Dоlzarb mavzuda davra suhbati

stol_4_12_2013

Joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Tadbirkorlik subyektlariga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatilishining holati va istiqbollari: muammolar va yechimlar” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, tegishli vazirliklar va idoralar vakillari, mutaxassislar, ekspertlar, tadbirkorlik subyektlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbatini tashkil etishdan asosiy maqsad – “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish jarayonlarida vujudga kelayotgan muammolarni muhokama etish, interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatish miqyosini kengaytirish va sifatini yaxshilash, “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish, Internet tarmog‘idagi turli yo‘nalishdagi milliy veb-saytlarni tashkil etish, elektron hujjat aylanishini joriy etishni takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda ta’kidlandiki, bu borada mustahkam huquqiy bazaning mavjud ekanligi hamda sohani yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan qator dastur va kompleks chora-tadbirlar qabul qilingani tufayli mamlakatimizda telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyalash amalga oshirilib, zamonaviy axborot infrastrukturasi, shuningdek, ma’lumotlar uzatishning ko‘p sonli lokal va korporativ tarmoqlari yaratildi. Internet tarmog‘ini milliy segmenti shakllantirilib, faol rivojlanmoqda.

stol_4_12_2013_1

Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 98 foizi internet tarmog‘ida o‘z rasmiy veb-saytlariga ega. 195ta davlat axborot resurslari qayd etilgan bo‘lib, 197 turdagi davlat interaktiv xizmatlari taqdim etilmoqda. Yagona himoyalangan elektron pochtasi va elektron hujjat aylanish tizimiga esa, 127ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, 194ta tuman va shahar hokimliklari ulangan. Soliq hisobotlarini elektron shaklda topshirayotgan tadbirkorlik subyektlarining ulushi 89 foizga, statistika hisobotlari bo‘yicha esa – 86 foizga etdi. Davlat interaktiv xizmatlarining Yagona portali orqali 3,5 ming nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari tushgan.

Davra suhbatida, shuningdek, yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali interaktiv xizmatlar ko‘rsatish, “elektron hukumat” tizimining ma’lumotlar bazasi va axborot tizimlari kompleksini yaratish, axborotlashtirish sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari funksiyalari va xizmatlariga oid axborotlardan erkin foydalana olish, interaktiv xizmatlarning integrallashgan yagona nuqtasi orqali so‘rovlarni rasmiylashtirish kabi dolzarb masalalar ham keng muhokama qilindi.

Shu jumladan, kommunal xizmatlarning (gaz, elektr energiyasi, issiq suv, ichimlik suvi elektron hisobini yuritish va on-layn to‘lovlar tizimini, soliq, jarimalar, davlat bojlari va boshqa yig‘imlarning on-layn va mobil to‘lovlarini joriy qilish, davlat organlari axborot tizimlarida milliy dasturiy mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida dasturiy mahsulotlar bozorini yanada rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, so‘zga chiqqanlar statistika va soliq hisobotlarini topshirish, bojxona rasmiylashtiruvi masalalarida tadbirkorlik subyektlariga interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishi amaliyotiga to‘xtalib o‘tdilar. “Yagona oyna” tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik subyektlariga qurilish ishlari uchun ruxsatnomalar berish masalasida «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi hamda “Yagona oyna” tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining ko‘chmas mulkka bo‘lgan egalik huquqlarini ro‘yxatga olish masalasida esa «Ergeodezkadastr» davlat qo‘mitasining axboroti tinglandi.

Davra suhbati ishtirokchilariga davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “2013-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish” kompleks dasturining mazmun va mohiyati, dasturda o‘z aksini topgan vazifalar haqida batafsil axborot berilib o‘tildi. “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi haqida fikr yuritilib, ishtirokchilar tomonidan, ushbu qonun loyihasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish tartibi haqidagi axborotlar ochiq bo‘lishi, xizmatlar turlari, sifati va xizmatlarni baholash mezonlari aniq bo‘lishi lozimligi haqida fikr, taklif va mulohazalar bildirildi. Davra suhbati yakuni bo‘yicha qo‘mitaning tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.

Manba: http://parliament.gov.uz

Orphus system