kollejlaridan talabalar, maktab o‘quvchilari, soha mutaxassislari va xorijlik mehmonlar shular jumlasidan. Muzeyga turli yoshdagilar: o‘quv-chilardan tortib, talaba-yoshlar, soha mutaxassislari va umuman aloqa sohasining tarixiga qiziqqanlar tashrif buyurishlari bizni quvontiradi.

— Muzey eskponatlari orasida alohida e’tiborga sazovorlari haqida to‘xtalsangiz.
— Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar soni 7100 donani tashkil etadi. Albatta, ularning hammasi ham alohida e’tiborga molik. Biroq ayrimlari borasida o‘z fikrimni bayon qilishim mumkin. Masalan, muzeyda mashhur telefon ixtirochisi A. Bellning, qadimiy telefon apparatlarining fotosuratlari, turli rusumdagi televizor, radiopriyomniklar va XX asrning ikkinchi yarimida foydalanilgan telefon apparatlari va boshqalar joy olgan. O‘tgan asr 30-yillaridan boshlab to 90-yillarigacha foydalanilgan o‘lchov texnikasi uskunalaridan namunalar joylashtirilgan. 1950-yildan to hozirgi kunimizgacha foydalanilayotgan taksofonlarning turli modifikatsiyalari (namunalari) o‘rnatilgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, taksofonlar ishchi holatda. Ekspozitsiyadan shaharlar va shaharlararo aloqa liniyalarini qurishda, shuningdek, radiolashtirishda ishlatilgan kabel namunalari stendi alohida o‘rin egallagan. Muzey mutaxassislari tomonidan yasalgan XX asrning boshlariga oid qadimiy devor telefon apparati maketi soz holatda joylashtirilgan. Muzeyning birinchi qavatida joylashgan zalda bir noyob eksponat — 50 raqamga mo‘ljallangan dekadno-qadamli avtomatik telefon stansiyasi (ATS) qo‘yilgan. Mazkur ATS «O‘zbektelekom» AK’ning «Farg‘ona telekom» filiali tomonidan muzeyga taqdim etilgan va laboratoriya mutaxassislari tomonlaridan montaj ishlari amalga oshirilgan. Muzeyga tashrif buyurganlar ATS ishlash tamoyili bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

— Tohir Nazirovich, ma’lumki, muzey binosi nafaqat eksponatlarni namoyish etish, balki turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun ham juda qulay holda bunyod etilgan. O‘tgan yillar mobaynida qanday tadbirlar o‘tkazildi va ular orasida dolzarb masalalarga bag‘ishlangan qaysi tadbirlarni alohida ko‘rsata olasiz?
— Ha, albatta, muzeyda soha faoliyatiga doir 50dan ortiq yirik tadbir, matbuot-anjumanlari, taqdimot va boshqa turli yig‘ilishlar Jamoat fondi hamda Muzey rahbariyati va mutaxassislari tomonidan olib borilgan tayyorgarlik ishlari natijasida yuqori saviyada o‘tkazildi. Jumladan: an’anaviy «BEST SOFT UZBEKISTAN» Milliy forumining ochilishiga bag‘ishlangan anjumanlar; Toshkent shahrida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «AKT Haftaligi»; Muzey ishlari bo‘yicha seminarlar va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, o‘tkazilgan tadbirlarning aksariyati Respublikada kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommunikatsiya aloqa vositalari hamda Internet tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha sohaga doir asosiy voqealarga bag‘ishlanadi.

Ma’lumki, aloqa sohasi tizimida akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti faoliyat yuritadi. Mazkur ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchi va talabalarga soha tarixiga oid bilimlarini yanada kengaytirish va mukammallashtirishda muzeyimiz ekspozitsiyalari keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu boradagi ishlarni rivojlantirish maqsadida tizimdagi barcha ta’lim muassasalariga yangi qabul qilingan o‘quvchi-talabalarning muzeyga tashriflariga katta e’tibor qaratilmoqda.

Yuqorida ko‘rsatilganidek, muzeyga tashrif buyuruvchilarning 70 foizini yoshlar tashkil etganligi sababli ham asosiy vazifamiz yoshlarni milliy g‘oya ruhida tarbiyalash, mustaqil fikr yuritish, moddiy-madaniy merosni asrash tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan. O‘tkazilayotgan tematik ekspozitsiya, ko‘rgazma va tadbirlar yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasida muhim o‘rin egallaydi.

Ta’lim muassasalari bilan kelishilgan holda tashrif buyurish hamda o‘quv seminarlar o‘tkazish yillik reja-jadvallari tuzilib, ularni o‘tkazishga tegishli sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, tasdiqlangan reja-jadval asosida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o‘qituvchilari boshchiligida talabalar uchun turli mavzularda seminar-o‘qishlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Yoshlarni yanada qiziqtirib, muzeyga jalb qilish borasida faoliyatimizda muzey pedagogikasi elementarini qo‘llash ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, muzey ekspozitsiyalarining mazmun-mohiyatini tashrif buyurgan: o‘quvchilar, talabalar, katta yoshdagilar, mutaxassislar, mamlakatimiz mehmonlari bo‘lgan sayyohlar, yolg‘iz va jamoa bo‘lib kelgan guruhlarning qiziqishi, dunyoqarashlarini inobatga olib, moslashtirilgan holda yetkazib berish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yana bir yo‘nalish: — maktab va muzey hamkorligini amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. O‘quvchilar ekskursiyadan so‘ng muzey konferens-zaliga taklif etilib, u yerda turli viktorina, savol-javoblar o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, ularga ekskursiyada berilgan qiziqarli ma’lumotlar bo‘yicha har xil rangli rasmlar bilan boyitilib, pedagogik metodlar asosida ishlab chiqilgan varaqchalar tarqatiladi. Varaqchalarni shakllantirishda «aqliy hujum», «krossvord», «mantiqiy boshqotirma», «yopiq test», «ochiq test» va boshqa usullar keng qo‘llanilmoqda. Bunday usullarni muzeydagi ta’limiy mashg‘ulotlarda qo‘llash, tamoshabinda ekpozitsiya bilan tanishish jarayonidagi sust kayfiyatni bartaraf etishga, predmetga bo‘lgan munosabatni shakllantirishga, ko‘rish va kuzatish, eslab qolish, o‘z fikrini bildirish qobiliyatini shakllantirishga, muzeyda olingan bilimlarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Mazkur usullarimiz muzey tashrifchisining shunchaki tamoshabin emas, balki o‘tkaziladigan qiziqarli tadbirlarimizning faol ishtirokchiga aylanishiga qaratilgan. Maqsadimiz o‘sib kelayotgan barkamol, ijodkor shaxsni shakllantirishda oz bo‘lsa ham o‘z hissamizni qo‘shishdan iboratdir. Axir muzeylarni — ma’naviy qadriyatlar maskani deb bejiz aytmaydilar.

— Muzeyning elektron saytida yoritiladigan axborotlar mazmuni, yangilanib borishi borasida to‘xtalsangiz.
— Albatta, «Aloqa tarixi muzeyi» o‘z faoliyatini boshlashi bilan elektron sayti ham ishga tushirilgan. Unda «Aloqa tarixi muzeyi» to‘g‘risidagi ma’lumotlar, muzeyda o‘tkazilgan tadbirlar, o‘quv-seminarlar, turli yo‘na-lishlardagi yig‘ilishlar to‘g‘risidagi yangiliklar ham saytga muntazam joylashtirilib borilmoqda. Bundan tashqari, elektron saytimizda muzey faoliyati bilan tanishish imkoniyati ham mavjud. Tamoshabinlarning muzeyga qiziqishlarini yanada orttirish maqsadida faoliyatimizda yangi yo‘nalishlar qo‘llanilmoqda, jumladan, AKT’dan foydalangan holda muzey bo‘ylab virtual tur muzey sayti (www.aloqamuzeyi.uz)da joylashtirilgan. Bu xizmat turimiz olis hududlarda yashaydigan, bevosita o‘zlari kelib tamosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaganlar uchun qiziqarli va qulaydir.

Sayt sahifalari muntazam yangilanib boriladi va sohaga oid axborotlar joylashtiriladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 12-apreldagi 68-sonli qarori bilan tasdiqlangan bir qator normativ hujjatlarga muvofiq Muzeyda saqlanayotgan ashyolar va kolleksiyalarni ro‘yxatga olish ishlari olib borilmoqda. Bu borada 2011-yil 15-dekabrda bo‘lib o‘tgan Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengash majlisining bayonida qayd etilgan qaroriga muvofiq Respublikamiz barcha muzeylarida mavjud ashyolarini hisobga olish va boshqarishni amalga oshiruvchi «SKM — MUZEY» avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich amalga joriy etilib, muzeyga kelib tushgan eksponatlarning to‘liq elektron bazasi yaratilmoqda, eksponatlar bo‘yicha yig‘ilgan tegishli ma’lumotlar, fotosurati elektron bazaga kiritiladi. Muzeyning inventar kitobi elektron tarzda yaratilib boriladi.

— Кelgusidagi rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Rejalarimiz doirasi juda keng. Belgilangan barcha rejalarimiz oldimizga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Barcha harakatlarimiz muzeydagi tarixiy manbalar mazmunini boyitish, ularning tarbiyaviy, ma’naviy ta’sirini oshirishga yo‘naltirilgan. Kelgusi yilda ham qiziqarli eksponatlarimiz bilan tashrif buyuruvchilar e’tiborini yanada oshirishga erishamiz degan umiddamiz.

— Jurnalxonlarga yangi yil tilaklaringiz.
— Fursatdan foydalanib, barchaga aloqa sohasi tadqim etayotgan imkoniyatlar xotiralarida faqat eng quvonchli voqealarnigina saqlab qolishlariga tilakdoshmiz! Soha tarixini chuqurroq bilishga qiziqqan, kun sayin yanada qulay aloqa imkoniyatlariga ega bo‘lib borayotgan foydalanuvchilarmizni muzeyimizga tashrif buyurishga taklif etamiz. Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin!

— Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodning yetuk shaxs bo‘lib yetishishida hissamizni qo‘shayot-ganimizdan faxrlanamiz. Barcha jurnalxonlarga yurtimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirayotgan ezgu-maqsadlarida katta muvaffaqiyatlar tilaymiz. Yurtimizda «Sog‘lom bola yili» — deb nom olgan Yangi 2014-yil barchamizga muborak bo‘lsin!

— Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat.

Suhbatdosh: Marufa Azizova

Orphus system