Elektron raqamli imzodan foydalangan holda statistik hisobotlarni takomillashtirish masalalari, interfaol xizmatlarni joriy etishdagi ustuvor yo‘nalishlar

2013 yil 2 dekabr kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan “Elektron raqamli imzodan foydalangan holda statistik hisobotlarni takomillashtirish masalalari, interfaol xizmatlarni joriy etishdagi ustuvor yo‘nalishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda milliy iqtisodiyotning barcha sohalarida, ayniqsa, davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda respublikada davlat organlarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash, lokal va korporativ tarmoqlarni shakllantirish, axborot resurslari va tizimlarini yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatda kuzatilayotgan kompyuterlashtirish va axborotlashtirish jarayonlari davlat idoralarini ham chetlab o‘tmadi.

Xususan, tadbirkorlik sub’ektlarining og‘irini yengil qilish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi BMT Taraqqiyot Dasturi “O‘zbekiston Biznes Forumi” loyihasi bilan hamkorlikda www.businessinfo.uz ma’lumot portalini yaratdi.

el_4_12_2013

Mazkur portal tadbirkorlarning savollariga turli manbalardan javob qidirishlariga ketadigan vaqtlarini tejagan holda, barcha ma’lumotlarni bir joydan, ya’ni internet yoki (internet bo‘lmasa) Respublikamiz viloyatlarida joylashgan infokioskalar orqali olishlarni ta‘minlaydi. Endilikda yanada qulaylik yaratish maqsadida portalning mobil versiyasi xam yaratildi.

Portalda interaktiv xizmatlar ko‘p bo‘lib, unda davlat ro‘yxatidan o‘tish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-qoidalari, moliyaviy tashkilotlar xizmatlari, uskuna va minitexnologiyalar, eksport — import operatsiyalari to‘g‘risida va boshqa bir qator kerakli ma’lumotlar mavjud.

Mazkur portalning boshqa saytlardan farqli tomoni shundaki, unda ruxsatnomalar va litsenziya berish tartibi bosqichma-bosqich ko‘rsatilgan. Ya’ni, birinchi bosqichda litsenziya olish uchun murojaat qilinishi lozim bo‘lgan organ nomi, kerakli bo‘lgan xujjatlar ro‘yxati, ikkinchi bosqichda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani ko‘rib chiqish muddatlari va tartiblari, uchinchi bosqichda litsenziyani berish yoki berishni rad etish tartiblari batafsil yoritilgan bo‘lib, bular yordamida tadbirkor o‘ziga kerakli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni turli idoralarga murojaat qilmasdan olishi mumkin.

Portalning o‘ziga xos jixatlaridan yana biri shuki, portalda nafaqat ma’lumotlar, balki, ularning ko‘rgazmalari xam ilova etilgan. Masalan, litsenziya olish to‘g‘risidagi arizaning shakli va mazmuni qanday ko‘rinishda bo‘lishi to‘g‘risida kengroq tushuncha berish maqsadida arizaning namunaviy shakli ilova qilingan. Bu esa, portaldan ma’lumot olish bilan bir qatorda shu ma’lumot asli qanday ko‘rinishda bo‘lishi to‘g‘risida xam tushuncha beradi.

Ma’lumki, soliq turlari va ularni to‘lash tartibi bilan nafaqat yangi ish boshlagan tadbirkorlar, balki turli sohalarda faoliyat olib borayotgan shaxslar xam to‘liq ma‘lumotga ega emas.

Shu bois portalda soliq va soliq imtiyozlari to‘g‘risida alohida bo‘limlar kiritilgan bo‘lib, undan foydalanuvchilar aktsiz solig‘i, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq, yer solig‘i, qo‘shimcha qiymat solig‘i, mulk solig‘i, yo‘l fondiga ajratmalar, yagona soliq to‘lovi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lishlari mumkin. Soliqlarni qaysi turdagi korxonalar to‘laydi, to‘lov tartibi va muddatlari, soliq bo‘yicha hisobot topshirish muddatlari, soliqni hisoblash tartibi, mazkur soliq to‘lovidan kimlar ozod qilingan va hokazolar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan bo‘lib, tadbirkor har bir soliq to‘lovi yuzasidan maslahat olishi mumkin.

Qayd etilgan soliqlarni to‘lash bo‘yicha imtiyozlarga ega soliq to‘lovchilar kategoriyasi va imtiyozning amal qilish muddatlari portalning “Soliq imtiyozlari” bo‘limida ko‘rsatilgan.

Albatta, har bir tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyati davomida duch keladigan yana bir masala bu tekshiruvlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Portalning “Hammasi tekshiruvlar haqida” bo‘limida nazorat qiluvchi organlar ro‘yxati va ular tekshirishi lozim bo‘lgan faoliyat turlari, tekshiruvlarning turlari va muddatlari, tekshiruv davomida xo‘jalik yurituvchi sub‘ektning huquq va majburiyatlari haqida batafsil ma’lumot olish bilan bir qatorda, tekshiruvchi tekshiruv o‘tkazishdan oldin taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlar nusxalari xam ilova qilingan.

Bu tadbirkorlik sub‘ektlarini nafaqat shu hujjat to‘g‘risida ma’lumot olishlarini, balki shu xujjatning namunaviy nusxalari bilan tanishishlarini ta’minlaydi.

Ma’lumki, sifatli uskuna sifatli mahsulotning garovi hisoblanadi. Portalda kichik biznes sub’ektlari tomonidan eng ko‘p talab etiladigan asbob-uskuna va minitexnologiyalarning 600 dan ortiq turlari va ularning texnik jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berilgan bo‘lib, foydalanuvchilar bir maqsadda ishlatiladigan har turdagi uskunalarni narxlarini solishtirib ko‘rish imkoniga egalar. Mazkur bo‘limning afzalligi shundaki, unda nafaqat uskunalar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish, balki xorijdan keltiriladigan uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha mas’ul shaxslar va vakolatxonalar bilan bog‘lanish mumkin.

el_4_12_2013_1

Shuningdek, O‘zSSP tomonidan “SMS-To‘lov” naqd pulsiz to‘lovlarning elektron tizimini ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakatimiz va respublika viloyatlarida biznes muhit uchun qulay sharoitlar yaratish, axborot va aloqa texnologiyalarining keng imkoniyatlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalariga kiritish, shuningdek, xo‘jalik faoliyatini yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida to‘lovlar va o‘zaro hisob-kitob tizimini tezlashtirish hamda samaradorligini oshirishga ko‘mak berishdan iborat.

“SMS-To‘lov” tizimi — bu to‘lov yo‘naltirilgan kompaniya va mijoz o‘rtasida elektron to‘lovni amalga oshiruvchi jarayonli tizim bo‘lib, u to‘lovlar boshqaruvi bo‘yicha avtomatlashtirilgan bank tizimiga aylantirilgandir.

“SMS-To‘lov” tizimiga ulanish uchun mijoz bir marotaba tijorat bankiga tashrif buyurib, u yerda tizimda ro‘yxatga olinishi hamda mijoz depozit hisobi yoki mijozning bank plastik kartochkasidagi depozit hisobiga ulanish lozim bo‘ladi. Bankda mijozning uyali telefoniga mijoz elektron raqamli imzosi kaliti o‘rnatilgan “SMS-To‘lov” dasturi ko‘chiriladi.

Tizim kuyidagi bank xizmatlarini ko‘rsatadi:
INTERNET BANKING
“SMS-TO‘LOV” tizimida ruyhatdan o‘tib, foydaluvchilar o‘zlarining www.smst.uz saytidagi shaxsiy kabinetiga kirib, so‘m plastik kartasidan to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

MOBIL BANKING
Internet tizimi mavjud bo‘lmagan joylarda, to‘lovlarni “SMS-TO‘LOV” dasturining mobil versiyadan mamlga oshirish mumkin.

INFOKIOSK ORKALI TO‘LOVLAR
“SMS-TO‘LOV” tizimida to‘lovlarni Inforkiosklar orkali amalga oshirish imkoni majud

Ushbu tizim foydalanuvchilarida noyob imkoniyatlar paydo bo‘ladi:
• To‘lov shahobchalari va banklarga tashrif etmasdan bir necha soniyada to‘lovlarni amalga oshirish;
• Depozit hisoblarda mavjud pul mablag‘laridan, jumladan depozitlar ham, iloji boricha samarali foydalanish;
• Haftasiga 7 kun, sutkasiga 24 soat davomida kafolatlangan to‘lov o‘tkazilmalari.
• Komunal to‘lovlarni amalga oshirish;
• Soliq to‘lovlarini amalga oshirish.

Yana bir interaktiv xizmatlari biri bu “UZSAT” Uyali telefonlar uchun ilova (Tadbirkor uchun mobil ma’lumotnoma – dastur) “UZSAT” dasturi barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun mo‘ljalangan bo‘lib, uni www.chamber.uz, www.smst.uz saytlaridan bepul yuklab olish mumkin.

“UZSAT” dasturi bu tadbirkolar uchun eng zarur bo‘lgan ma’lumotlar bazasi.

Ushbu dasturda:
1. Kredit olish;
2. Tekshirishlar;
3. Ruyxatdan o‘tish;
4. SMS yordamchi;
5. Yon daftarcha;
va boshka zarur ma’lumotlar mavjud.

el_4_12_2013_2

Hozirgi kunda, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan rasmiy www.stat.uz sayti orqali 6 ta asosiy va 4 ta qo‘shimcha davlat interfaol xizmatlari taqdim etilmoqda:
asosiy xizmatlar:
— O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida axborotlar taqdim etish;
— Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registriga doir axborotlar taqdim etish;
— Davlat statistika hisobotlari blankalari shakllarini taqdim etish;
— Statistik klassifikatorlar bo‘yicha axborotlar taqdim etish;
— Elektron arizalarni qabul qilish va ular bilan ishlash, Internet tarmog‘i orqali ochiq firma nomlarini zahiralash va vaqtincha saqlash;
— Internet tarmog‘i orqali elektron statistika hisobotlarini qabul qilish va ular bilan ishlash, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ularni internet tarmog‘i orqali yuborish xizmatlarini ko‘rsatish.

Qo‘shimcha xizmatlar:
— Statistik ma’lumotlarni ishlab chiqish metodologiyasi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish;
— Dinamik qatorlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish (1991 yildan);
— Demografik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish (1991 yildan);
— Fuqarolarning statistika masalalari bo‘yicha shikoyat, ariza va takliflarini ko‘rib chiqish.

Barcha interfaol xizmatlar orasida elektron shakldagi davlat statistik hisobotlarni qabul qilish va ular bilan ishlash xizmati alohida ajralib turadi.

Iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va respublikada ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 16 iyuldagi “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4453-sonli farmoni qabul qilindi. Jumladan, mazkur hujjatda davlat boshqaruvi organlari oldiga 2014 yil oxirigacha barcha tadbirkorlik sub’ektlarini statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishning elektron tizimiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tkazishni ta’minlash vazifalari qo‘yilgan.

Shu bois, Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan Avtomatlashtirilgan axborot tizimi (AAT) yaratildi, u yuridik shaxslarning elektron shaklda davlat statistika hisobotlarini tayyorlash, to‘ldirish va davlat statistika organlariga taqdim etish bo‘yicha joriy ishlarni bajarishga qaratilgan.

AAT yaratilishi quyidagi vazifalarni hal etishni nazarda tutadi:
telekommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda axborot almashuvi usullarini joriy etish hamda davlat statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etish va to‘plash bo‘yicha taklif etilayotgan texnologiyalarga shu bilan bog‘liq tomonlar almashuvida ishtirok etuvchi mutaxassislarni o‘qitish;
yuridik shaxslar tomonidan elektron ko‘rinishda ushbu shakl bo‘yicha statistika hisobotlarini uyushgan holda taqdim etish;
elektron raqamli imzo (ERI) texnologiyasidan foydalangan holda foydalanuvchilarni identifikatsiyalash va avtorizatsiyalash bo‘yicha zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni qo‘llash.

eStat 2.0. AAT joriy etish natijalari. Elektron shaklda statistika hisobotlarini taqdim etuvchi sub’ektlar ulushi (hisobot davrida) hisobot taqdim etuvchi sub’ektlarning umumiy sonida quyidagilarni tashkil etdi:

2011 yil yakuni bo‘yicha — 4,0 %,
2012 yil yakuni bo‘yicha — 26,5 %,
j.y. I choragi yakuni bo‘yicha – 53,2 %,
j.y. I yarimyillik yakuni bo‘yicha -71,8 %
j.y. III chorak yakuni bo‘yicha – 86% .

AKTni joriy etishning samaradorligi haqida bizning eStat 2.0 elektron shaklda statistika hisobotlarini to‘plashga oid yangilangan Avtomatlashtirilgan axborot tizimimiz “BEST SOFT UZBEKISTAN 2013” dasturiy mahsulotlar tanlovida “Davlat organlarining eng yaxshi loyihasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganidan xulosa qilish mumkin.

Interfaol xizmatlarni rivojlantirish, ulardan saytning har qaysi tashrif buyuruvchisi oson va qulay tarzda foydalanishi davlat statistika organlarini yanada ochiq, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro aloqalari jarayonlari esa yanada shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi.

Orphus system