Аloqa sohasining eng tezkor va qulay xizmat turi

aloq_18_12_2013

Hayot va faoliyatimiz, ayniqsa, o‘zaro muloqot va aloqa o‘rnatishda yanada yaxshiroq imkoniyatlar taqdim etilayotgan ajoyib davrda yashayotgan ekanmiz, ba’zan biroz fursatga bo‘lsada, mazkur imkoniyatlarsiz qolishni tasavvur ham qila olmaymiz. Jahonda aloqa vositalari taraqqiy etib borishi bilan asrimiz mo‘jizasi — kompyuter va axborot texnologiyalari, shular bilan bir qatorda, Internet ham paydo bo‘ldi.

aloq_18_12_2013_1

Internet — bu yagona standart asosida faoliyat ko‘rsatuvchi jahon global kompyuter tarmog‘idir. Uning nomi ikki xil talqin etiladi, ya’ni International Network — xalqaro tarmoq va Interconnected networks «tarmoqlararo» degan ma’noni anglatadi. U mahalliy (lokal) kompyuter tarmoqlarini birlashtiruvchi axborot tizimi bo‘lib, o‘zining alohida axborot maydoniga ega, virtual to‘plamdan tashkil topadi. Internet tarmog‘i, unga ulangan barcha kompyu-terlarning o‘zaro ma’lumotlar almashish imkoniyatini yaratib beradi. Internet tarmog‘ining har bir mijozi o‘zining shaxsiy kompyuteri orqali dunyoning istalgan burchagiga axborot uzatishi mumkin. Internet tarmog‘ining asosiy qismlari — bu shaxsiy kompyuterlar va ularni o‘zaro bog‘lovchi lokal tarmoqlardir. Internet tarmog‘i — bu global tarmoq vakili hisoblanadi.

aloq_18_12_2013_2

Davr talabi bilan insoniyat faoliyatining barcha sohalarida yangi axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish zaruriyati dolzarblashmoqda. Uning ta’sirida ishlab chaqarish jadal o‘sib, katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Yangi axborot va kompyuterlashtirish texnologiyalarining joriy etilishi jarayoni butun jahon axborot tarmog‘i — Internetning taraqqiy etishiga asos bo‘ldi. Ma’lumki, jahon bo‘ylab jamlanib borayotgan axborotlardan foydalanishda aynan zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari hamda Internetning tashkil etili-shi muhim ahamiyatga molikdir. «Aloqa tarixi muzeyi» bilan hamkorlikda chop etilayotgan navbatdagi maqolamiz aynan Internetning yaratilish tarixiga bag‘ishlanadi. Mazkur sohaga oid tarixiy ma’lumotlarni bayon etishda Internet manbalaridan ham foydalandik.

Kompyuterlarni tarmoqqa ulash g‘oyasi dastlab, o‘tgan asr 60-yillarining boshlarida paydo bo‘la boshladi. 1965-yilda Lourens Roberts va Tomas Merrvill Kaliforniya va Massachusets shtatlarida joylashgan ikki kompyuterni bir-biriga ulashga muyassar bo‘lganlar. O‘tgan asr 80-yillarida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish maqsadida Internet — ARPANET nomli eksperimental tarmog‘i yaratildi. ARPANET modelida kompyuter — manba va kompyuter — qabul qilish uskunasi (priyomnik) o‘rtasida aloqa o‘rnatilgan. Dastlab ARPANET tarmog‘i 4ta kompyuterdan iborat bo‘lgan va bor-yo‘g‘i 2 daqiqa davomida axborot almashish imkoniga ega bo‘lgan. Biroq asta-sekin ARPANET’ga ulanuvchi kompyuterlar soni oshib boravergan.

ARPANET yaratilgan vaqtdan taxminan 10 yil o‘tgach lokal hisoblash tarmog‘i (LAN) va boshqalar yaratila boshladi. 1972-yilda Internetning asosiy xizmatlaridan biri elektron pochta paydo bo‘ldi va bu voqea umumjahon aloqa tarmog‘i yaratilishiga turtki bo‘ldi. 1977-yil tarmoq tarixida yana bir muhim voqea sodir bo‘ldi. Ikki talaba tomonidan modem qurilmasi yordamida, telefon orqali bir-biriga ma’lumot jo‘natish tizimi joriy etildi. Avvaliga mazkur axborot tarmog‘i maxfiy hisoblangan. Keyinchalik modem va telefon tarmog‘i orqali axborot almashish imkoniyati yuzaga kelishi bilan turli korxona va tashkilotlar mazkur tarmoqqa ulanib olganlar. Shunday qilib, mazkur tarmoq — Internet tarmog‘iga aylangan.

aloq_18_12_2013_3

Vaqt o‘tib, UNIX operatsion tizimli kompyuterli ishchi stansiyalar vujudga keldi. Bu operatsion tizim tarmoqda Internet (IP) protokoli bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, yangi vazifalarni hal etish usullari yaratilishi bilan tashkilotlarda o‘z lokal tarmoqlarining ARPANET’ga ulanishiga ehtiyoj kuchaya bordi. O‘tgan asr 80-yillarining oxirida Milliy Ilmiy fond tashkil etildi va ARPANET’ning IP-texnologiyasiga asoslangan xususiy tarmog‘ini yaratdi. Markazlar o‘tkazish qobiliyati 7 kb/s bo‘lgan maxsus telefon liniyalari orqali ulanadi. Biroq barcha foydalanuvchilarni markaz bilan bevosita ulash imkoni yo‘q edi. Bu muammoni hal etish uchun mintaqa belgilari bo‘yicha tarmoqlar tashkil etish kerak edi. 1987-yilda eskirgan tarmoq o‘zidan taxminan 20 marta tez ishlaydigan telefon liniyalari bilan almashtirildi va tarmoq boshqaruv mashinalari o‘rnatildi.

Tarmoqlarni yangilash jarayoni jadal olib borildi va o‘tgan asr 90-yillarida Internet tarmog‘i yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘ldi va yuzlab tarmoqlar birlashtirildi. Internetning rivojlanish sur’ati juda ham jadallashib, hech kim boshqara olmay qoldi. Shu bilan birga, axborot texnologiyasining rivojlanishi bilan tasviriy va tovushli axborotlarni olis masofalardan qisqa vaqtda uzatish imkoniyati yaratildi hamda World Wide Web deb nomlandi. World Wide Web (qisqacha Web yoki WWW) Internetning bir qismi bo‘lib, xalqaro o‘rgimchak to‘ri ma’nosini anglatadi. Multimedia (multimedia — rasm va matnli axborotni tovushli va harakatdagi shakllardan iborat axborot bilan birlashtirish texnologiyasi) imkoniyatlariga ega bo‘lgani uchun ham juda tez foydalanuvchilar e’tiboriga tushdi. Hozirgi kunda World Wide Web Internetning eng tez rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Bu texnologiya rang-barang web sahifalarni yaratishga yo‘l ochib, Internetda boshqa sahifalar bilan bog‘lashga imkoniyat yaratdi.

aloq_18_12_2013_4

1995-yilda Internetni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Milliy fan jamg‘armasi moliyaviy sarfi to‘xtatildi va bundan keyin Internet mustaqil bo‘lib, hech kimga qaram bo‘lmay qoldi. Internet o‘z-o‘zini shakllantiruvchi va boshqaruvchi murakkab tizim bo‘lib, asosan uchta tarkibiy qism: texnik, dasturiy, axborotdan tashkil etiladi.

Mamlakatimizda Internetga ulanish o‘tgan asr so‘nggi 10 yilligining 2-yarmidan boshlandi. 1992-yil O‘zbekistonda «Computer communication Compani» kompaniyasi birinchilardan bo‘lib, elektron pochta xizmatlarini taqdim eta boshladi. Milliy UZ domeni 1995-yil 29-aprelda tashkil etildi. 2002-yil dekabr oyidan bugungi kungacha milliy domenini boshqarish huquqi «UZINFOCOM» kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markaziga berildi, ushbu markaz milliy UZ domenining ma’muri hisoblanadi.

aloq_18_12_2013_5

O‘zbekistonda mobil Internet aloqasi jahon taraqqiyotiga asosan asta-sekin ommalashib bormoqda va ayrim hollarda, ushbu global tarmoq simli aloqa tarmoqlarining muqobiliga aylanmoqda. Bugungi kunda mobil Internet xizmatlari barcha mobil aloqa operatorlari tomonidan taqdim etilmoqda.

Axborot texnologiyalari va Internetni rivojlantirish hamda amaliyotga joriy etish sohasida mamlakatimizda ko‘plab muhim davlat hujjatlari qabul qilindi. Mamlakatimizda milliy Internet-segmentini rivojlantirish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2002-yil 6-iyundagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan «2002–2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturi»ga muvofiq amalga oshirilmoqda. Respublika telekommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish natijasida mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari uchun Internet xizmatlaridan foydalanish borgan-sari oson bo‘lib bormoqda. Axborot texnologiyalari va Internetni rivojlantirish, takomillashtirish hamda milliy axborot tizimlarini tashkil etish ishlari davom etmoqda. Milliy ma’lumotlarni uzatish tarmog‘i rivojlanmoqda, umumiy foydalanish telefon tarmog‘ini rekonstruksiya va moder-nizatsiyalash amalga oshirildi, milliy axborot-resurslari shakllantirildi va takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, korporativ tarmoq keng quloch yoymoqda, Internet va telekommunikatsiya xizmatlari ro‘yxati kengaymoqda. Milliy axborot tarmoqlarining rivojlanishi va tashkil etilishi Internet tarmog‘i milliy segmentining rivojlanishida katta ahamiyat kasb etmoqda.

aloq_18_12_2013_6

Internetning milliy segmenti ilmiy-texnikaviy o‘sishga, iqtisodiyot va respublikaning boshqa faoliyat sohalariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Internet milliy segmentining kelgusida rivojlanish yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda. Global Internet axborot tarmog‘i rivojlanib borishi bilan: jahon xalqlari tillaridagi bitmas-tuganmas axborotlar manbai, global kutubxonalar, fan yutuqlaridan bahramand bo‘lish, axborotlar almashuvi tarmog‘i (elektron pochta, audio, videokonferensaloqa va boshqa imkoniyatlardan foydalanish, yangi turdagi telefakslar, hujjat almashish va elektron tijoratni tashkil etish muhiti; masofaviy ta’lim va xizmat ko‘rsatish muhitidan foydalanish imkoniyati vujudga keldi. Aloqa tarixida Internet deb nom olgan aqlbovar qilmas global axborot tarmog‘i yaratildi. Internetning paydo bo‘lishi davlat iqtisodiyoti rivojlanishiga katta ta’sir etadi va jahon ahli oldida mamlakatimiz yutuqlarini namoyish etib, hamkorlarni investitsiyaga jalb etishni yangi imkoniyatlarini ochib berdi.

Internet tarmog‘idan foydalanuvchilarni va mutaxassislarni qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish uchun:
• O‘zbekiston Respublikasida Internet tarmog‘i segmentini ta’minlash uchun mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash infrastrukturasini rivojlantirish;
• ilmiy malakani oshirish va texnik mutaxassislarni tayyorlash borasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
• Internet tarmog‘i haqidagi bilimlarni uning imkoniyati va chop etuvchi hamda elektron OAV yordamida ko‘rsa-tilayotgan xizmatlarini tarqatish;
• yangi axborot texnologiyalarini o‘zlashtirgan yangi kadrlarini tayyorlash; davlat tilida o‘quv dasturlarini, qo‘l-lanma, so‘rovnomalarini ishlab chiqish va boshqalardan iborat vazifalarni amalga oshirish zarur. Internet tar-mog‘i respublika telekommunikatsiya muhitini barpo etish hamda mamlakatning axborotlashuvi bilan chambarchas bog‘liqlikda rivojlanadi.

Internetning asosiy xarakterli xususiyatlariga quyidagilar kiradi:

Internet — ixtiyoriy ishtirokchilar tashkilotidir. Internet barcha axborotli kenglikni qamrab olgan bo‘lib, u chegarani ham, vaqt omilini ham hisobga olmaydi, alohida davlatlarni yoki mintaqalarni ham bilmaydi. Internet ochiq axborot tarmog‘i bo‘lib, Internetning asosiy talablarni bajargan va qoidalarga rioya qilgan barcha xohlovchilar ulanishlari mumkin. Tarmoq barcha insonlar uchun birdek kundalik faoliyatlarini va vaqtlarini unumli o‘tkazish vositasiga aylanib ulgurgan. Internet ko‘p tarmoqlarni birlashtirish qobiliyatiga ega bo‘lib, xalqaro hamjamiyatga kirish imkonini beruvchi tarmoqdir. Internet foydalanuvchilarga behisob amaliy axborotlashgan zaxiralarni taqdim etadi. Hududiy taqsimlanish darajasi bo‘yicha global, mintaqaviy va lokal tarmoqlarga bo‘linadi. Axborotlarni bir kommutatsiya bog‘lamasidan boshqasiga yoki aloqa abonentiga uzatish aloqa kanallari orqali amalga oshiriladi. Internet tarmog‘i afzalliklarga ega bo‘lishi bilan bir qator salbiy ta’sir xususiyatlariga ham ega: Internet nazorat etilmaydigan, boshqarilmaydigan tarmoq va shuning uchun u xohlagan axborotlarni tarqatishda foydalanilishi mumkin, telekommunikatsiya obyektlariga, kompyuter tarmoqlariga va axborot resurslarga axborot xavfi mavjud, turli dasturiy viruslarni tarqatuvchi muhitdir. Biroq salbiy oqibatlariga qaramay, undan va joriy etishdan voz kechib bo‘lmaydi. Shu sababli ham mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

aloq_18_12_2013_7

Respublikamizda AKT’ni rivojlantirishga bo‘lgan katta e’tibor tufayli Internet tarmog‘ida milliy resurslar soni yildan-yilga ortmoqda. Hozirgi kunda respublikada UZ domeni zonasida ikkinchi darajali domen nomlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha ko‘plab registratorlar faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekiston Respublikasida resurslardan unumli foydalanish uchun davlat, idora muassasalari va nodavlat telekommunikatsiya tarmoqlarining rivojlanish dasturini muvofiqlashtirish, foydali axborotli resurslarini barpo etish; davlatning turli soha faoliyatini, jamiyat, hokimiyat organlari va ularga Internet tarmog‘i bo‘yicha muloqotni amalga oshirishda axborotli resurslarni integratsiyalash, Internet tarmog‘ida xizmatlarni tartibga solish mexanizmini mukammallashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa vazifalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda birinchi darajali Internet tarmog‘ining yagona milliy provayderi «O‘zbektelekom» AK hisoblanadi. Kompaniya mamlakatimizdagi boshqa barcha provayderlarga global tarmoqdan Xalqaro paketli kommutatsiya markazi orqali foydalanish imkonini yaratadi. «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi — o‘z tarmog‘i bilan butun respublikamiz hududini qamrab olgan O‘zbekiston Respublikasida eng yirik telekommunikatsiyalar operatoridir. Kompaniya zamonaviy texnologiyalar asosida qurilgan o‘z telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalanib, telekommunikatsiya xizmatlari keng turlarini taqdim etadi.

Shu bilan birga, «O‘zbektelekom» AK barcha iste’molchilarga butun respublika hududlarida shaharlararo, xalqaro aloqa xizmatlarini taqdim etish kompaniya faoliyatining asosi hisoblanadi. An’anaviy ovozli aloqa va internet tarmog‘iga ulanish xizmatlari bilan bir vaqtda, kompaniya simli va simsiz texnologiyalar bo‘yicha ma’lumotlar uzatish zamonaviy xizmatlarini taqdim etadi. Bugungi kun holatiga muvofiq, Xalqaro paketli kommutatsiya markazi sig‘imi bir necha barobarga oshirildi, shu bilan birga, provayderlar uchun internet tarmog‘idan foydalanish tariflari pasaytiririldi.
Internet zamonaviy biznesning eng muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Internet o‘zaro aloqa bog‘lash yoki ma’lumotlar almashish tarmog‘i bo‘libgina qolmay, unda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bazasi majmui jahon axborotlar bazasini tashkil etadi. Internet o‘zi haqidagi ma’lumotlarni ham o‘zida saqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Internetdan foydalanishda kompyuter tarmog‘i (lokal, mintaqaviy, global) muhim rol o‘ynaydi, u foydalanuvchilarga dastur va axborot zaxiralaridan foydalangan holda oddiy, ishonchli va qulay ishlash imkoniyatini yaratadi, ayniqsa, lokal hisoblash tarmog‘ining afzalliklari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Internetga jahon bo‘ylab barcha xohlagan manzili va vaqtida ulana oladi. Hozirgi vaqtda dunyo bo‘yicha Internetdan foydalanuvchilar soni kun sayin millionlab ko‘payib bormoqda. Jahondagi kundalik hayotni Internetsiz tasavvur ham etib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimiz aloqa sohasida muhim o‘rin tutishiga barchamiz guvoh bo‘lmoqdamiz.

Мaqolani tayyorlashda Internet manbalaridan foydalanildi. Material «Aloqa tarixi muzeyi» va infoCOM.UZ jurnali hamkorligidagi loyiha asosida yaratildi.

Orphus system